Yevropa Ittifoqining sanksiyalar bo‘yicha maxsus vakili Devid O’Sallivan 29−30-noyabr kunlari Toshkentga tashrif buyuradi, deb xabar qildi ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi matbuot xizmati.

Tashrifdan ko‘zlangan maqsad “O‘zbekiston hukumati bilan Rossiyaning Ukrainaga qarshi harbiy tajovuziga javoban Yevropa Ittifoqi sanksiyalari bo‘yicha konstruktiv muloqotni davom ettirish”, deyiladi bayonotda.

O’Sallivan 28-noyabr kuni Qozog‘istonga tashrif buyuradi va u yerda mamlakat rasmiylari bilan bir qator uchrashuvlar o‘tkazish rejalashtirilgan.

O’Sallivanning O‘zbekistonga avvalgi tashrifi shu yilning aprel oyida bo‘lib o‘tgandi. O‘shanda diplomat O‘zbekiston va Yevroittifoq mamlakat hududidan Rossiyaga qarshi sanksiyalarni chetlab o‘tish, xususan, ikki maqsadli tovarlarni qayta eksport qilish uchun foydalanilmasligini ta’minlash borasida qanday ishlar olib borayotgani haqida gapirib bergan.