O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 9-noyabr kuni qishloq xo‘jaligi tarmoqlarida hosildorlik, daromad, ish o‘rni va investitsiyalarni ko‘paytirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazdi, deya xabar qildi uning matbuot kotibi Sherzod Asadov.

Yig‘ilishda joriy yilda 41 ta klasterda hosildorlik 40 sentnerdan oshgan bo‘lsa, 9 tasida 30 sentnerdan kamligi ko‘rsatib o‘tildi.

Hosildorlik pastligi va tannarx yuqoriligi hisobiga Jizzax, Qashqadaryo, Namangan, Samarqand va Toshkent viloyatlarida rentabellik 10−11 foizdan oshmayapti.

Shu bois 2024-yilda ball boniteti past, suv og‘ir bo‘lgan va hosildorligi 30 sentnerdan oshmaydigan har bir viloyatdagi 1 tadan tumanda 70−80 sentnerdan yuqori hosil beradigan paxta urug‘ini chetdan olib kelishga ruxsat etiladi.

Shu bilan birga, 30 sentnerdan past hosil berayotgan navlarni ekish to‘xtatilib, ular urug‘chilik institutlari tomonidan ishlab chiqilgan yangi serhosil navlar bilan almashtiriladi.

Bu yilgi paxta hosilini to‘liq qayta ishlash natijasida 2024-yilda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishni 9,6 mlrd dollarga, eksportni esa 4,5 mlrd dollarga yetkazish hisob-kitob qilindi. Buning uchun qator imtiyozlar beriladi.

Bo‘yalgan matoni 50 foizdan kam bo‘lmagan qismini ichki bozorga sotgan korxonalar ijtimoiy soliqni 1 foiz stavkada to‘laydi, ularga mol-mulk solig‘ini 3 yil davomida bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat beriladi.

2025-yil 1-yanvarga qadar paxta va sun’iy tolani import qilishda transport xarajatlarining 50 foizi qoplab beriladi.

To‘qimachilik va tikuv-trikotaj korxonalari uchun zarur texnologik uskunalar va ularning ehtiyot qismlarini import qilishda ular bojxona bojidan ozod qilinadi.

Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanida gazlama ishlab chiqarish va bo‘yoqxonalar tashkil qilish, Qoraqalpog‘istonda sun’iy tola, gazlama-mato ishlab chiqarish va bo‘yoqxona tashkil etish bo‘yicha loyihalar boshlangan. Ushbu korxonalar kelgusi yil ishga tushirilib, tadbirkorlarga sanoat ipotekasi asosida beriladi, deyiladi xabarda.

O‘sha yig‘ilishda fermerlarga faoliyatida qisman erkinlik berilishi ma’lum bo‘ldi. Prezident bir viloyat ichidagi xohlagan klasteri bilan shartnoma tuzish va ortiqcha hosilni birja orqali sotish huquqiga ega bo‘lishini aytdi.