“Salimboy” va “Salimboyvachcha” nomlari bilan tanilgan 73 yoshli tadbirkor Salim Abduvaliyev protsessual tartibda ushlandi, deya xabar bermoqda Toshkent shahri IIBB matbuot xizmati.

U Jinoyat kodeksining 248-moddasi 1-qismi (O‘qotar qurolni qonunga xilof ravishda saqlash)bilan gumon qilinuvchi tarzida jalb etilib, protsessual tartibda ushlangan. Avvalroq unga nisbatan tergovga qadar tekshiruv boshlangani haqida yozgandik.

U 2017-yil yanvar oyidan buyon O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari va mamlakat sport kurashlari assotsiatsiyasi raisi lavozimlarida ishlab kelayotgandi. Abduvaliyev sport faoliyatiga qo‘shgan hissasi uchun 2015-yilda “Do‘stlik” ordeni, 2021-yilda esa “Xizmat ko‘rsatgan sport murabbiyi” unvoni bilan taqdirlangan.

Fuqarolardan jinoiy guruh a’zolaridan jabr ko‘rgan bo‘lishsa yoki ularning jinoiy xatti-harakatlari bo‘yicha ma’lumotlarga ega bo‘lsalar, Toshkent shahri IIBBning 71−206−45−69, 71−206−49−46 yoki 102 raqamlariga yoxud 99−370−73−94 Telegram raqamiga murojaat qilishlari so‘ralmoqda. Murojaatchining shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi.

Avval xabar qilinganidek, Toshkent shahrida huquq-tartibot idoralari tomonidan “ko‘cha guruhlari” va jinoiy guruhlarni aniqlash va qo‘lga olish bo‘yicha keng ko‘lamli reydlar o‘tkazilmoqda. Tezkor chora-tadbirlar poytaxtda jinoyatchilik bilan bog‘liq vaziyatni yaxshilashga qaratilgan, deya xabar beradi poytaxt ichki ishlar boshqarmasi.

Bir necha kun oldin Toshkent shahri Ichki ishlar bosh boshqarmasi xodimlari tomonidan “Saidaziz medgorodok” laqabi bilan mashhur Saidaziz Saydaliyev qo‘lga olingandi. Boshqarma ma’lumotlariga ko‘ra, u va yana bir necha kishi tovlamachilik ishi bo‘yicha gumonlanuvchi sifatida hibsga olingan. Ma’lum qilinishicha, ular pul evaziga odamlar qarzini undirib bergan.

Huquq-tartibot idoralari xodimlari, shuningdek, “Baxti Tashkentskiy” laqabi bilan tanilgan Baxtiyor Qudratullayevni poytaxtda qo‘lga olgan. Bundan tashqari, o‘ta yirik miqdordagi tovlamachilikda gumon qilingan yana ikki shaxs qo‘lga olindi. Ularning barchasi 15 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.