19-dekabr kuni Tashkent city xalqaro ishbilarmonlik markazi hududida xalqaro hamjamiyatning korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi sa’y-harakatlarini ifodalovchi monumentning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar qildi.

Marosimda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qatar amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy ishtirok etdi.

Tadbirda BMT bosh kotibining yordamchisi Aleksandr Zuyev va xorijiy mamlakatlarning rasmiy shaxslari ham qatnashdi.

Kafti ochiq qo‘l ko‘rinishida metalldan ishlangan ushbu o‘n ikki metrlik kompozitsiya halollik, pok amal va niyatlarni, korrupsiyaga nisbatan mutlaq toqatsizlikni, dunyoning barcha mamlakatlarini unga qarshi kurashishda birlashishga chaqiriqni anglatadi.

Eslatib o‘tamiz, Qatar amiri korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha xalqaro mukofotni topshirish marosimida ishtirok etish uchun kelgan.

Qatar amiri tashabbusi bilan ta’sis etilgan mukofot 2016-yildan buyon har yili taniqli jamoat arboblari, ekspertlar va jurnalistlarga ularning global miqyosda korrupsiyaga qarshi kurash borasidagi sa’y-harakatlarini e’tirof etgan holda topshiriladi. Bu yil tantanali marosim Toshkentda bo‘lib o‘tishi avval xabar qilingandi.