Senatning qirq yettinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga saylov va refendum o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni senatorlar tomonidan muhokama qilindi.

Muhokama davomida demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va mamlakatni modernizatsiya qilishda siyosiy partiyalarning rolini yanada kuchaytirishga qaratilgan vakillik organlariga saylovning aralash, ya’ni majoritar va proporsional tizimini joriy qilish masalasiga e’tibor qaratildi.

Shuningdek, yangi tahrirdagi Konstitutsiyada referendum va saylov bilan bog‘liq o‘zgarishlar nazarda tutilganligi, shu sababli amaldagi saylov to‘g‘risidagi hamda referendum to‘g‘risidagi qonunchilikni unga muvofiqlashtirish zarurati ham mavjudligi qayd etildi.

Ko‘rib chiqilgan Konstitutsiyaviy qonunga ko‘ra Qonunchilik palatasi saylovi aralash (majoritar, proporsional) saylov tizimi asosida o‘tkaziladi. Unda Qonunchilik palatasining 75 nafar deputati majoritar saylov tizimi asosida bir mandatli saylov okruglaridan, qolgan 75 nafari proporsional saylov tizimi (partiyalar ro‘yxati) asosida siyosiy partiyalarga berilgan ovozlar bo‘yicha yagona saylov okrugidan saylanishi nazarda tutilgan.

Shuningdek, siyosiy partiyalar tomonidan deputatlikka nomzodlar ko‘rsatilayotganda ayollar sonining eng kam miqdorini nomzodlar umumiy sonining o‘ttiz foizidan qirq foiziga oshirishни nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

aralash saylov tizimi, сенат

Shu bilan bir qatorda saylov komissiyalarining faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgarishlar ma’qullandi. Xususan, Markaziy saylov komissiyasi to‘qqiz nafar a’zodan iborat tarkibda saylanishi, Markaziy saylov komissiyasining raisi besh yillik muddatga saylanishi, ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq Markaziy saylov komissiyasining raisi etib saylanishi mumkin emasligi qat’iy belgilanmoqda.

Shuningdek, Konstitutsiyaviy qonun bilan Saylov kodeksiga quyidagicha o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda:

  • saylov okruglari bir mandatli va yagona saylov okruglariga ajratilmoqda;
  • yagona saylov okrugida deputatlikka nomzodlar siyosiy partiyalar tomonidan nomzodlar ro‘yxati asosida taqdim etilishi nazarda tutilmoqda;
  • saylov komissiyalari tizimi takomillashtirilib, Markaziy saylov komissiyasi; hududiy saylov komissiyalari; tuman va shahar saylov komissiyalari; alq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga saylov o‘tkazish bo‘yicha okrug saylov komissiyalari va uchastka saylov komissiyalari saylov komissiyalari tizimini tashkil etishi belgilanmoqda;
  • partiya ro‘yxatini ro‘yxatga olish muddatlari va tartibi belgilanmoqda;
  • partiya ro‘yxatidan deputatlikka nomzodni chiqarish, partiya ro‘yxati asosida shakllantirilgan va bo‘shab qolgan Qonunchilik palatasi deputatlari o‘rnini to‘ldirishga doir normalar belgilanmoqda;
  • yagona saylov okrugi bo‘yicha Qonunchilik palatasi deputatligiga saylov natijalarini aniqlash va deputatlik o‘rinlarini taqsimlash tartibi belgilanmoqda.

Shuningdek, Markaziy saylov komissiyasi a’zolari soni to‘qqiz nafar etib belilanib, uning kamida bir nafar a’zosi Qoraqalpog‘iston vakili bo‘lishi, shuningdek, Markaziy saylov komissiyasining raisi besh yillik muddatga saylanishi va ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq Markaziy saylov komissiyasining raisi etib saylanishi mumkin emasligi belgilanmoqda.

Markaziy saylov komissiyasining, hududiy saylov komissiyalarining, okrug va uchastka saylov komissiyalarining vakolatlari aniqlashtirilib, tuman, shahar saylov komissiyasining vakolatlarini belgilovchi yangi normalar bilan to‘ldirilmoqda.

aralash saylov tizimi, сенат

Bundan tashqari, “O‘zbekiston Respublikasining referendumi to‘g‘risida”gi Qonunga quyidagi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda:

  • referendum tashkil etish va o‘tkazishda referendum okruglarini tuzish tartibi bekor qilinib, mazkur vazifa Qoraqalpog‘iston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi, viloyatlar va Toshkent shahar hududiy saylov komissiyalari, tuman va shahar saylov komissiyalari, uchastka saylov komissiyalari tomonidan amalga oshirilishi belgilanmoqda;

Markaziy saylov komissiyasiga:

  • fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining kuzatuvchilari uchun mandat namunasini belgilash, imzo varaqalari to‘g‘ri to‘ldirilganligini tekshirish uchun ichki ishlar organlarining, adliya organlarining mutaxassislari, shuningdek fuqarolik jamiyati institutlari vakillarini jalb etgan holda ekspert guruhini tuzish vakolatlari berilmoqda;
  • tuman, shahar saylov komissiyalarining hamda uchastka saylov komissiyalarining vakolatlari belgilanmoqda;
  • O‘zbekiston hududida joylashgan referendum uchastkalarida ovoz berish qutilarini soat 20:00 dan oldin ochish va ovozlarni sanab chiqishga yo‘l qo‘yilmasligi belgilanmoqda;
  • Markaziy saylov komissiyasining ovoz berish yakunlarini haqiqiy emas deb topish to‘g‘risidagi qarori ustidan Oliy sudga shikoyat qilish muddatini referendum yakunlari e’lon qilingan kundan e’tiboran o‘n kundan besh kunga qisqartirilmoqda;
  • referendumga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishda ommaviy axborot vositalari vakillarining ishtirok etish tartibi belgilanmoqda.

“Aralash saylov tizimi, ya’ni majoritar va proporsional saylov tizimiga o‘tilishi, eng avvalo siyosiy partiyalarning yanada faollashuviga, jamiyat hayotida ularning roli oshib borishiga, parlament a’zolarining tegishli partiya oldidagi mas’uliyatining kuchayishiga olib keladi. Deputatlikka nomzodlarning kamida 40 foizi yoki har 5 nafardan 2 nafari ayol kishi bo‘lishi kerakligiga oid norma ham Konstitutsiyamizda mustahkamlangan. Ya’ni davlat xotin-qizlar va erkaklarga jamiyat hamda davlat hayotining barcha sohalarida teng huquq va imkoniyatlarni ta’minlashiga amaliy misol bo‘ladi”, — dedi Senat raisi Tanzila Narbayeva.

Muhokamalardan so‘ng qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi. Endi qonun prezident tomonidan imzolanishi kerak.

Siyosiy partiyalarning rolini oshirish uchun aralash saylov tizimiga o‘tish taklifi mart oyida O‘zbekiston prezidenti tomonidan deputatlar bilan uchrashuvda ilgari surilgan edi. Konstitutsiyaning yangi tahriri bo‘yicha referendumdan so‘ng Shavkat Mirziyoyev 8-may kuni majoritar-proporsional saylov tizimini joriy etish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.

Bungacha O‘zbekistonda parlament saylovlari majoritar tizim bo‘yicha o‘tkazilib, unda o‘z saylov okrugida ko‘pchilik ovoz olgan nomzodlar saylangan deb hisoblanardi.

Siyosatshunos Farxod Tolipov avvalroq yangi tizim qanday ishlashini tushuntirgan edi. Shuningdek, u siyosiy turg‘unlik sharoitida yangi saylov tizimiga o‘tish kutilgan natijani bermasligini ta’kidladi.