O‘zbekiston Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi yirik savdo tarmoqlari bilan oziq-ovqat, jumladan, un, yog‘, go‘sht, sut, shakar va boshqa mahsulotlar yetkazib beruvchilar o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga solish bo‘yicha o‘rganish o‘tkazmoqda.

Shu munosabat bilan qo‘mita yirik savdo tarmoqlarida mahsulotni yetkazib beruvchi yoki yetkazib berish taklifi rad etilgan, jumladan quyidagi holatlarga duch kelgan tadbirkorlik subyektlari (mahalliy ishlab chiqaruvchilar)dan ushbu o‘rganishlarda faol ishtirok etishni so‘radi;

  • xizmat ko‘rsatish imkoniyati bo‘laturib asossiz ravishda shartnoma tuzishni rad etish;
  • yirik savdo tarmoqlari tomonidan yetkazib beruvchilarning tovarlariga narxni belgilashga bir tomonlama ta’sir ko‘rsatish;
  • boshqa yirik savdo tarmoqlari bilan shartnoma tuzmaslik shartini belgilash yoki ushbu shart bilan shartnoma tuzishga rozilik berish;
  • yetkazib beruvchilarga shartnoma tuzishda asossiz talablar belgilash, shu jumladan tovarni sotib berganlik uchun mukofot puli (retro bonus) va/yoki uni savdo rastasining iste’molchilarga yaqqol ko‘rinadigan joylarda joylashtirish uchun qo‘shimcha to‘lov to‘lash shartini majburan qabul qildirish;
  • tovarni realizatsiya qilishda yoki olishda kamsituvchi shart-sharoitlarni belgilash, shu jumladan bir xil tovar uchun to‘lov muddatlarini har xil belgilash;
  • mahsulotlar uchun to‘lovni amalga oshirish muddatlariga rioya etmaslik;
  • mahalliy va import tovarlarga nisbatan teng bo‘lmagan sharoitlar yaratilgani va shu kabi boshqa holatlar.

“Agar sizda yuqoridagi kabi holatlar va bozorda teng raqobat ta’minlanishi bilan bog‘liq muammolar mavjud bo‘lsa, Raqobat qo‘mitasining so‘rovnomalarida o‘z taklif va murojaatlaringiz bilan qatnashib borishingiz mumkinligini ma’lum qilamiz. Qo‘mita tomonidan tuzilgan ishchi guruh bu borada kompleks o‘rganishlar olib borib, tadbirkor (mahalliy ishlab chiqaruvchilar)lardan taklif va shikoyatlar qabul qilish tizimi faoliyat olib borayotganligini ma’lum qilamiz”, — deyiladi xabarda.

Shikoyat va takliflarni qo‘mita sayti yoki 1159 raqami orqali qoldirish mumkin.

Prezident 9-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda yirik savdo tarmoqlarida mahalliy ishlab chiqaruvchilarga teng sharoitlar yaratilmagani, chakana sotuvchilardan tovar uchun pul olish muammolari, aholidan mahsulotlar sifati va narxi bo‘yicha ko‘plab shikoyatlar kelib tushayotganini таъкидлаганedi. Shundan so‘ng Shavkat Mirziyoyev Shaxrux Sharaxmetovning Raqobat qo‘mitasi rahbari lavozimiga loyiqligi masalasini o‘rganishni topshirdi.

2019-yil iyulida Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat ilmiy-tadqiqot instituti yetkazib beruvchilarni yirik chakana sotuvchilar tomonidan qo‘yiladigan “kamsituvchi shartlar”dan himoya qilish bo‘yicha hujjatlar loyihalarini ishlab chiqqan edi.

O‘sha yilning iyun oyi oxirida Savdo-sanoat palatasida bo‘lib o‘tgan tadbirkorlar yig‘ilishida ayrim savdo tarmoqlari tomonidan yetkazib beriladigan tovarlar uchun kamsituvchi to‘lov shartlari masalasi muhokama qilingandi. O‘shanda Bio-Sut vakili supermarketlarda yetkazib beruvchilarga to‘lovlar kamida 90 kun, ba’zan esa 9 oygacha kechikishini aytgandi. U muddati o‘tgan debitorlik qarzlarini 30 kungacha qisqartirishni taklif qilgandi.