Toshkent shahar IIBB tomonidan “Dolzarb 40 kunlik” doirasida 1985-yilda tug‘ilgan Buzrukov Buzruk Akmalovich qo‘lga olindi.

U Jinoyat kodeksi 277-moddasi 2-qismi (bir guruh shaxslar tomonidan bezorilik) gumonlanmoqda. Jinoyat ishi doirasida gumon qilinuvchiga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan. Tergov boshlangan.

“Hurmatli fuqarolar agar siz ushbu shaxsdan yoki guruh a’zolaridan jabr ko‘rgan bo‘lsangiz yoki ushbu shaxslarning jinoiy xatti-harakatlari bo‘yicha ma’lumotlarga ega bo‘lsangiz, Toshkent shahar IIBBning 71−206−45−69, 71−206−49−46 yoki 102 raqamlariga yoxud 99−370−73−94 Telegram raqamiga murojaat qilishingizni so‘raymiz. Murojaatchining shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi”, — deyiladi IIBB xabarida.

Avval xabar qilinganidek, Toshkent shahrida huquq-tartibot idoralari tomonidan “ko‘cha bollari” va jinoiy guruhlarni aniqlash va qo‘lga olish bo‘yicha keng ko‘lamli reydlar o‘tkazilmoqda. Tezkor chora-tadbirlar poytaxtda jinoyatchilik bilan bog‘liq vaziyatni yaxshilashga qaratilgan.

O‘tgan haftada Toshkent shahar IIBB xodimlari “Saidaziz medgorodok” laqabi bilan mashhur Saidaziz Saydaliyevni qo‘lga olgan. Boshqarma ma’lumotlariga ko‘ra, u va yana bir necha kishi tovlamachilik ishi bo‘yicha gumonlanuvchi sifatida hibsga olingan. Ma’lum qilinishicha, ular pul evaziga odamlarni qarzini undirib bergan.

3-dekabr kuni O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari xodimlari “Baxti Tashkentskiy” laqabi bilan tanilgan Baxtiyor Qudratullayev va u bilan yaqin jinoiy aloqasi bo‘lgani qayd etilgan Doston Xalilov ushlandi.

Shuningdek, “Salimboy” va “Salimboyvachcha” nomlari bilan tanilgan 73 yoshli tadbirkor Salim Abduvaliyev protsessual tartibda ushlandi.