Termiz shahrida Surxondaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishda Shavkat Mirziyoyev suv masalasiga ham to‘xtaldi, deya xabar bermoqda davlat rahbari matbuot xizmati.

Prezident yig‘ilishda yaqin yigirma yilda Amudaryo va Sirdaryo oqimi 15 foiz kamayishi kutilayotganini ta’kidladi. Suv tejovchi texnologiyalar kengaytirilayotgani, lekin bu yetarli emasligini qayd etdi.

“„Suv tekin emas“, degan g‘oyani aholiga chuqur singdirish, uni mahalla faollari, nuroniylar, ziyolilar va keng jamoatchilik bilan birga kundalik turmush qoidasiga aylantirish asosiy vazifa bo‘lishi lozim”, — dedi prezident.

Viloyatda 80 foiz yerlar nasos orqali sug‘oriladi. Biroq 52 ta nasosning xizmat muddati 40 yildan oshgan. Oqibatda suv tannarxi 2 barobar qimmatga tushayotgani, yiliga 20 million kilovatt soat elektr behuda sarflanayotgani, yana 20 ming gektarda suv ta’minoti yomonlashgani ko‘rsatildi.

Shuningdek, 1 ming 700 kilometr sug‘orish tarmog‘ining yarmi tuproq o‘zanli bo‘lgani uchun 35 foiz suv yo‘qotilyapti. Shu bois davlat rahbari mutasaddilarga 47 ta kanalni betonlash bo‘yicha ikki yillik dastur ishlab chiqish, suv yo‘qotilishi ko‘p bo‘lgan 6 ta kanalni ta’mirlash vazifasini qo‘ydi.

Bundan tashqari, 2024-yilda “Sherobod magistral” kanalini ta’mirlashga 60 million dollar jalb etib, 90 ming gektar yerlarni tiklash bo‘yicha topshiriq berdi.

Eslatib o‘tamiz, ikki yil davomida O‘zbekistonda davlat budjetidan suv xo‘jaligiga qariyb 2 mlrd dollar ($2,54 mlrd davlat qarzini hisobga olmaganda) ajratilgan, ammo bu vaqt ichida suv isrofi va nasoslarning holati yaxshilanmagan. Sohaga 2024-yilda yana 1,7 trln so‘m va 300 mln dollarlik kredit ajratish rejalashtirilgan.

Mamlakatda qishloq xo‘jaligida yil davomida 39 mlrd kub metr suv iste’mol qilingan. Shundan 36 foizi yoki 14 mlrd kub metri tuproq o‘zanli kanal va ariqlarda yo‘qolgan. Yana 5−6 mlrd kub metr suv sug‘orishning eskirgan usullari tufayli yo‘qotilmoqda.

Bugungi kunda 2,5 million gektar maydonni sug‘orish uchun 5 mingdan ziyod nasos ishlatilib, yiliga 7 milliard kilovatt soat elektr sarflanadi. Lekin 80 foiz nasoslar 35−40 yildan beri ishlatilib, o‘z resursini o‘tab bo‘lgan.

2020-yilda ajratilgan mablag‘larga qaramasdan, nasoslarning 60 foizdan ortig‘i xizmat muddati tugagani, suv yo‘qotishlari esa 35−40 foizni tashkil etgani, ya’ni uch yil davomida nasoslarni modernizatsiya qilish va yo‘qotishlarni kamaytirish o‘rniga vaziyat yanada og‘irlashgani e’tiborga molik.