“Adolat” sotsial-demokratik partiyasi “renovatsiyaning” mustahkam qonunchilik asoslari bo‘lmaguncha uning asosida Toshkent shahrida yangi qurilishlarni amalga oshirishga qarshi chiqdi.

Avvalroq Bandlik va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi Vazirlar Mahkamasining Chilonzor tumanini Xitoy tajribasi asosida, shu jumladan yangi yondashuvlar, innovatsion va “yashil texnologiyalar” hamda boshqaruvda zamonaviy usullarini qo‘llagan holda kambag‘allikdan chiqarish to‘g‘risidagi qarori loyihasini jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilgandi.

Loyihaga ko‘ra, Chilonzor tumani hududidan Do‘mbirobod, Kichik halqa yo‘li, Dilxush 2-tor ko‘chasi kesishmalari oralig‘ida (Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi yoki 16-shahar shifoxonasi qarshisida) joylashgan yo‘l bo‘yidagi aholi xonadonlari hamda xizmat ko‘rsatish obyektlarini egalari bilan kelishgan holda renovatsiya asosida ko‘p qavatli qilib qayta qurish va 1-qavatida yangi zamonaviy xizmat ko‘rsatish obyektlari tashkil etiladi.

“Adolat” sotsial-demokratik partiyasi faollari va ekspertlari tomonidan mazkur qaror loyihasi atroflicha o‘rganilib, tahlil etilganida unda rejalashtirilayotgan ayrim masalalar yuzasidan savollar yuzaga kelgan.

Ta’kidlanishicha, “renovatsiya”ning mustahkam huquqiy asosi, xususan, uni amalga oshirishning qat’iy talab va tartiblari, uy-joy mulkdorlari huquqlariga rioya etish kafolatlari bo‘lmasdan turib, bu borada loyihalarning amalga oshirilishi jismoniy va yuridik shaxslarning manfaatlariga putur yetkazishi mumkin.

Partiya mazkur qaror loyihasini renovatsiyaga oid qonunchilik asoslari mavjud emasligini hamda keng jamoatchilik, shu jumladan Chilonzor tumani aholisi bilan har tomonlama muhokama qilib, ularni fikrini inobatga olgan holda takomillashtirish maqsadga muvofiq, deb hisoblaydi.