Nepal hukumati mamlakatda TikTok ijtimoiy tarmog‘ini taqiqlashga qaror qildi, deya xabar bermoqda Al Jazeera.

Platformani taqiqlash qarori u doimiy ravishda “ijtimoiy uyg‘unlikni buzadigan va oilaviy hamda ijtimoiy munosabatlarga putur yetkazuvchi” kontentni tarqatish maqsadida foydalanilgani uchun qabul qilindi, deya ta’kidladi Nepal aloqa va axborot texnologiyalari vaziri Rekha Sharma.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda tegishli organlar mamlakatda TikTok`ni cheklashning texnik tomonlari bilan shug‘ullanmoqda va internet-provayderlarga tegishli buyruq yuborilgan. Mahalliy OAV xabarlarida yozilishicha, so‘nggi to‘rt yil ichida mamlakatda ushbu platforma bilan bog‘liq 1600 dan ortiq kiberjinoyat holatlari qayd etilgan.

Nepaldagi muxolifat hukumat qarorini tanqid qildi, deya yozmoqda nashr. Hukmron koalitsiyaga kiruvchi Nepal kongressi partiyasi rahbari Gagan Thapaning aytishicha, TikTok taqiqi “fikr erkinligini bo‘g‘ish” hisoblanadi.

“Ijtimoiy tarmoqlardan g‘arazli maqsadlarda foydalanayotganlarning oldini olish uchun uni tartibga solish zarur. Lekin tartibga solish muammosini tarmoqni bloklash orqali yechish mutlaqo noto‘g‘ri”, — dedi u.

Hozircha TikTok ijtimoiy tarmog‘i ushbu taqiq haqida izoh bermadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq qo‘shni mamlakat Qirg‘iziston Madaniyat vazirligi ham bolalar ruhiy rivojlanishi va salomatligiga zarari sababli TikTok ijtimoiy tarmog‘ini bloklashga qaror qilgandi.

Ma’lumot uchun, TikTok O‘zbekistonda bloklangan tarmoqlardan biri hisoblanadi. 2021-yil iyul oyida “O‘zkomnazorat” davlat inspeksiyasi “Shaxsiy ma’lumotlar to‘g‘risida”gi qonunni buzgani uchun Twitter, “VKontakte”, WeChat va Skype messenjeri qatorida unga ham kirishni cheklagan.

2022-yilning avgustida AKT vazirligi Twitter, “Vkontakte” tarmoqlari hamda WeChat messenjeridan foydalanish bo‘yicha cheklov olib tashlanganini ma’lum qilgan. Biroq TikTok platformasiga kirish tiklanmagan. Rasmiy idoralar tomonidan bu holatga izoh berilmagan.