“Rus tili davlat tili bo‘lmagan mamlakatlar fuqarolari Rossiyada haydovchi, sotuvchi va kurer bo‘lib ishlamasligi kerak”. Bu taklif Rossiya davlat dumasi raisi o‘rinbosari Pyotr Tolstoy tomonidan 14-noyabr kuni Federatsiya kengashida bo‘lib o‘tgan “Rus tilini saqlash, himoya qilish va rivojlantirish sohasidagi davlat siyosati: holati, muammolari va yechimlari” mavzusidagi parlament eshituvida bildirildi.

Tolstoy postsovet hududidagi mamlakatlarda rus tilini o‘qitish masalasini ko‘tarib, bu respublikalarda ular ingliz tilini o‘rganishga ustuvorlik bergani va rus tilini milliy tillar bilan siqib chiqarishga harakat qilishlarini ta’kidladi.

“Rossiya tomoni qonunchilik qarorlarini ishga solib, vaziyatga ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Agar rus tili davlat tili bo‘lmasa, kechirasiz, bu mamlakatlar fuqarolari bizning jamoat joylarimizda haydovchi, sotuvchi, kurer bo‘lib ishlamasligi kerak. Bunday chora-tadbirlar vaziyatni asta-sekin tuzatadi”, — deydi deputat.

Davlat dumasi raisi o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, xorijiy mamlakatlarda “farzandlarini Rossiya elchixonalari qoshidagi rus maktablariga berishni xohlaydigan mahalliy aholi ko‘p, ammo qonun bunga ruxsat bermaydi. “Biz buni o‘zgartirishimiz kerak”, — deydi Pyotr Tolstoy.

Ertasi kuni u “Rus tili barcha sobiq ittifoq respublikalari hududida millatlararo muloqot tili bo‘lishi kerak” deya, yana bir bayonot bilan chiqdi.

“Afsuski, bugungi kunda Rossiya muhojirlarga nisbatan passiv pozitsiyada. Biz sobiq sovet respublikalaridan fuqarolarni qabul qilamiz — ular qurilish sohasida xorijiy mutaxassislar sifatida kelishadi. Bir hafta o‘tgach, yuqori texnologiyali “Yandeks” kompaniyasining logistika va kurerlik xizmatlari sohasida ajralmas xodim bo‘lib ishga olinadi: so‘ng oilalarini olib kelishadi — bolalari rus maktablariga boradi. Va hammasi yaxshidek, lekin… Bu jarayon “rus tili imtihoni” deb nomlanuvchi profanatsiya fonida sodir bo‘ladi. Undan o‘tgan yuqori malakali mutaxassislar, aslida, rus tilini bilishmaydi. Va bu xuddi shu huquqbuzarliklar sodir etilganda aniq bo‘ladi — migrantlar birinchi navbatda tarjimonni talab qiladi, chunki “ular rus tilini tushunmaydi”, — deydi deputat.

Uning so‘zlariga ko‘ra, “bu muammoni tizimli ravishda hal qilish kerak”.

“Sobiq SSSR mamlakatlarida rus maktablari tizimini rivojlantirish muhimdir. Bugungi kunda rus tili millatlararo muloqot tili sifatida faqat Belarus, Qozog‘iston va Qirg‘izistonda qo‘llanadi. Ammo Armaniston, O‘zbekiston, Tojikiston va boshqa davlatlarda-chi, yo‘q. U yerda rus-tuzem maktablarini qurish, 90-yillarda „o‘ldirilgan“ sovet integratsiya tizimini rivojlantirishni bizning hisobimizdan emas, yuqorida qayd etilgan davlatlarning fuqarolari Rossiyada ishlab topib, vataniga yuboradigan daromadlari hisobidan mustaqil ravishda amalga oshirishini taklif qilaman”, — deyiladi bayonotda.

“O‘zbekiston deputat Pyotr Tolstoyning tomorqasi emas”

Oliy Majlis deputati, “Yuksalish” umummilliy harakati raisi Bobur Bekmurodov rossiyalik hamkasbining so‘zlariga javob qaytardi.

t.me/bbekmurodovt.me/bbekmurodov

“O‘zbekiston deputat Pyotr Tolstoyning tomorqasi emas. O‘z mamlakati va fuqarolari muammolari bilan shug‘ullansin. O‘zbekistonda rus tili — erkin muloqot tili. Biz ittifoqchi mamlakat maqomiga mos ishlayapmiz. Deputat Tolstoy esa yo‘q”, — dedi u.

“Janob Tolstoy, vatandoshlarimiz Rossiyada o‘z mehnati uchun hukumatingiz belgilagan to‘lovlarni to‘lamoqda. Ularning oilalariga yuborayotgan pulini taqsimlash sizning vakolatingizga kirmaydi. Rus tilida so‘zlashuvchi vatandoshlarimiz haqida esa o‘zimiz qayg‘uramiz”, — deya qo‘shimcha qildi Bekmurodov.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari, “Milliy tiklanish” partiyasi yetakchisi Alisher Qodirov ham bu holatga munosabat bildirdi.

Foto: “Milliy tiklanish”Foto: “Milliy tiklanish”

“Vitse-spiker Tolstoyga javoban o‘zbek tilini bilmaydigan xizmatchilarni ishdan haydashni taklif qilishimiz kerak (mi?). Biz boshqa yo‘ldan boramiz — ularga o‘zbek tilini o‘rgatamiz. Siz esa o‘zingiz ishlashni o‘rganing. Bu rus tiliga qachonlardir haqiqiy hurmat paydo bo‘lishiga olib kelishi mumkin”, — deya ta’kidlagan Qodirov.

oktabr oyida yana bir rossiyalik deputat Mixail Delyagin o‘zbekistonlik migrantlarning bolalari uchun xususiy maktablar qurish taklifi Rossiya fuqarolariga nisbatan “kamsitish” va bu Rossiyaning yo‘q bo‘lishiga olib kelishi mumkinligini aytgandi. O‘zbekistonlik deputatlar bu ayblovlar “munosabatlarda hushyorlikka da’vat etishini” ta’kidlagan.

sentabrda esa Rossiya davlat dumasi deputati Yevgeniy Fyodorov Rossiya Sobiq Ittifoq davlatlari bilan urishishga majbur bo‘lishi, ular SSSRdan noqonuniy ajralib chiqqani haqida fikr bildirgan. O‘zbekistonlik deputatlar buni “nosog‘lom fikr” deya atab, bu so‘zlarga jiddiy munosabat bildirish shart emasligini aytgan.