Shahar bosh rejasisiz Toshkentni barqaror rivojlantirish — imkonsiz. Ushbu hujjatga bo‘lgan ehtiyoj oldindan bilib bo‘lmaydigan, rejadan tashqari qurilishlar shahardagi transport bilan bog‘liq muammolarni hal qilishga imkon bermayotgani bilan izohlanadi. Bu haqda O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida shaharsozlikni barqaror rivojlantirish masalalari muhokamasi chog‘ida Ichki ishlar va Transport vazirliklari vakillari, shuningdek, shaharshunos Iskandar Soliyev ta’kidlab o‘tdi.

Tadbir 16-noyabr, payshanba kuni bo‘lib o‘tdi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz” muxbiri. Eshituv BMT Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish oyligi doirasida Qonunchilik palatasining Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi hamda Senatning Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish va ekologiya qo‘mitasi raisligida bo‘lib o‘tdi.

barqaror rivojlanish, jamoat transporti, yhx, ko‘kalamzorlashtirish, odamlar uchun shahar, orzudagi тошкент, pullik to‘xtash joylari

Foto: Qonunchilik palatasi Matbuot xizmati.

Toshkent ko‘chalaridagi vaziyat

IIV Yo‘l harakati xavfsizligi muammolarini o‘rganish markazi rahbari Mashrab Razzoqovning qayd etishicha, 2022-yilda Toshkent shahrida ro‘yxatga olingan avtomobillar soni 730 mingdan ziyodni tashkil etgan. Qolaversa, avtotransport vositalari sonining o‘sish sur’ati 2021-yilga nisbatan qariyb ikki karra oshgan: 2021-yilda poytaxtda 45 mingta yangi avtomobil ro‘yxatga olingan bo‘lsa, 2022-yilda ularning soni 76 mingtaga yetgan.

Bundan tashqari, turli manbalarga ko‘ra, Toshkentga turli hududlardan kuniga 160 mingdan 300 minggacha avtomobil va 1,5 milliondan ziyod kishi kirib keladi.

Shaharlararo poyezdlar va samolyotlar muayyan reyslari va yo‘nalishlari mavjud emasligi, shuningdek, chiptalar narxining qimmatligi Toshkentga kirib keluvchi avtomobillar sonini sun’iy ravishda oshirmoqda, deya ta’kidladi Mashrab Razzoqov.

barqaror rivojlanish, jamoat transporti, yhx, ko‘kalamzorlashtirish, odamlar uchun shahar, orzudagi тошкент, pullik to‘xtash joylari

Foto: Qonunchilik palatasi Matbuot xizmati.

Uning qo‘shimcha qilishicha, samolyot, poyezd va shaharlararo avtobuslarga chipta sotib olish, vokzal va aeroportlarga yetib borish, avtobus to‘lishini kutish odamlarga noqulaylik tug‘dirganligi uchun ular avtomobilni afzal ko‘radi. Barqaror shaharlararo transport turlarining mavjud emasligi taksilarni harakatlanish uchun eng jozibali transport vositasiga aylantirmoqda.

“Jamoatchilik so‘rovi ishtirokchilarining 62 foizining fikriga ko‘ra, Toshkent shahridagi tirbandliklarning asosiy sabablari avtomobil boshqarish madaniyati, jamoat transporti uchun alohida ajratilgan yo‘laklarning mavjud emasligi, yo‘l harakati qoidalarining buzilishi va avtomobil to‘xtash joylarining tashkillashtirilmaganligi hisoblanadi”, — deydi Mashrab Razzoqov.

Ekologiya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Toshkent shahrida atmosferaga ajratilayotgan chiqindilarning 90 foizdan ortig‘i avtomobil transporti hissasiga to‘g‘ri keladi. Poytaxt muntazam ravishda dunyodagi eng yomon havo sifatiga ega shaharlar qatoridan joy olib kelmoqda.

Mashrab Razzoqovning ta’kidlashicha, talabalar hisobiga Toshkent yo‘l tarmog‘iga sezilarli yuklama tushadi. Poytaxtdagi oliy o‘quv yurtlarida 360 ming nafarga yaqin talaba tahsil oladi. Ularning 54 foizi ertalabki tig‘iz vaqtda avtomobil va taksilardan foydalanadi.

barqaror rivojlanish, jamoat transporti, yhx, ko‘kalamzorlashtirish, odamlar uchun shahar, orzudagi тошкент, pullik to‘xtash joylari

Bundan tashqari, tirbandliklar yuk tashish transportining tartibga solinmaganligi sababli yuzaga keladi. Poytaxtda 50 ming yuk avtomobili ro‘yxatga olingan. Shahar hududiga viloyatlardan kuniga yana 7 ming yuk mashinasi kirib keladi.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, ish bilan ta’minlangan fuqarolar va talabalarning harakatchanligi (mobilligi) kuniga 6 million safarni tashkil qiladi. Vaholanki, jamoat transporti bu talabning to‘rtdan bir qisminigina ta’minlashga qodir.

Yo‘l harakati xavfsizligi muammolarini o‘rganish markazi rahbari atmosferaga ajratilayotgan chiqindilarni kamaytirish uchun eski avtotransport vositalarining harakatlanishini cheklash, havoni ifloslantirganlik, shuningdek, ikki yoki undan ortiq avtomobilga egalik qilganlik uchun soliq joriy etish, jamoat transporti uchun ajratilgan yo‘laklar, shuningdek, velosiped yo‘laklarining barqaror ishlashini yo‘lga qo‘yish va yo‘l chetida pullik to‘xtash joylarini tashkil etishni taklif qildi.

Mashrab Razzoqov poytaxtda tirbandliklarning oldini olish uchun davlat xizmatchilari, voyaga yetmaganlar va talabalar uchun jamoat transporti va shaharlararo elektr poyezdlarini bepul qilish, yerosti va yer usti piyodalar o‘tish joylari, shuningdek, ko‘p qavatli avtoturargohlar qurishni taklif etdi.

Shaharshunos Iskandar Soliyev yo‘l o‘tkazgichlar qurilishi, yo‘l o‘tkazuvchanligini oshirish maqsadida svetoforlar sonining qisqartirilishi, an’anaviy piyodalar o‘tish joylarini yerosti va yer usti piyodalar o‘tish joylariga almashtirish tirbandlik muammosini yanada chuqurlashtirmoqda, deya e’tiroz bildirdi. Piyodalar va velosipedchilar uchun shahar muhitining mavjud emasligi shaxsiy transport vositalariga talabni oshiradi. Hozirgi soliqqa tortish tizimi sharoitida jamoat transporti bepul bo‘lishi mumkin emas, deydi ekspert.

“Gazeta.uz” transport muammolarini hal etishda ko‘chalarni kengaytirish, yo‘l o‘tkazgichlar, yer osti va yer usti piyodalar o‘tish joylarini qurish samarasiz ekani xususida o‘nlab materiallar e’lon qilgan. Ularni material oxiridagi “yhx”, “odamlar uchun shahar” va “orzudagi Toshkent” kabi teglar yordamida topish mumkin.

Pullik avtoturargohlar

“Gazeta.uz” jurnalisti Sabina Bakayevaning ta’kidlashicha, rejali ishlaydigan yaxshi jamoat transportisiz shaharni barqaror rivojlantirish imkonsiz.

barqaror rivojlanish, jamoat transporti, yhx, ko‘kalamzorlashtirish, odamlar uchun shahar, orzudagi тошкент, pullik to‘xtash joylari

Foto: Qonunchilik palatasi Matbuot xizmati.

“Brutto-shartnomalarga o‘tgan avtobus yo‘nalishlari haydovchilari bilan suhbatlashdim. Aytishlaricha, ular uchun reja bekor qilinmagan. Transport vazirligining menga ma’lum qilishicha, buning sababi — Soliq qo‘mitasining sustkashligi. Avtobuslar uchun ajratilgan yo‘laklar ham bir qator sabablarga ko‘ra tuzuk ishlab ketmadi”, — deydi u.

Jurnalistning qo‘shimcha qilishicha, Toshkent 1000 dan ortiq katta va o‘ta katta sig‘imli avtobuslar xarid qilib, jamoat transportini rivojlantirish yo‘lida katta qadam tashladi. Biroq, ular hali ham tirbandlikda qolib ketmoqda, yo‘l chetida to‘xtab turgan mashinalar ularning harakatlanishiga xalal beryapti, avtobus bekatiga yetib borish esa “piyodalar uchun jirkanch muhit va mashinalar qo‘yilgan piyodalar yo‘laklari tufayli” qiyinlashmoqda.

“Mening fikrimcha, odamlarga baxtli yashash uchun do‘stona shahar muhiti kerak: borishing kerak bo‘lgan joyga bemalol borolsang — xoh velosipedda, xoh avtobusda, xoh krossovka yo poshnali poyabzalda piyoda, xoh shaxsiy avtomobilda asabiylashmay; yoki piyodalar yo‘lagida bemalol yurolsang — u yerning xavfsiz ekanligi va farzanding mashina g‘ildiraklari ostida halok bo‘lmasligiga ishonching komil bo‘lganidan uning qo‘lini bemalol qo‘yib yubora olsang. Bu borada Toshkent — ko‘chada o‘zini xatar ostida his qiladigan baxtsiz va asabiy odamlar shahri”, — deydi jurnalist.

barqaror rivojlanish, jamoat transporti, yhx, ko‘kalamzorlashtirish, odamlar uchun shahar, orzudagi тошкент, pullik to‘xtash joylari

Sabina Bakayeva 2022-yilda poytaxtda jamoat transportini rivojlantirish bo‘yicha prezident qarori imzolanganiga e’tibor qaratdi. Uning bandlaridan birida Toshkent shahrining 10 ta ko‘chasida sinov tariqasida yo‘l chetida pullik avtoturargohlar tashkil etish nazarda tutilgan. 2022-yil dekabr oyida Toshkent shahar hokimi tomonidan tajriba uchun tanlangan 10 ta ko‘chada yo‘l chetida pullik avtoturargohlar tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qilindi, tender o‘tkazildi va DXSH shartnomasi imzolandi. Biroq poytaxt markazidagi avtoturargohlar haligacha pullik qilinmadi.

“Ogohlantirishni istardimki, pullik avtoturargohlarni tashkil qilish huquqini beruvchi uzoq muddatli DXSH xato bo‘lishi mumkin. Agar shahar besh yildan keyin yo‘lni toraytirish yoki ko‘chani piyodalar uchun moslashtirish to‘g‘risida qaror qabul qilsa, uzoq muddatli shartnomani hisobga olgan holda buni amalga oshirish qiyin bo‘lishi mumkin, degan mulohaza bor. Pullik avtoturargoh jamoat transportiga xalaqit qilishi mumkin, degan mulohaza bor. Albatta, haydovchilar to‘xtash joyi uchun pul to‘lash kerakligidan norozi bo‘ladi, biroq bularning barchasi hal qilish mumkin bo‘lgan muammolar. Olti yil ichida Toshkent dunyoning eng qulay 50 ta shahri qatoriga kirishi kerak. Bu natijaga xatolarsiz erishish mumkin emas. Biroq oxiri yo‘q hisob-kitob va qo‘rquv bilan rivojlanish bo‘lmaydi”.

Sabina Bakayeva avtoturargohlar tariflari va tariflarni to‘lamaganlik uchun jarimalar dastlab past bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi. Bu qoidalarga rioya qilishga tayyor bo‘lgan qonunga bo‘ysunuvchi fuqarolarni to‘xtash joyi uchun pul to‘lashga odatlantirish zarurligi bilan izohlanadi.

barqaror rivojlanish, jamoat transporti, yhx, ko‘kalamzorlashtirish, odamlar uchun shahar, orzudagi тошкент, pullik to‘xtash joylari

Toshkent ko‘chalari hech kim kurashmayotgan, noqonuniy avtoturargoh xodimlari tomonidan egallab olingan.

“Avvaliga odamlar qoidalarga rioya qilishni o‘rganishlari lozim. Keyin jarimalarni joriy qilish mumkin bo‘ladi. Chunki [qoidani] buzishni istamaganlarni jarimaga tortish noto‘g‘ri. Odamlar avtomobilni qanday qo‘yishni yoki qanday to‘lashni bilmasliklari mumkin. Ularga buni noqonuniy avtoturargoh xodimlari o‘rgatishi mumkin. 10 yil oldin Moskvada pullik avtoturargoh joriy etilganida, to‘lov dastlab soatiga 80 rubl bo‘lgan — o‘sha paytda qariyb 3 dollar. Biz uchun bu juda qimmat; boshlanishiga arzonroq qilish mumkin. Keyin asta-sekin jarimalar va majburlash vositalarini — evakuatsiyani joriy qilish mumkin”.

“Qonunchilik palatasi deputatlari bu muammoni hal qilishda yordam berishlari mumkin — deya ta’kidladi jurnalist. — Menga Transport vazirligida ma’lum qilishlaricha, yo‘l chetida pullik avtoturargohlar joriy etilmayotganiga sabab — Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda pullik avtoturargohdan foydalanganlik uchun to‘lovni to‘lamaganlik uchun jarima nazarda tutilmaganligi”.

Sabina Bakayevaning qo‘shimcha qilishicha, yo‘l chetidagi pullik avtoturargohlar joriy etilishi bilan bir vaqtda [ko‘p qavatli uylar, turar joy mavzelarining] hovlilar[i]dagi avtoturargohlar muammosini ham hal qilish zarur, chunki avtoturargoh uchun pul to‘lashni istamagan haydovchilar turar joy hududiga kirib boradi. Aholi bundan norozi bo‘ladi va turar joylardagi atrof-muhit yanada xavfliroq bo‘ladi.

“Shuning uchun mahallalar va boshqaruv kompaniyalari norezidentlarga o‘z hovlilarida avtomobil qo‘yishni taqiqlashi yoki ular uchun tarif joriy etishi mumkin. Yig‘ilgan pulni hovlilarni rivojlantirishga yo‘naltirsa bo‘ladi”, — taklif qildi jurnalist.

Sabina Bakayevaning fikricha, pullik avtoturargoh shahar muhitini darrov o‘zgartiradi. Agar biror joyda to‘xtash mumkin bo‘lmasa, haydovchilar aynan qayerda ekanligini bilishlari kerak: piyodalar yo‘lagida, dublyorlarda, hovlilarga kirish joyida — bularning barchasi tushunarli bo‘lishi lozim va buning uchun atrof-muhit dizaynini o‘zgartirish talab qilinadi.

“Pullik avtoturargoh tashkil etilishi natijasida yuzaga keladigan boshqa o‘zgarishlar sirasiga yuk mashinalari karkaslari, yuk tashish transporti uchun vaqtincha tushirish va yuklash zonalarini tashkil etish, ularning markazda to‘xtab turish vaqtini cheklash kabilarni kiritish mumkin”, — deydi Sabina Bakayeva.

“Eng asosiysi — odamlar jamoat transportiga o‘tishni boshlaydi, aks holda ular avvaliga bo‘sh to‘xtash joyini topishlari, keyin esa o‘sha joyda mashinasi turib turishi uchun pul ham to‘lashlariga to‘g‘ri keladi. Avvaliga haydovchilar pullik avtoturargohlar ularning huquqlarini „buzyapti“ deb hisoblashlari mumkin. Biroq bu bizning ko‘chaga chiqishimiz bilan tahdid ostida qolayotgan konstitutsiyaviy yashash huquqimizni ta’minlaydi”, — deydi jurnalist.

U deputatlardan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga yo‘l bo‘yida pullik avtoturargohlarni joriy etish va jamoat transportini yanada rivojlantirish imkonini beradigan yakuniy o‘zgartirishni kiritishni so‘radi.

Shaharni ko‘kalamzorlashtirish

Global ekologik fondning Kichik grantlar dasturi milliy koordinatori Aleksey Volkov GEF KGDning tashabbuskorlar bolalarga urug‘lardan daraxt yetishtirishni o‘rgatayotgan loyihasi haqida so‘z yuritdi. Bu biologiya darslarining bir qismi hisoblanadi.

barqaror rivojlanish, jamoat transporti, yhx, ko‘kalamzorlashtirish, odamlar uchun shahar, orzudagi тошкент, pullik to‘xtash joylari

Foto: Qonunchilik palatasi Matbuot xizmati.

Loyiha Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanidagi 10 ta umumta’lim maktabida amalga oshirilmoqda. Bahorda maktablarga tutash hududlarga ko‘chatlar ekilishi kutilmoqda. Loyiha yakunida kuratorlar tomonidan O‘zbekistondagi barcha maktablar foydalanishi mumkin bo‘lgan qo‘llanma ishlab chiqiladi.

Aleksey Volkov har bir daraxtning qiymatini pul ko‘rinishida hisoblash mumkinligini ta’kidladi. Daraxtlar havoni tozalaydi, agar ular bo‘lmasa, uni o‘pkalarimiz filtrlashiga to‘g‘ri keladi. Shunday qilib, yashil qoplamning qiymati sog‘liqni saqlash tizimini qo‘llab-quvvatlash uchun davlat xarajatlari va mehnatga layoqatli fuqaro yomon ekologiya oqibatlari tufayli erta vafot etgan taqdirda kelib chiqadigan iqtisodiy yo‘qotishlardan kelib chiqib hisoblanadi.

Aleksey Volkovning so‘zlariga ko‘ra, shahar atrof-muhitini rivojlantirishga qaratilgan davlat dasturlarining kamchiligi shundaki, ularning iqtisodiy va ijtimoiy ta’siri yuzasidan tegishli tahlillar o‘tkazilmaydi. U parlamentga har qanday loyihani ijtimoiy-iqtisodiy va ekologik jihatdan asoslash zarurligini nazarda tutuvchi qonun qabul qilishni taklif etdi.

“Gazeta.uz” o‘quvchilar qo‘li bilan shaharlarni ko‘kalamzorlashtirish bilan bog‘liq GEF KGD loyihasi haqida batafsil material tayyorlamoqda.

Yig‘ilish raislari — Ekologik partiyadan saylangan deputat, Qonunchilik palatasining Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi raisi Xayrillo Gapparov, Senatning Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish va ekologiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Botir Matmuratov ma’ruzachilarning takliflari o‘rganilib, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish choralari ko‘rilishini ma’lum qildi.