O‘zbekiston Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi Toshkent shahrining Mirobod tumanidagi Matbuot uyi majmuasini (“Gazeta korpusi”) rekonstruksiya qilish bo‘yicha o‘tkazilgan tender natijalarini e’lon qildi.

Hujjatlarga ko‘ra, bino va inshootlar hamda ularga tutash hududda zamonaviy media shaharcha tashkil etish rejalashtirilgan.

Boshlang‘ich narxi 103,49 mlrd so‘m bo‘lgan tenderda to‘rtta kompaniya ishtirok etdi, ulardan 3 tasi Farg‘ona viloyatidan:

  • Toshkent shahridan Yangi Zamon Bino (qurilish-pudrat tashkilotlari reyestrida eng yuqori A reytingiga ega);
  • Farg‘onadan BB reytingi bilan Baraka Fayz Invest;
  • Farg‘onadan Fargona Kristal Qurilish (BB);
  • Marg‘ilondan Farg‘ona Me’mor Qurilish (B).

E’tiborlisi, Farg‘ona viloyatidan uchta korxona bir xil — 98 milliard 315 million so‘m taklif qilgan.

Tanlov yakuniga ko‘ra, arizalarni qabul qilishning so‘nggi kunida taqdim etgan 98,86 milliard so‘mlik taklif bilan Yangi Zamon Bino kompaniyasi g‘olib bo‘ldi. U tender komissiyasidan 60,13 ball oldi. Baraka Fayz Invest (58,3 ball) zaxira g‘olibi sifatida tanlandi.

Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat registri ma’lumotlariga ko‘ra, Yangi Zamon Bino 2016-yilning noyabr oyida ro‘yxatga olingan. Ustav kapitali 566,18 mlrd so‘mni tashkil etadi. Ta’sischilar ro‘yxatida Unique Trade Business (50%) va “O‘zbekiston temir yo‘llari” (50%) ko‘rsatilgan. Unique Trade Business`ning asoschilari, o‘z navbatida, Golden House Development (99%) va BeFit premium sport majmualari, O‘zbekistonga qog‘oz mahsulotlarini yetkazib beradigan Oriental Paper & Board kompaniyasi va boshqalarda ulushga ega Jaxongir Jetibayevich Polatov (1%) hisoblanadi.

Kompaniya veb-saytida aytilishicha, 2016-yildan beri u 600 dan ortiq bino va infratuzilma obyektlarini, jumladan, maktablar, shifoxonalar, yo‘llar, sanoat obyektlari, turar joy majmualari va boshqalarni qurgan. Korxonada 4000 dan ortiq kishi ishlaydi. Navoiy shahridagi Prezident maktabi, Mudofaa vazirligi o‘quv markazi, Qibray bolalar reabilitatsiya markazi va Orient Business Center shular jumlasidan.

Matbuot uyi 2018-yilning bahorida kimoshdi savdosiga qo‘yilgandi. O‘shanda obyektning boshlang‘ich bahosi 18,7 mlrd so‘m bo‘lgan. Keyinchalik lot kimoshdi savdosidan olib tashlangan.

2021-yil avgust oyida Buxoro va Nuroniylar ko‘chalari chorrahasida joylashgan bino (18,1 ming kv.m.) xususiylashtirish doirasida ochiq kimoshdi savdosiga qo‘yilgan 12 ta davlat aktivlari ro‘yxatiga kiritilgandi. So‘ng obyekt sotuvdan olib tashlangan va ommaviy axborot vositalari, shu jumladan, bosma nashrlar ixtiyorida qoldirilgan. Keyinchalik bino O‘zA balansiga o‘tkazilgan.