Toshkent viloyati Keles shahridagi xususiy bolalar bog‘chalarining birida 4 yoshli qizga jinsiy tegajog‘lik sodir etilgani aytilmoqda. Bu haqda Bolalar ombudsmaniga uning ota-onasi tomonidan murojaat kelib tushdi.

Bolalar ombudsmani mazkur murojaatni Bosh prokuratura bilan birgalikda o‘rgangan. Holat yuzasidan 15-dekabr kuni Jinoyat kodeksining 129-moddasi (O‘n olti yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

“Gazeta.uz”ga ma’lum bo‘lishicha, mazkur ishda bog‘cha mudirining o‘g‘li, 24 yoshli Z.B. gumonlanmoqda. U bog‘chada ishlagan yoki yordam berib yurgan.

Qayd etilishicha, Toshkent tumani Keles yo‘li ko‘chasida Z.X. o‘zi yashab kelayotgan uyida 2023-yil 1-dekabrdan boshlab ruxsatnoma olmasdan, hech qanday litsenziyasiz bolalar bog‘chasi tashkil etgan️. Tuman sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi bo‘limi bu yerda sanitariya qoidalari jiddiy ravishda buzilgani va bog‘chada ishlagan G.Q., Z.X.lar tibbiy ko‘rikdan o‘tmaganini aniqlagan.

Tergov davomida fuqaro Z.X. ning litsenziya olmasdan maktabgacha ta’lim muassasasi ochib faoliyat ko‘rsatgani holatiga ham huquqiy baho berilmoqda.

Mazkur jinoyat ishi tergovi viloyat prokuraturasi, Bosh prokuratura tomonidan nazoratga olingan hamda Bolalar ombudsmanining bola manfaatlari yuzasidan kuzatuvi ostida, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, may oyida Toshkent shahri Chilonzor tumanidagi 230-sonli bolalar bog‘chasida direktorning 15 yoshli o‘g‘li 4 nafar qizchaga, ular uxlashga yotgan vaqtida tegajog‘lik qilgani aytilgandi. Bunga kamida 3−4 nafar bola guvoh bo‘lib qolgan. Direktor esa buni “tuhmat” deb atamoqda va qizchalarning o‘zini tarbiyasizga chiqargan.

“Gazeta.uz” surishtiruvidan so‘ng holat bo‘yicha jinoyat ishi ochilgan. Ko‘p o‘tmay Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi 230-sonli bog‘cha direktori “xizmat vazifasiga mas’uliyatsizlik bilan yondashib, bolalar hayotini xavf ostiga qo‘ygani uchun” ishdan bo‘shatilganini ma’lum qilgan.