Shavkat Mirziyoyev 12-dekabr kuni O‘zbekiston qishloq xo‘jaligida erkin bozor munosabatlarini yanada rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi farmonni imzoladi, deya xabar berdi Adliya vazirligi “Gazeta.uz”ga.

Hujjatga ko‘ra, 2024-yilgi hosil mavsumidan boshlab paxta xomashyosi ishlab chiqaruvchilar va paxta-to‘qimachilik klasterlari o‘rtasidagi munosabatlar yangicha shaklda yo‘lga qo‘yiladi.

Paxta xomashyosini yetishtiruvchi xo‘jaliklar va klasterlar o‘rtasida xomashyo yetkazib berish bo‘yicha fyuchers shartnomalari tuproq hosildorligi normativlari doirasida O‘zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasining “paxta xomashyosi seksiyasi”da har bir hudud bo‘yicha alohida o‘tkaziladigan savdolar natijalariga ko‘ra tuziladi.

Bunda fermer o‘zi yetishtirgan paxtani birjaga qo‘yadi va o‘z mintaqasidagi yuqori narx taklif qilgan klaster bilan fyuchers shartnomasini tuzadi. Dastlabki narx paxta tolasining Nyu-York fond birjasidagi so‘nggi 12 oydagi o‘rtacha narxidan kelib chiqib belgilanadi.

Fermerlar fyuchers shartnomasiga muvofiq yetkazib berilishi lozim bo‘lgan hajmdan ortiqcha yetishtirilgan xomayoshni, shuningdek, mazkur xomayoshdan tayyorlangan birlamchi va ikkilamchi mahsulotlarni bevosita fyuchers shartnomasi tuzilgan klaster, shuningdek, birjadagi istalgan boshqa subyektga sota oladi.

Agar fermer o‘z mablag‘lari, shu jumladan, kreditlar hisobidan paxta yetishtirsa, u holda paxta xomashyosini hamda undan olingan birlamchi va ikkilamchi mahsulotlarni (tola, chigit, va boshqalar) birjada erkin sotishi mumkin bo‘ladi.

Paxta xomashyosi yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklari uchun birja savdolarida qatnashish tartibi bo‘yicha seminarlar tashkil etiladi. Shuningdek, klaster va boshqa korxonalar paxta xomashyosini faqat elektron tarozilar orqali qabul qilib, paxta tolasini hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etishi belgilandi.

2024-yilgi hosildan boshlab Qishloq xo‘jaligini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan fermerlar va klasterlarga paxta xomashyosi yetishtirish, paxta hosilini yig‘ishtirib olish va sotib olish uchun kredit berishning yangi tizimi joriy etiladi.

Har yili 1-oktabrdan boshlab paxta xomashyosi yetishtirish uchun fyuchers shartnomasi tuzgan ishlab chiqaruvchilar va urug‘chilik xo‘jaliklariga paxta xomashyosi qiymatining 60 foizigacha bo‘lgan miqdorda 12 oylik imtiyozli davr bilan yillik 10 foizlik stavkada (2 foizlik bank marjasini hisobga olgan holda) 14 oyga kredit beriladi.

Klasterlarga paxta xomashyosi tannarxining 80 foizigacha bo‘lgan miqdorda yiliga 10 foizlik stavkada (2 foizlik bank marjasini hisobga olgan holda) 10 oy muddatga, 6 oylik imtiyozli davr va oxirgi 4 oy davomida teng ulushlarda to‘lash sharti bilan kredit ajratiladi. Mablag‘ paxta xomashyosini sotib olish bo‘yicha yakuniy hisob-kitob qilish uchun ajratiladi.

Ijaraga olingan yerlarda paxta yetishtiruvchi klasterlarga xomashyo qiymatining 60 foizigacha, 2 yil muddatga, 18 oy imtiyozli davr bilan kredit beriladi. Yetishtirilgan paxta xomashyosini yig‘ish uchun esa klasterlarga xomashyo tannarxining 20 foizigacha, bir yil muddatga, 3 oylik imtiyozli davr bilan mablag‘ ajratiladi.

Bundan tashqari, fyuchers bo‘yicha paxta yetkazib berish to‘lovi shartlari doirasida summaning 80 foizi sotuvchi tomonidan tovar qabul qilingandan keyin uch ish kuni ichida, qolgani esa 31-dekabrgacha sotuvchiga kelib tushishi kerak.

Kreditlardan foydalangan holda qishloq xo‘jaligi faoliyatini amalga oshirishda fermer va klasterlar tovarlar, ishlar hamda xizmatlar, shu jumladan, moddiy resurslar yetkazib beruvchilarni o‘zlari tanlaydi. Hozirda faqat bug‘doy yetishtiruvchilar bunday huquqqa ega.

Kredit olish uchun arizalar Qishloq xo‘jaligi vazirligining “Agroplatforma” tizimi orqali to‘liq elektron shaklda topshiriladi.