Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyoda giyohvandlikning oldini olish dasturi (CADAP) direktori Ernest Robello 15-noyabr kuni dasturning 20 yilligiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida so‘zga chiqib, Afg‘onistonda yetishtirilgan giyohvand moddalarning O‘zbekistonda tarqalishiga izoh berdi.

Ernest Robello BMTning rasmiy statistik ma’lumotlariga tayanib, Afg‘onistonda ko‘knori yetishtirish sezilarli darajada kamayganini ta’kidladi. Noyabr oyi boshida BMT Afg‘onistonda ko‘knori yetishtirish 2022-yil aprelida “Tolibon” tomonidan bu o‘simlikni yetishtirish taqiqlaganidan keyin 95 foizga qisqarganini ma’lum qilgani haqida yozgandik.

“Shunga qaramay, metamfetamin Afg‘onistonda ishlab chiqariladi va u yerdan keladi. CADAP esa mintaqa mamlakatlarini ushbu yangi dori vositalarining Markaziy Osiyoga olib o‘tilishiga qarshi kurashishga tayyorlash va bunday dori vositalaridan foydalanish ko‘payishining oldini olish uchun boshqa yordamlar ko‘rsatish ustida ishlamoqda”, — dedi dastur rahbari.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Afg‘onistonda yetishtiriladigan geroin va boshqa opioidlar kabi boshqa giyohvand moddalar ham iste’mol qilinadi. Biroq, agar ularning miqdori kamaysa, boshqa turdagi giyohvand moddalarga, shu jumladan, metamfetaminga o‘tiladi.

“Shuning uchun Afg‘onistondan O‘zbekistonga metamfetamin yetkazib berish ko‘payishi mumkin”, — deydi Ernest Robello.

Metamfetamin — efedrinni o‘z ichiga olgan sintetik dori hisoblanadi.

May oyida bojxona xizmati Surxondaryodagi “Ayritom” chegara bojxona postida Afg‘onistondan o‘tkazilayotgan anor sharbatlari tarkibida 103 kg metamfetamin sintetik giyohvandlik moddasi borligini aniqlagandi. Aynan “M” harfi tushirilgan sharbatlar soni 48 dona bo‘lib, idishi bilan hisoblaganda ularning umumiy og‘irligi 103 kilogrammni tashkil qildi. Yuklar Toshkent shahridagi ma’suliyati cheklangan jamiyatlardan birining nomiga yuborilayotgan bo‘lgan.

2022-yilda O‘zbekiston bojxonachilari tomonidan 109,3 kg sintetik giyohvand moddalarni noqonuniy olib o‘tish bo‘yicha 41 ta holat aniqlangan. Joriy yilning boshidan may oyiga qadar 103,3 kg miqdoridagi sintetik giyohvandlik vositalarining bojxona chegaralari orqali qonunga xilof ravishda olib o‘tish va mamlakat hududida olib o‘tilishiga chek qo‘yilgan.