Meksika chegarasi orqali Amerika Qo‘shma Shtatlariga kirishga urinayotgan O‘zbekiston fuqarolarini chiqarib yuborish siyosatiga shoshilinch o‘zgartirishlar kiritildi, deya xabar bermoqda mamlakatning Toshkentdagi elchixonasi matbuot xizmati.

AQSh Ichki xavfsizlik departamentining bildirishicha, endilikda Meksika chegarasi orqali AQShga noqonuniy kirayotgan O‘zbekiston fuqarolari AQShga qo‘yib yuborilmaydi (hozirgacha chegarani noqonuniy kesib o‘tgan fuqarolar migratsion maqom olish bo‘yicha sud bo‘lib o‘tgunga qadar mamlakat ichkarisiga qo‘yib yuborilishi mumkin edi — tahr). Buning o‘rniga ular bilan bog‘liq immigratsiya ishi hal qilingunga qadar hibsda saqlanadi.

“AQSh mamlakatda qolish uchun qonuniy asosga ega bo‘lmagan fuqarolarni chiqarib yuborish masalasi bo‘yicha O‘zbekiston hukumati bilan yaqindan hamkorlik qilmoqda. Chiqarib yuborish tijorat aviakompaniyalari hamda Immigratsiya va bojxona nazorati bilan tuzilgan charter reyslari orqali amalga oshirilmoqda”, — deyiladi xabarda.

Elchixona Meksika chegarasi orqali noqonuniy migratsiya xavfli va qimmatligini qayd etib, kontrabandachilarning yolg‘on va’dalariga uchmaslikni so‘radi. Mamlakatga sayohat qilish uchun xavfsiz va qonuniy vositalardan foydalanishni maslahat berdi.

Qayd etilishicha, chegarani noqonuniy kesib o‘tgan shaxslar mamlakatga kamida besh yil ichida qonuniy ravishda qayta kirishlari taqiqlanadi. Noqonuniy migratsiyaga yordam beradigan oila a’zolari ham viza olishdan butunlay mahrum etilishi mumkin.

“Mamlakat xavfsiz, tartibli va insonparvar migratsiya jarayonlarini rivojlantirish maqsadida chet ellik hamkorlar bilan faoliyat olib boradi hamda Qo‘shma Shtatlarda qolish uchun qonuniy asosga ega bo‘lmagan barcha noqonuniy kiruvchilar va fuqaroligi bo‘lmaganlarni immigratsiya qonunchiligi (Title 8) vakolati ostida tezda mamlakatdan chiqarib yuboradi”, — deyiladi elchixona xabarida.

Avgust oxirida CNN telekanali ISHIDga aloqadorlikda gumon qilingan kontrabandachi o‘zbekistonlik bir guruh muhojirlarga Meksika orqali AQShga kirishga yordam bergani haqida xabar bergandi.

Ushbu voqeadan keyin AQSh prezidenti administratsiyasi Yevropa Ittifoqidan O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolaridan tranzit vizalarini talab qilishni so‘ragan.

Avvalroq Fox News 2021-yildan 2023-yilgacha AQSh hukumati tomonidan “alohida qiziqish uyg‘otuvchi shaxslar” sifatida tasniflangan o‘n minglab muhojirlar Meksika orqali AQShga noqonuniy kirishga harakat qilishganini bildirgandi. Qo‘lga olinganlarning 13 mingdan ortig‘i O‘zbekiston fuqarolari bo‘lgan.