“Zarbdor 40 kunlik” aksiyasi doirasida O‘zbekistonning boshqa hududlarida ham kriminogen holatini yaxshilash, jinoyatchilikka barham berish bo‘yicha keng ko‘lamli tezkor-profilaktika tadbirlari amalga oshirilmoqda.

Ushbu harakat haqidagi birinchi xabarlar 21-noyabr kuni paydo bo‘ldi. Tadbir nomidan kelib chiqadigan bo‘lsak, u 31-dekabrgacha — Yangi yil bayramlarigacha davom etadi.

Farg‘ona viloyati huquq-tartibot idoralari tomonidan “Zarbdor 40 kunlik” tadbirlari doirasida “kriminogen muhitda mavqega ega bo‘lgan” 248 nafar fuqaroning yashash manzilida hamkorlikda tezkor-tezkor profilaktika tadbirlari o‘tkazildi.

Shuningdek, jinoyat sodir etishga moyil bo‘lgan shaxslarning huquqbuzarliklarini aniqlash bo‘yicha 106 marta faol tezkor qidiruv tadbirlari o‘tkazilib, 66 ta jinoyatlar aniqlandi.

Mazkur tadbirlar davomida, 4 kg 749 gramm giyohvandlik vositalari, 78 dona psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi moddalar, 45 dona turli xil kompyuter, telefon hamda 3 adabiyotlar, 41 ta qurol, o‘q dorilar va sovuq qurol sifatida foydalanish mumkin bo‘lgan ashyolar olindi.

Jinoyat sodir etib, sud va tergov organlaridan yashiringan 37 nafar qidiruvdagi shaxslar ushlandi.

Bundan tashqari, o‘tkazilgan maxsus tadbirlar davomida guruhbozlik qilgan 22 nafar shaxslar bezorilik ustida ushlanib, ularning faoliyatiga chek qo‘yildi.

Misol uchun, 2023-yilning 22-noyabr kuni Oltiariq tumanida guruhbozlikka intiluvchi ikki guruh vakillari A.Rustamov va T.Mirzaraximov o‘rtasida janjal kelib chiqqan. O‘tkazilgan tezkor ishlar davomida 15 nafar guruhbozlar va ularning izdoshlari qo‘lga olinib, jazo muqarrarligi ta’minlangan.

2023-yilning 27-noyabr kuni esa, sportning jangovar turi bilan shug‘ullangan X.To‘htamurodov (Instagram`da 1,3 million obunachisi bor, “Borz” laqabi bilan tanilgan) guruhbozlikka intilib, atrofiga turli xil tezkor vaziyatga salbiy ta’sir qiluvchi shaxslarni yig‘ib, Qo‘qon shahrida ikki nafar shaxslarga tan jarohati yetkazib, hodisa joyidan yashiringan vaqtda, tezkor xodimlar tomonidan ushlanib, jazo muqarrarligi ta’minlandi.

Shuningdek, Farg‘ona shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida, uyushgan guruhga rahbarlik qilib, fuqarolarni tovlamachilik va mulklarni boshqa yo‘llar bilan talon-toroj qilgan A.Mamirov jinoyat ustida qo‘lga olinib, tergov organlariga topshirildi.

Avval xabar qilinganidek, Toshkent shahrida huquq-tartibot idoralari tomonidan “ko‘cha to‘dalari” va jinoiy guruhlarni aniqlash va qo‘lga olish bo‘yicha keng ko‘lamli reydlar o‘tkazilmoqda. Tezkor chora-tadbirlar poytaxtda jinoyatchilik bilan bog‘liq vaziyatni yaxshilashga qaratilgan, deya xabar beradi poytaxt ichki ishlar boshqarmasi.

Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi xodimlari tomonidan “Saidaziz medgorodok” laqabi bilan mashhur Saidaziz Saydaliyev qo‘lga olindi. Boshqarma ma’lumotlariga ko‘ra, u va yana bir necha kishi tovlamachilik ishi bo‘yicha gumonlanuvchi sifatida hibsga olingan. Ma’lum qilinishicha, ular odamlarga pul evaziga qarzlarini undirib bergan.

3-dekabr kuni shahar IIBB “Baxti Tashkentskiy” laqabi bilan tanilgan Baxtiyor Qudratullayev va yana ikki shaxs o‘ta yirik miqdorda tovlamachilikda gumon qilinib hibsga olinganini ma’lum qildi.

Avvalroq Ichki ishlar vazirligi Sirdaryo, Xorazm, Samarqand, Surxondaryo, Toshkent, Buxoro va boshqa viloyatlarda “Zarbdor 40 kun” aksiyasi o‘tkazilishi haqida xabar bergan edi.