Turkmaniston Eron orqali Iroqqa gaz yetkazib berishni rejalashtirmoqda. 8-noyabr kuni “Turkmangaz” rahbari va Iroq energetika vaziri Ziyod Ali Fadel gaz oldi-sotdi bitimining asosiy tijorat shartlari bo‘yicha protokolni imzoladi, deb xabar beradi Turkmaniston Tashqi ishlar vazirligi.

Hujjatga ko‘ra, besh yil ichida “svop” sxemasi bo‘yicha Eron orqali Iroqqa yiliga 9 milliard kub metr turkman gazi (kuniga taxminan 25 million kub metr) yetkazib beriladi.

Turkmaniston jahon bozorlariga energiya yetkazib berishni yanada diversifikatsiya qilish siyosatini davom ettirish niyatida.

oktabr oyi boshida “Turkmangaz” davlat konserni va Iroq elektr energetika vazirligi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolangan edi.

“Xroniki Turkmenistana” nashrining yozishicha, Iroq, ayniqsa, yozda energiya ta’minotida surunkali muammolarga duch kelmoqda. O‘z gazining katta zahiralariga qaramay, mamlakat uni neft va gaz qazib olish zonalaridan gaz elektr stansiyalariga tashish uchun zarur infratuzilmaga ega emas.

Eron Iroqning energiyaga bo‘lgan ehtiyojining 1/3 qismini ta’minlaydi, biroq Tehron to‘lovlar bilan bog‘liq muammolar tufayli etkazib berishni tez-tez to‘xtatib turadi, bu esa 43 million iroqlikning kundalik hayotiga jiddiy ta’sir ko‘rsatadigan elektr uzilishlarini yanada kuchaytiradi, deya qayd etadi Iraq News.

Avval xabar berganimizdek, 2022-yil dekabr oyida O‘zbekiston Turkmaniston bilan birinchi marta uchinchi tomon (Gazprom) ishtirokisiz 1,5 milliard kub metr gaz yetkazib berish bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri qisqa muddatli shartnoma tuzdi. Avgust oyida O‘zbekiston Turkmaniston bilan yiliga 2 milliard kub metrgacha turkman gazini yetkazib berish bo‘yicha shartnoma tuzdi. Tomonlar, shuningdek, uzoq muddatli shartnoma ustida ishlamoqda — dedi O‘zbekiston Energetika vazirligi rahbari Jo‘rabek Mirzamahmudov.

O‘zbekiston 7-oktabrdan kuz-qish mavsumida respublikadagi “zangori olov” taqchilligining bir qismini qoplash uchun Qozog‘iston hududi orqali Rossiyadan gaz import qilishni boshladi. Gaz sotib olish bo‘yicha shartnoma ikki yilga tuzilgan bo‘lib, xarid hajmi kuniga 9 million kub metr — yiliga taxminan 2,8 milliard kubometrni tashkil etadi.