Shavkat Mirziyoyev 18-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda 2024-yilda temiryo‘l va aviatashuv hajmini 20 foizga oshirish bo‘yicha topshiriq berdi.

Ma’lum qilinishicha, mamlakatda transport xizmatlarining yarmi avtotransportga to‘g‘ri keladi. 2023-yilda 1500 ga yaqin avtobus olib kelingan bo‘lsa-da, o‘sish 5,5 foizdan oshmagan.

Prezident Transport vazirligiga yana kamida 1200 ta avtobus sotib olib, yo‘nalishlarga chiqarish, shuningdek, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistonga avtobus qatnovlarini 2 barobarga oshirish bo‘yicha topshiriq berdi.

Yig‘ilishda aviaxizmatlar bozorida ham raqobat paydo bo‘lgani, 6 ta xususiy kompaniya ish boshlagani qayd etildi. Yil boshidan buyon 25 ta yangi samolyot olib kelindi, 17 ta yo‘nalish ochildi.

Shunga qaramasdan, sohadagi xizmatlar hajmi 7,7 foiz o‘sgan. Transport vazirligiga kelasi yilda aviatashuvlar hajmini 20 foizga oshirish vazifasi qo‘yildi.

Buning uchun Toshkent shahrini viloyat markazlari bilan bog‘lovchi har kuni kamida 2 tadan reys qo‘yilishi, viloyat markazlarini o‘zaro bog‘lovchi haftasiga kamida 1 tadan reys amalga oshirilishi kutilmoqda. O‘zbekistonga kamida 7 ta samolyot olib kelinib, yana 3 ta xalqaro yo‘nalish ochish rejalashtirilgan.

Temiryo‘l bo‘yicha ham tariflar qayta ko‘rib chiqilgan, keraksiz imtiyozlar bekor qilingan. 6 ta Hyundai Rotem tezyurar poyezdi hamda shaharlararo qatnaydigan 30 ta Skoda elektropoyezdi olib kelinmoqda. Bu sohada kelgusi yilda kamida 20 foiz o‘sishni ta’minlaydi, dedi prezident.

Davlat rahbari xalqaro tashuvlarda mahalliy transport-ekspeditor korxonalar ulushi kamligini muammo sifatida qayd etdi. Mahalliy ekspeditorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida ularning xizmatidan foydalanilganda, import tovarlariga bojxona boji hisoblashda transport xarajatini chegirish, xalqaro tashishlarda mahalliy ekspeditorlar xizmatiga qo‘shilgan qiymat solig‘idan imtiyoz berish imkoniyatini ko‘rib chiqish taklif qilindi.