Buxoro va Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodlarida benzin ishlab chiqarish hajmi 21,2 foizga oshdi, deb xabar qildi “O‘zbekneftgaz” AJ matbuot xizmati.

O‘sib borayotgan talabni qondirish uchun Buxoro va Farg‘ona NQIZlarida o‘rtacha kunlik yonilg‘i ishlab chiqarish 700 tonnaga — 4000 tonnagacha oshdi (Farg‘ona NQIZda 1000 tonnani tashkil etadi).

Shuningdek, mahalliy SDK Group And kompaniyasi Rossiyadan Ai-92 K5 rusumli benzin importini oshirdi.

“Bu bilan ichki bozorda birja savdolariga chiqariladigan avtobenzin miqdori savdosini oshirishga erishildi”, — deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, anomal sovuq davridagi talablardan kelib chiqib, Farg‘ona vodiysidagi AYOQSHlarga yetkazib beriladigan kunlik avtobenzin hajmi 400 tonnadan o‘rtacha 800 tonnachaga oshirildi. Farg‘ona NQIZ tomonidan ishlab chiqarilgan avtobenzinning asosiy qismi Farg‘ona vodiysi iste’molchilariga yetkazib berilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 11-dekabr kuni birjada 5065 tonna, 13-dekabr kuni esa 3005 tonna benzin sotilgan (14-dekabr ma’lumotlari hali e’lon qilinmagan). Oy davomida birja narxi aksiz solig‘i nollashtirilganiga qaramay, 6334 so‘mdan 7525 so‘mgacha (+18,8%) oshdi.

Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov avvalroq yil oxirigacha Rossiyadan O‘zbekistonga 371 ming tonna benzin import qilinishi rejalashtirilgani haqida xabar bergandi.