Shavkat Mirziyoyev 24-noyabr kuni Boku shahrida bo‘lib o‘tgan BMTning Markaziy Osiyo iqtisodiyotlari uchun maxsus dasturi (SPEKA) birinchi sammitida ishtirok etdi, deb xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev raisligida o‘tgan tadbirda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston prezidentlari, Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisi o‘rinbosari Xojamirat Geldimiradov, BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasi ijrochi kotibi Tatyana Molchan hamda Osiyo va Tinch okeani uchun iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi (ESKAP) ijrochi kotibi Armida Alisjabana, shuningdek, faxriy mehmon sifatida Vengriya bosh vaziri Viktor Orban va Gruziya bosh vaziri Irakliy Garibashvili, Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi bosh kotibi Jasim Al-Budayviy qatnashdi.

бмт, марказий осиё, спека

Shavkat Mirziyoyev so‘zining avvalida barcha ishtirokchilarni 1998-yilda Toshkent deklaratsiyasi bilan ta’sis etilgan dasturning 25 yilligi hamda BMT Bosh assambleyasining ushbu sanaga bag‘ishlangan alohida rezolyutsiyasi qabul qilingani bilan dildan qutladi.

Prezident Ozarbayjonning samarali raisligida SPEKA doirasidagi mintaqaviy hamkorlik sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilganini ta’kidladi.

Dastur doirasida tijorat, kommunikatsiya, transport va logistika, raqamlashtirish, energetika, suv resurslari, ekologiya, gender tengligi va boshqa sohalarda amaliy hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan 400 dan ortiq loyihalar hayotga tatbiq etildi, savdoni soddalashtirish va innovatsion rivojlanish strategiyalari qabul qilindi.

“Hozirgi kunda Markaziy Osiyo mamlakatlari, Ozarbayjon, Gruziya va Vengriya bilan sanoat kooperatsiyasi va infratuzilma bo‘yicha yirik dasturlarni amalga oshirmoqdamiz. Qo‘shma investitsiya kompaniyalarini tashkil etib, moliyalashtirish mexanizmlarini yo‘lga qo‘ydik. Chegara hududlarida zamonaviy savdo-logistika markazlari va maxsus iqtisodiy zonalar barpo etilmoqda”, — dedi prezident.

бмт, марказий осиё, спека

O‘zbekiston rahbari global geosiyosiy beqarorlik sharoitida mintaqa mamlakatlari duch kelayotgan xavf-xatarlarga e’tibor qaratib, SPEKA doirasidagi mintaqaviy hamkorlikni yanada kuchaytirish bo‘yicha qator amaliy tashabbuslarni ilgari surdi.

Prezident hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha ishchi guruhlar faoliyati samaradorligini tubdan oshirish va dasturning institutsional asoslarini mustahkamlash zarurligini ta’kidladi.

U BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasi hamda ESKAP ekspertlari bilan birgalikda “SPEKA-2030” taraqqiyot konsepsiyasini ishlab chiqishni taklif etdi.

Davlat rahbari mintaqaviy savdoni rag‘batlantirish maqsadida mavjud to‘siqlarni bartaraf etish va eksport-import operatsiyalarini texnik tartibga solish choralarini uyg‘unlashtirish borasida jahondagi eng ilg‘or tajriba va amaliyotlarni joriy etishni nazarda tutadigan qo‘shma harakatlar rejasini ishlab chiqish maqsad muvofiqligini ta’kidladi.

бмт, марказий осиё, спека

Ushbu choralarning qabul qilinishi, prezidentning fikricha, davlatlar o‘zaro savdo aylanmasini 2030-yilga borib 100 milliard dollarga, uning tarkibidagi sanoat mahsulotlari ulushini esa 70 foizga yetkazish imkonini beradi.

“„Yashil“ iqtisodiyot, innovatsiyalar, yuqori texnologiyalar, logistika, muqobil energetika, „aqlli“ qishloq xo‘jaligi, zamonaviy ijtimoiy infratuzilmani yaratish va boshqa sohalardagi yirik loyihalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida SPEKAning Maqsadli jamg‘armasini kelgusi yilning o‘zida tashkil etish va uning amaliy ishini yo‘lga qo‘yish muhim. Jamg‘arma xalqaro taraqqiyot institutlari bilan faol ishlashi, ustuvor loyiha va dasturlarga moliyaviy resurslar va grant mablag‘larini eng maqbul shartlarda jalb etishi lozim. O‘zbekiston ham uni shakllantirish uchun o‘z moliyaviy hissasini qo‘shishga tayyor”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

O‘zbekiston prezidenti o‘zaro bog‘liq transport yo‘laklarini rivojlantirish haqida so‘z yuritarkan, Transkaspiy multimodal yo‘lagi doirasida ma’lumot almashish jarayonini raqamlashtirishga qaratilgan “yo‘l xaritasi”ni hayotga to‘liq tatbiq etish zarurligini ta’kidladi.

U kelgusi yilda O‘zbekistonda “Raqamli transport marshrutlari” xalqaro forumini o‘tkazish tashabbusini ilgari surdi.

Shuningdek, BMT ixtisoslashgan institutlari bilan mintaqada transport bog‘liqligini kuchaytirish bo‘yicha yirik loyihalarni faol ilgari surish niyati bildirildi.

O‘zbekiston yetakchisi SPEKA doirasida oziq-ovqat xavfsizligini samarali ta’minlash bo‘yicha yuqori darajadagi maxsus ishchi guruhini tuzishni va uning ilk uchrashuvini kelgusi yili Samarqandda o‘tkazishni taklif etdi.

“Ushbu tadbirning kun tartibidan yetakchi agrosanoat korxonalarimiz o‘rtasida kooperatsiya aloqalarini rivojlantirish va qo‘shimcha qiymat zanjirlarini yaratish, ilmiy-texnologik almashuvlarni rag‘batlantirish va resurslarni tejaydigan ilg‘or yechimlarni joriy etish, „ekspress“ yo‘laklarni ishga tushirish kabi masalalar asosiy o‘rin egallaydi”, — dedi davlat rahbari.

O‘zbekiston rahbari suv, energetika, ekologiya va qishloq xo‘jaligi sohalari o‘zaro uzviy bog‘liq ekanidan kelib chiqib, SPEKAning keng ko‘lamli yangi konseptual hujjatini — ko‘p tomonlama “Yashil strategiyasi”ni qabul qilish vaqti kelganini ko‘rsatib o‘tdi. “BMT tahlillariga ko‘ra, suv taqchilligi tufayli mintaqamiz davlatlari har yili qariyb 2 milliard dollargacha mablag‘ yo‘qotmoqda. Bunday murakkab jarayon yanada kuchaysa, muammolar kompleks hal etilmasa, kelgusida aholi jon boshiga suv bilan ta’minlash ko‘rsatkichi 25 foizga, hosildorlik esa 40 foizga qisqarib ketishi mumkin”, — dedi prezident.

Davlat rahbari gender tenglikni ta’minlash, xotin-qizlarni tadbirkorlik faoliyatiga jalb qilish masalalariga ham e’tibor qaratdi. Ishbilarmon xotin-qizlarning faol tashabbuslarini va aniq rejalarini doimiy va tizimli rag‘batlantirish maqsadida SPEKA Tadbirkor ayollari kengashini tuzishni taklif qildi.

Bundan tashqari, prezident ushbu kengash doirasida mamlakatlar ravnaqi va iqtisodiy taraqqiyotiga, umumiy hamkorlikka hissa qo‘shib kelayotgan ayollarni “SPEKA e’tirofi” xalqaro mukofoti bilan taqdirlash tashabbusini ilgari surdi.

бмт, марказий осиё, спека

O‘zbekiston yetakchisi hamkasblarga, Yevropa iqtisodiy komissiyasi va ESKAP rahbariyatiga murojaat qilar ekan, SPEKA doirasida Afg‘oniston bilan ishchi aloqalarni o‘rnatish va hamkorlikni qayta tiklashga chaqirdi.

“Ushbu mamlakatni o‘z muammolari bilan yakka qoldirish mumkin emas. Amaldagi hukumat bilan xalqaro muloqot o‘rnatilmasa, hech qanday ijobiy natijaga erishib bo‘lmaydi”, — dedi u.

So‘zi yakunida Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqlarining barqaror taraqqiyoti va farovonligini ta’minlash maqsadida SPEKA mintaqaviy dasturi doirasidagi ko‘p tomonlama sheriklikka sodiqligini yana bir bor tasdiqladi.