O‘zbekistonda energetik ichimliklarga alohida aksiz solig‘i joriy etilishi mumkin. “Gazeta.uz” 8-noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida “Adolat” partiyasidan saylangan deputat Oltinoy Ma’mirovaning shunday taklifiga e’tibor qaratdi.

2024-yilgi Davlat budjeti loyihasini sharhlar ekan, u ushbu taklifni tilga olib o‘tdi. Ma’lumot uchun, me’yoridan ortiqcha iste’mol qilinishi oqibatida turli xastaliklar, jumladan, qandli diabet kasalligiga chalinish holatlari ko‘paygani sababli tarkibida shakar bo‘lgan gazlangan ichimliklarga 1-apreldan 1 litr uchun 500 so‘m miqdorida aksiz solig‘ini joriy etish rejalashtirilgan.

Parlament a’zosining ta’kidlashicha, gazlangan ichimlikning (uning nomi aytilmagan) 330 ml ida 19 osh qoshiq shakar bor, vaholanki, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyalariga ko‘ra, kunlik shakar miqdori 12 osh qoshiqdan oshmasligi kerak.

Oltinoy Ma’mirova, ayniqsa, yoshlar orasida ommalashib ketgan energetik ichimliklarga to‘xtaldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, energetik ichimlikning o‘rtacha narxi 15 ming so‘m bo‘lib, taklif etilayotgan aksiz solig‘i darajasi (0,2 litr uchun 100 so‘m) bu ichimliklarni ichishdan bosh tortish uchun sabab bo‘lmasligi mumkin. “Shuning uchun „Adolat“ partiyasi fraksiyasi energik uchun alohida aksiz solig‘ini joriy etish va stavkani litri uchun 5 ming so‘m qilib belgilashni taklif qilmoqda”, — dedi deputat.

Bosh vazir o‘rinbosari, iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov chekka qishloqlardan biriga tashrifi chog‘ida maktab ro‘parasidagi do‘konda energetik ichimliklar sotilayotganiga e’tibor berganini aytdi. Sotuvchi ayol kuniga taxminan 5−6 quti shunday ichimliklar sotishini aytgan.

U taklifni qo‘llab-quvvatladi va ushbu bandni 2024-yilgi davlat budjeti to‘g‘risidagi qonun loyihasini keyingi o‘qishlarda ko‘rib chiqish chog‘ida kiritishni so‘radi.

Avvalroq Sog‘liqni saqlash vazirligi 2022-yil 1-sentabrdan maktablarda va ularga yaqin joyda gazlangan suv va tez tayyorlanadigan taomlarni kamida 500 m masofada sotishni taqiqlashni taklif qilgan edi. Biroq 2022−2026-yillarga mo‘ljallangan “O‘smirlar salomatligi va farovonligini mustahkamlash bo‘yicha Milliy Harakatlar strategiyasi” loyihasi qabul qilinganicha yo‘q.

2018-yil oxirida O‘zbekistonda 18 yoshga to‘lmagan shaxslarga energetik ichimliklar sotishni taqiqlovchi va ularning reklamasiga cheklovlar joriy qiluvchi qonun qabul qilingan edi.