Shavkat Mirziyoyev 18-noyabr kuni Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Habib Abdullayev mahallasida bo‘ldi, deb xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Mahallada 4 ming 400 dan ortiq aholi istiqomat qiladi. Bu yerda 50 ga yaqin savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, ta’lim muassasalari joylashgan. 38 ta ko‘p qavatli uy va to‘rtta ijtimoiy obyektga “Madaniyatli hudud” boshqaruv servis kompaniyasi xizmat ko‘rsatilmoqda.

тошкент, шавкат мирзиёев, energiya tejash

Joriy yilda otalar choyxonasi, amfiteatr, Wi-Fi hudud barpo etildi, ichki yo‘llar va bolalar maydonchalari ta’mirlandi, deyiladi xabarda.

“Yashil makon” loyihasi doirasida shu kuzda 2 ming tupdan ortiq manzarali va mevali ko‘chatlar ekildi. Ikkita artizan quduq qazilib, yashil maydonlarni sug‘orish tizimi yaratildi.

тошкент, шавкат мирзиёев, energiya tejash

Prezident tuman aholisi bilan suhbatda energiyani tejash, xonadonlarda issiqlikni asrash, har bir insonda energiya tejash madaniyatiga daxldorlik tuyg‘usini shakllantirish zarurligini ta’kidladi.

“Dunyodagi iqlim o‘zgarishlari bizdan uzoqda, deb bo‘lmaydi. O‘tgan yilgi sovuq buni ko‘rsatdi. Endi iqlim o‘zgarishini inobatga olib, dunyoqarashimizni ham o‘zgartirishimiz kerak. Har bir fuqaro „bu mening uyim, mening mahallam, mening tumanim, mening vatanim“ deb yashasa, natija biz kutgandek bo‘ladi”, — dedi u.

Bu mahallada ham qish oldidan o‘nta transformator ta’mirlandi, elektr simlari almashtirildi. Ko‘p qavatli uylarning kirish yo‘laklar kapital ta’mirlandi, yangi eshiklar o‘rnatildi. Uylarning yerto‘lasidagi issiqlik quvurlari yangilandi.

тошкент, шавкат мирзиёев, energiya tejash

Prezident Toshkent shahridagi 585 ta mahalla fuqarolar yig‘inida aholi turmush sharoitini yaxshilash uchun katta mablag‘ ajratilayotgani va imkoniyatlar yaratilayotganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, aholi “o‘z uyi, mahallasi va ko‘chasini obodonlashtirishga befarq bo‘lmasligi, farzandi salomatligi uchun hech bo‘lmaganda bitta daraxt ekishga tayyor bo‘lishi” uchun dunyoqarashini ham o‘zgartirishi kerak.

“Biz jonajon O‘zbekistonimiz kelajagini barpo etish yo‘lida harakat qilyapmiz. Saxovatli va ko‘p millatli xalqimiz bor. Xalqimizning asosiy boyligi — tinchlik”, — dedi u.

тошкент, шавкат мирзиёев, energiya tejash

Davlat rahbari quyosh, shamol va gidroenergetika sohasida misli ko‘rilmagan ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi. “Bu yil Sirdaryoda 1200 MVtlik yangi stansiyasini ochyapmiz. Bir yilda quramiz. Agar kimdir o‘z iqtisodiyotini, davlatini o‘ylasa, kamida 50 yil oldinga hisob-kitob qilishi kerak. 50 yil!” dedi u.

Prezident aholi soni yiliga 1 million kishiga oshib borayotganini qayd etdi. “Biz bu yil yakuni kelib biz 37 million bo‘lamiz. Uch yildan keyin 40 million bo‘lamiz. Bu ham bizning katta boyligimiz. Lekin uning tagida. qancha pensiya, qancha nafaqa, qancha bog‘cha, qancha maktab kerak? Shuncha bog‘cha bormidi O‘zbekistonda? Yo‘q edi. Shuncha maktab bormidi O‘zbekistonda? Yo‘q edi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

O‘zbekiston prezidenti 14-oktabr kuni Toshkent shahri aholisi bilan muloqotda rahbarlarning hisobotini eshitgani va qish mavsumiga tayyorgarlikni yakunlash uchun yana bir oy muddat berganini ma’lum qilgandi. U 15-noyabr kuni yana mahallalarga borib, amalga oshirilgan ishlar bilan yaqindan tanishishga va’da bergandi. Prezidentning poytaxtdagi bir qator yangi va yangilangan issiqlik inshootlariga tashrifi haqida avvalroq xabar bergandik.