Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov 22-noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida bo‘lib o‘tgan hukumat soatida O‘zbekistonda benzin bilan bog‘liq vaziyatga izoh berdi. Bunga “Gazeta.uz” e’tibor qaratdi.

“Buni taqchillik deb bo‘lmaydi, lekin joylarda narxlarni sun’iy ravishda o‘zgartirgan yoqilg‘i quyish shoxobchalariga qarshi choralar ko‘rilmoqda. Ehtiyojni qondirish uchun ichki ishlab chiqarishni oshirish va qo‘shimcha hajmda import qilish choralari ko‘rilmoqda”, — dedi u.

“To‘g‘ri, [O‘zbekistondagi benzin bilan bog‘liq vaziyatga] Rossiya hukumati tomonidan joriy qilingan [benzin eksportiga] vaqtinchalik cheklov ta’sir qildi. Prezidentimizning 5−6-oktabr kunlari [Moskvaga] tashrifi davomida hukumatlararo kelishuvga erishilgan edi, unga ko‘ra, istisno tariqasida, cheklovdan qat’iy nazar, bizga [benzinni] kafolatli eksport qilish imkoniyati berildi. Hozirgi kunda Rossiya kompaniyalaridan import qilingan benzin yetkazib berish boshlandi. oktabr oyida tuzilgan kelishuv tufayli noyabr oyida dastlabki partiyalar kelishni boshladi”, — dedi Energetika vaziri.

Eslatib o‘tamiz, Rossiya hukumati sentabr oyida benzin va dizel yoqilg‘isi eksportini vaqtincha chekladi. Taqiq Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi mamlakatlariga (Rossiyadan tashqari Qozog‘iston, Belarus, Armaniston va Qirg‘izistonni ham o‘z ichiga oladi), Abxaziya va Janubiy Osetiyaga yetkazib berishga ta’sir qilmadi. 17-noyabr kuni cheklovlar bekor qilindi.

Bugungi kunga qadar O‘zbekistonda 1,16 million tonna benzin ishlab chiqarilgan bo‘lsa, yil oxiriga qadar mahalliy va import qilinadigan neftni qayta ishlash hisobiga ishlab chiqarishni 1 million 329 ming tonnaga yetkazish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, 371 ming tonna benzin import qilish rejalashtirilgan. Bu hajmning 100 ming tonnasi “O‘zbekneftgaz”dan, yana 270 ming tonnasi esa xususiy korxonalar tomonidan yetkazib berilishi kerak. Noyabr-dekabr oylarida 80 ming tonna yoqilg‘i yetkazib berilishi kutilmoqda.

oktabr va noyabr oyining boshlarida O‘zbekistondagi ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari Toshkentda Ai-92 va Ai-95 sotiladigan yoqilg‘i quyish shoxobchalarini topishdagi muammolar tufayli aholi Qozog‘istonga ketayotgani haqida xabar berishdi. Shu fonda Rossiyaning “Lukoyl” yoqilg‘i quyish shoxobchasida Ai-95 narxi 14,5 ming so‘mdan 18,5 ming so‘mga ko‘tarildi. Ba’zi yoqilg‘i quyish shoxobchalarida Belarusning Ai-95 benzini paydo bo‘ldi.

Yil boshida O‘zbekistonga benzin importining deyarli barchasi Rossiya bozoridan kelgandi.