Sovuq havoning boshlanishi va haroratning keskin pasayishi bilan Toshkent shahri va O‘zbekistonning boshqa viloyatlari aholisi elektr energiyasidan avtomatik tarzda uzilishga duch keldi. Aksariyat uzilishlar uch fazali hisoblagichlar o‘rnatilgan abonentlar orasida sodir bo‘ldi.

1055 markaziy dispetcherlik xizmati buni elektr energiyasi iste’molining chegarasi 10 kVt/soat etib joriy etilgani bilan izohladi va iste’molchilardan yuqori quvvatli qurilmalarni qo‘shimcha yoqmaslikni so‘radi.

“Potrebitel.uz” Telegram kanali 5 kVtga yetganda ham uzilishlar sodir bo‘layotgani haqida xabar berdi. Buning sabablarini o‘rganish maqsadida aholi viloyat elektr ta’minoti korxonalariga borgan, tartibni ta’minlash uchun ichki ishlar xodimlari va Milliy gvardiya xodimlari jalb etilgan.

Cheklovlar qachondan joriy qilindi?

Elektr energiyasidan foydalanish qoidalariga (hujjatning 63−4-bandi) ko‘ra, 2023-yil 1-noyabrdan boshlab iste’molchilarga ehtiyojlari uchun zarur bo‘lgan qurilmalarning minimal quvvatidan (hamda joylashgan hududidan) kelib chiqib, hisoblagich orqali 10−15 kV quvvat doirasida cheklov kiritilgan. Avtomatik tarzda o‘chirish elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi (EHNAT) tomonidan amalga oshiriladi.

“Hududiy elektr tarmoqlari” oktabr oyida bunday chora eskirgan va ortiqcha yuklama bilan ishlayotgan elektr tarmoqlari va transformator punktlari joylashgan ma’lum bir hududlarda iste’molchilarning uzoq vaqt elektr ta’minotidan uzilib qolmasligini ta’minlash maqsadida zarurat yuzasidan qo‘llanishini ta’kidlagandi.

13-dekabr kuni “Gazeta.uz”ning so‘roviga javoban “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati matbuot xizmati “10−15 kilovatt quvvat doirasida hisoblagich orqali cheklov kiritish” amaliyoti joriy etilganini tasdiqladi.

“Bunda qish mavsumida elektr tarmoqlari transformator punktlarida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan katta avariyalarning oldini olish, qolaversa, kabellarga tushayotgan bosimni kamaytirish maqsad qilingan. Quvvatdan ko‘proq foydalangan iste’molchilar tarmoqdan avtomatik tarzda uzildi. Buning natijasida hududlarda, xususan, Toshkent shahrida 20 ga yaqin transformator punktlari kabellaridagi avariyaviy holatlarning oldi olindi. Iste’molchilar 2−3 kunlab chiroqsiz o‘tirgani yo‘q”, — deyiladi kompaniya xabarida.

Avtomatik o‘chirish amaliyoti bekor qilindi — Energetika vazirligi

Oradan biroz vaqt o‘tib, Energetika vazirligi matbuot kotibi Xasan Toshxo‘jayev elektr uskunalaridan ortiqcha foydalanganda avtomatik tarzda uzib qo‘yish amaliyoti vaqtincha to‘xtatilganini ma’lum qildi.

Uning ta’kidlashicha, hozirda ijtimoiy tarmoqlarda soatiga 4,5 kilovatt soatdan ortiqcha elektr energiyasi ishlatgan xonadon elektr ta’minotidan uzilishi haqida xabarlar tarqalmoqda.

10−15 kVt quvvat doirasidagi cheklovlar elektr energiyasidan foydalanish bo‘yicha yuqoridagi qoidalar asosida joriy etilgan. Energetika vazirligi vakilining ta’kidlashicha, bunday amaliyot iste’mol yuqori bo‘lgan joylarda qo‘llanadi.

“Iste’molchi ortiqcha uskunalarni o‘chirib, kuchlanishni belgilangan me’yordan kamaytirsa, hisoblagich uzog‘i bilan 15 daqiqa ichida avtomatik ravishda yonadi. Biroq havo sovuq bo‘lgan kunlarda iste’molchilarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida bu norma vaqtincha bekor qilindi. Ya’ni xonadon egasi elektr energiyasidan belgilangan me’yordan ortiqcha foydalanganda, hisoblagich avtomatik tarzda uzib qo‘ymaydi”, — deya ishontirdi Xasan Toshxo‘jayev.

Shu bilan birga, vazirlik vakili iste’molchilardan ortiqcha elektr uskunalaridan imkon qadar foydalanmasliklarini, elektr energiyasini tejashlarini va behuda yonib yotgan quvvatlarni o‘chirib qo‘yishlarini so‘radi.

Uning aytishicha, agar xonadonda elektr toki ortiqcha yuklama bilan o‘chgan bo‘lsa, yuklama kamaytirilgandan so‘ng elektr ta’minoti 10−15 daqiqa orasida avtomatik ravishda tiklanadi.

Soatiga 10−15 kVt ko‘pmi?

Xasan Toshxo‘jayev 15 kVt soat elektr energiyasi sarflash uchun bir vaqtning o‘zida bir soat davomida 6 ta muzlatkich, o‘rtacha 1,5 kVt quvvatli 3 ta konditsioner va 3 ta elektr pechi yoniq turishi kerakligini qayd etdi. 3 ta televizor hamda 20 ta lampochkaning iste’mol hajmi, nari borsa, 1,5−2 kVt soat bo‘lishi mumkin.

“Shunday ekan, 98 foiz aholining xavotir olishiga mutlaqo o‘rin yo‘q”, — dedi u.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq “O‘ztransgaz”, “Hududgazta’minot”, “Hududiy elektr tarmoqlari”, “O‘zenergoinspeksiya” va boshqa korxonalar rahbarlarining qish mavsumiga tayyorgarlik bo‘yicha hisobotlari taqdim etgandi. Ular energiya tizimi “har qanday ob-havo injiqligi va anomal sovuqqa tayyor”ligini ma’lum qilgan.