Toshkent viloyati Chirchiq shahri ichki ishlar bo‘limi hibsxonasida fuqaro o‘z joniga qasd qildi, deya xabar bermoqda viloyat IIBB matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, 22 yoshli yigit A.O‘. Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi “v” bandi (O‘g‘rilik, ko‘p miqdorda) va 168-moddasi 3-qismi “b” bandi (Firibgarlik, takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan) bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishida ayblangan.

Tergov davomida A.O‘. muqaddam ham Jinoyat kodeksining 164-moddasi 2 qismi “a” bandi (Bosqinchilik, qurol yoki qurol sifatida foydalanish mumkin bo‘lgan boshqa narsalarni ishlatib) bilan sudlangani inobatga olingan. Unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan.

“1-dekabr kuni soat tungi 02:30 atrofida jinoyat ishi doirasida hibsxonada saqlanayotgan A.O‘. kameradagi yopinchiq choyshabdan sirtmoq yasab, kamera oynachasining temir panjarasiga bog‘lagan holda o‘z joniga qasd qilgan”, — deyiladi xabarda.

Sud-tibbiyot ekspertizasining dastlabki xulosasiga ko‘ra, marhumning o‘limi bo‘yin qismi sirtmoq bilan siqilishi natijasida kelib chiqqan mexanik asfiksiya oqibatida yuz bergani aniqlangan.

Biroq deputat Jahongir Tulyaganov yigitning o‘zini osgani aytilgan bo‘lsada, uning burni singani hamda koshi yorilgan xolatlari mavjudligi haqida yozgan.

“IIBga olib kirib ketilgan har bir fuqaroning xavfsizligiga qonunda IIB hodimlari mas’ul ekanligini unutmasligimiz kerak”, — dedi u.

Oliy Majlisning inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) matbuot xizmati mazkur holat nazoratga olinib, ishga taalluqli ma’lumotlar so‘rab olingani va ishga oid hujjatlar o‘rganilayotganini ma’lum qildi.

Ombudsman yuqorida qayd etilgan xabarlar yuzasidan tekshiruv har tomonlama, to‘liq va qonuniy o‘tkazilishini nazorat qiladi.

Holat yuzasidan Chirchiq shahar prokuraturasi tomonidan tergovga kadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda va marhumga sud-ekspertizasi tayinlangan.

Eslatib o‘tamiz, iyun oyida Toshkent viloyatining Bo‘ka tumanida fuqaro IIB xodimlarining noqonuniy so‘roq qilishi va jarohat yetkazishi oqibatida vafot etgandi. Voqeaga sababchi 2 xodim hibsga olingan, tuman IIB rahbariyati esa ishdan bo‘shatilgan.

2022-yilning noyabr oyida Qo‘qondagi IIB bo‘limiga joylashtirilgan 15 yoshli o‘smirning o‘limidan so‘ngpublitsist va bloger Shokir Sharipov O‘zbekiston ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov iste’fosini talab qilib, poytaxtda bir kishilik piket uyushtirgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi yillarda Ichki ishlar vazirligida jiddiy islohotlar amalga oshirilmagan, odamlar IIB bo‘limlari binolarida halok bo‘lishda davom etmoqda.