BMT Bosh assambleyasining 9-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan 78-sessiyasida Yaqin Sharqdagi vaziyat va Falastin masalasiga bag‘ishlangan ovoz berish jarayoni bo‘lib o‘tdi.

To‘rtinchi qo‘mita (Maxsus siyosiy va dekolonizatsiya) oltita rezolyutsiya loyihasini ma’qulladi. Rezolyutsiya loyihalari orasidan “Isroilning Falastin xalqi va bosib olingan hududlardagi boshqa arablarning inson huquqlariga ta’sir etuvchi amaliyotini tekshirish bo‘yicha maxsus qo‘mita ishi” sarlavhali matn 85 ovoz bilan ma’qullandi, 13 ta qarshi ovoz yig‘ilgan bo‘lsa, 72 ta betaraf ovoz berildi.

Qo‘mita 145 ta (xususan, O‘zbekiston ham) yoqlab berilgan ovoz bilan “Isroilning bosib olingan Falastin hududidagi aholi punktlari” nomli rezolyutsiya loyihasini ma’qulladi. Bunday hududlarga Sharqiy Quddus va xalqaro hamjamiyat Isroil tomonidan bosib olingan yerlar deb hisoblaydigan Suriyaning Golan hududi kiradi.

Bu rezolyutsiyaga 7 ta qarshi (Kanada, Vengriya, Isroil, Marshall orollari, Mikroneziya, Nauru, AQSh), 18 ta betaraf ovoz berildi. Qayd etilishicha, yakuniy ovoz berish natijalari yuridik kuchga ega bo‘lmaydi. Chunki rezolyutsiyaga qarshi ovoz bergan AQSh veto huquqiga ega.

Assambleya, o‘z shartlariga ko‘ra, bosib olingan Falastin hududida, jumladan, Sharqiy Quddusda va Suriyaning Golanida aholi punktlarini qurish hamda yerlarni musodara qilish, tinch aholini majburan ko‘chirish, de-fakto yoki milliy qonunchilik orqali yerning anneksiya qilinishi va boshqa har qanday faoliyatni qoralaydi.

oktabr oyi oxirida BMT Bosh assambleyasining G‘azo sektorida o‘t ochishni zudlik bilan to‘xtatishga chaqiruvchi rezolyutsiyasiga 120 ta davlat, jumladan, O‘zbekiston yoqlab ovoz bergandi. 14 ta mamlakat bunga qarshi chiqqan bo‘lsa, 45 ta mamlakat betaraf qolgan.

O‘zbekiston pozitsiyasi

Isroil-Falastin mojarosi 7-oktabrda qayta boshlanganidan so‘ng O‘zbekiston prezidenti va Tashqi ishlar vazirligi bir necha marta holat yuzasidan bayonotlar berdi.

Shavkat Mirziyoyev:

  • Biz Falastin xalqi bilan birdam ekanimizni qat’iy bildiramiz;
  • Isroil-Falastin muammosining yagona va eng adolatli yechimi “ikki xalq uchun ikki davlat” tamoyilidir;
  • “Biz tomonlarni zudlik bilan harbiy harakatlarni to‘xtatishga, tinch muzokaralarni boshlash, oqilona murosaga kelishga chaqiramiz”.

TIV:

  • O‘zbekiston Falastin-Isroil mojarosidan jiddiy xavotirda;
  • Yana bir bor tomonlarni qurolli mojaroni to‘xtatishga chaqiramiz.