O‘zbekiston Konstitutsiyaviy sudining 5-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida mamlakatda konstitutsiyaviy qonuniylikka doir ayrim masalalar muhokama qilindi.

Yangilangan Konstitutsiya tegishli qonunlar va boshqa me’yoriy hujjatlarning qabul qilinishi va mavjudligidan qat’i nazar, bevosita qo‘llanadi. Xususan, asosiy qonun bo‘yicha referendum o‘tkazilgan may oyidan buyon sudlar tomonidan 21 mingdan ortiq jinoyat, ma’muriy, iqtisodiy va fuqaroviy ishlar bo‘yicha Konstitutsiya moddalari bevosita qo‘llangan.

Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, 2022−2023-yillarda Konstitutsiyaviy sud tomonidan 119 ta qonun va 1384 ta boshqa normativ-huquqiy hujjatlar bo‘yicha murojaatlar va huquqni qo‘llash amaliyoti o‘rganilgan.

Konstitutsiyaviy sud bolalarni turli ko‘rinishdagi zo‘ravonliklardan himoya qilish, bu borada ota-onalar, ta’lim muassasalari, boshqa mutasaddi idoralar mas’uliyatini oshirish, tegishli qonunchilik hujjatlarini yanada takomillashtirish kerakligiga e’tibor qaratdi.

“Mulk huquqi kafolatlariga rioya etmaslik holatlari sezilarli kamaygan bo‘lsa-da, hali bu sohada muammolar saqlanib qolayotganini inobatga olib, mahalliy davlat hokimiyatining ushbu masalalarda huquqiy madaniyatini oshirish, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning mulk huquqi buzilishi holatiga mutlaqo toqatsiz munosabatini shakllantirish, bu borada profilaktik choralarni kuchaytirish zarur”, — deyiladi xabarda.

Ba’zi hududlarda tadbirkor o‘z mahsulotini viloyat hududidan erkin olib chiqib ketishda to‘sqinliklarga uchrashi holatlarini e’tiborga olib, barcha mas’ullardan tovar va xizmatlarning erkin harakatlanishi bo‘yicha konstitutsiyaviy kafolatlarga so‘zsiz rioya etish talab qilinadi, deya ta’kidladi Konstitutsiyaviy sud.

Sud har qanday huquqiy ta’sir chorasi asoslangan, adolatli, zarur va o‘z maqsadiga erishish uchun yetarli hajmda bo‘lishi va fuqarolarning huquq va erkinliklarini asossiz, ya’ni ta’sir chorasi maqsadiga erishish mumkin bo‘lgan me’yordan ortiqcha darajada cheklamasligi lozimligini qayd etdi.

Ayrim jinoiy va ma’muriy jazo choralarini, moliyaviy sanksiyalar, neustoyka (penya, jarima) hamda boshqa huquqiy ta’sir choralarini qayta ko‘rib chiqishn taklif etilmoqda.

Konstitutsiyaviy sud viloyat, tuman (shahar) sudyalarining tegishli xalq deputatlari kengashlari oldida axborot berish amaliyoti sudyaning mustaqilligi va xolisligiga raxna solishi mumkinligini inobatga olib, vakolatli davlat organlarini ushbu tartibni bekor qilishga chaqirdi. Bu taklif prezidentlikka nomzod Robaxon Mahmudovaning dasturida ham bor edi.

Bundan tashqari, Konstitutsiyaviy sud mahkumni yengilroq jazoga almashtirishning zaruriy sharti sifatida jinoyatlarning ayrim turlari, birinchi navbatda, firibgarlik tufayli jabrlanuvchilarga yetkazilgan zararni qoplash talablarini kiritishni taklif qildi.

Sud a’zolari, shuningdek, dunyoviy davlatni rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqishni qo‘llab-quvvatladi. Ular buni “umummilliy qadriyat sifatida qonun darajasida qabul qilish”ni maqsadga muvofiq deb hisoblaydi.

Oliy Majlis palatalari va prezidentga mamlakatdagi konstitutsiyaviy qonuniylik holati to‘g‘risidagi ma’lumotlar yuboriladigan bo‘ldi.