Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi 20-dekabr kuni Humo Arena majmuasida Hammali & Navai guruhining konsert dasturiga tashrif buyurishni rejalashtirayotgan fuqarolar uchun qator tavsiyalar berdi.

Boshqarmaning qayd etishicha, “tiqilinchliklarga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida” konsert boshlanishidan kamida bir soat oldin kelish lozim.

Elektron chiptalar soxtalashtirilishi mumkinligi sababli IIBB Humo Arena majmuasida tashkil etilgan kassada ularni qog‘ozli chiptalarga almashtirib olishlarini tavsiya qildi.

Humo Arena majmuasiga sektor kesimida kirish quyidagi yo‘laklar orqali amalga oshiriladi:

  • V,S sektorlarida o‘tiruvchilar 1-sonli kirish punktidan;
  • S,D sektorlarida o‘tiruvchilar 2-sonli kirish punktidan;
  • A,D sektorlarida o‘tiruvchilar 3-sonli kirish punktidan;
  • V,A sektorlarida o‘tiruvchilar 4-sonli kirish punktidan.

Eslatib o‘tamiz, 25-noyabr kuni Toshkentda qozog‘istonlik qo‘shiqchi Jah Khalib konserti bo‘lib o‘tgan Humo Arena majmuasiga kirishda tiqilinch va tartibsizliklar yuz bergandi. Milliy gvardiya ma’lumotlariga ko‘ra, mingdan ortiq fuqaro skanerlangan chiptalarni takroran taqdim etgani uchun kiritilmagan.

iTicket.uz kompaniyasi konsertga ko‘pchilik uchinchi shaxs yoki saytlardan qalbaki chiptalar sotib olgani uchun kira olmaganini ma’lum qilgandi. Ko‘p o‘tmay Milliy gvardiyaning Toshkent shahar bo‘yicha boshqarma boshlig‘i Atamurad Axmedov ushbu konsert voqealari sabab ishdan olingani aytilgandi.