O‘zbekiston Bandlik va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi Vazirlar Mahkamasining Chilonzor tumanini Xitoy tajribasi asosida, shu jumladan yangi yondashuvlar, innovatsion va “yashil texnologiyalar” hamda boshqaruvda zamonaviy usullarini qo‘llagan holda kambag‘allikdan chiqarish to‘g‘risidagi qarori loyihasini muhokama uchun e’lon qildi.

Loyihaga ko‘ra, Chilonzor tumani hududidan Do‘mbirobod, Kichik halqa yo‘li, Dilxush 2-tor ko‘chasi kesishmalari oralig‘ida (Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi yoki 16-shahar shifoxonasi qarshisida) joylashgan yo‘l bo‘yidagi aholi xonadonlari hamda xizmat ko‘rsatish obyektlarini egalari bilan kelishgan holda renovatsiya asosida ko‘p qavatli qilib qayta qurish va 1-qavatida yangi zamonaviy xizmat ko‘rsatish obyektlari tashkil etiladi.

Bundan tashqari, Chilonzor tumani hududidan oqib o‘tuvchi “Bo‘rijar” kanalining ikki yon-atrofini obodonlashtirish orqali kanal atrofida aholi dam olish maskani va sport maydonchalari, umumiy ovqatlanish va savdo shoxobchalarini o‘z ichiga olgan gastronomik ko‘cha (sayilgoh) tashkil etish rejalashtirilmoqda.

“Qatortol” ko‘chasida 24 soat uzluksiz faoliyat yuritadigan yengil konstuksiyali xizmat ko‘rsatish obyektlarini tashkil etish hisobiga turistik ko‘chaga aylantirish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, Chilonzor tumanidagi boshqaruv servis kompaniyalari hamda uy-joylar mulkdorlari umumiy yig‘ilishining qarori negizida xududdagi ko‘p qavatli uy-joylarni yerto‘lasidan samarali foydalanish hamda tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida ko‘p kavatli uylarning yerto‘lalarini ta’mirlash uchun kreditlar ajratish taklif etilmoqda.

Loyiha “Anhor” kanalining Chilonzor tumani Kichik xalqa yo‘lidan Naqqoshlik ko‘chasigacha oqib o‘tuvchi 1,7 km uzunlikdagi qismini obodonlashtirish va sayilgoh tashkil etishni ham ko‘zda tutadi. “Bunyodkor” shox ko‘chasi yon qismidan Toshkent avtomobil yo‘ligacha oqib o‘tuvchi 4,1 km uzunlikdagi “Qonqus” kanalini ham obodonlashtirish va sayilgoh tashkil etish taklif etilmoqda.

Hujjat muhokamasi 1-dekabrga qadar davom etadi.

Prezident iyul oyida Toshkentning Chilonzor tumanida 320 gektar maydonda kichik sanoat zonasi tashkil etish, “Bo‘rijar” kanali qirg‘oqlarini obodonlashtirish va u bo‘ylab gastronomik ko‘cha hamda xiyobon qurish, shuningdek, transformatorlarni o‘rnatish kabi qator loyihalarni tasdiqlagan edi.

Davlat rahbari, shuningdek, “Bunyodkor” stadioni avtoturargohi hududidagi 5,5 gektar maydonda umumiy qiymati kamida 200 mln dollar bo‘lgan biznes markazi, shuningdek, “muntazam ravishda yuzaga keladigan tirbandliklarni bartaraf etish uchun” Bunyodkor shoh ko‘chasi va 2-Qatartol ko‘chasi chorrahasida yangi yo‘l o‘tkazgichlar qurilishini tasdiqlagandi.