Shavkat Mirziyoyev 18-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda aholining imtiyozli kredit resurslaridan foydalanishini osonlashtiradigan yangi chora-tadbirlarni ma’lum qildi, deb xabar qildi uning matbuot kotibi Sherzod Asadov.

Tadbirkorlikni rag‘batlantirish maqsadida “Oilaviy tadbirkorlik” dasturi doirasida o‘z mikro-biznesini yo‘lga qo‘ygan va ijobiy kredit tarixiga ega aholiga 50 million so‘mgacha garovsiz kreditlar berish yo‘lga qo‘yiladi (hozirda — 33 mln so‘m).

Faoliyatini kengaytirib, tadbirkor bo‘lish istagidagi aholiga 100 million so‘mgacha garovsiz kredit beriladi, 50 foizi bank kartasiga o‘tkazib beriladi.

Davlat rahbari “biznesga qadam qo‘yayotgan” yakka tartibdagi tadbirkorlarga kredit berish taklifini ham ma’qulladi. O‘zbekistonda shu kungacha 2,4 million kishi yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatga olingan. Imtiyozli kredit yillik 340 ming so‘m ijtimoiy soliq to‘langanidan keyin uning kartasiga o‘tkaziladi.

Avgust oyi boshida prezident “mahalla yettiligi” kafolati ostida oilaviy tadbirkorlik subyektlari uchun garovsiz kreditlar limiti 33 million so‘mdan 100 million so‘mga oshirilishini ma’lum qilgandi. Mablag‘larning bir qismini naqd pul shaklida berish rejalashtirilgan edi, ammo, ko‘rinishidan, bu g‘oyadan voz kechildi.

Shu bilan birga, Shavkat Mirziyoyev Markaziy bankning ikki viloyatdagi bosh boshqarmalari rahbarlarini, shuningdek, ayrim hududlarda muammoli kreditlar ko‘pligi sababli bir qator bank filiallari rahbarlarini ishdan bo‘shatishni tavsiya qilgandi. Shuningdek, u oilaviy tadbirkorlik krediti hisobidan texnika va mahsulotlar xarid qilish tartibini tanqid qilgan.

Noyabr oyida O‘zbekistonda yakka tartibdagi tadbirkorlar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlari ro‘yxati kengaytirilgan. Milliy taqinchoqlar, atlas va adras ishlab chiqarish, qo‘ziqorinlarni yig‘ish, uyda yetishtirish va sotish va boshqalar shular jumlasidan.

“Gazeta.uz” O‘zbekistonda yakka tartibdagi tadbirkor maqomi nimani anglatishini, uni qanday olish va qanday imtiyozlar berishi haqida ma’lumot bergan.