O‘zbekistonda fermerlar faoliyatida qisman erkinlikka ega bo‘ladi va kim bilan ishlashni tanlashi mumkin bo‘ladi. Bu haqda payshanba kuni prezident Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuvda ma’lum bo‘ldi, deb xabar qilmoqda uning matbuot kotibi Sherzod Asadov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 20 ta klasterda hisob-kitoblar joyida bo‘lsa, 122 ta klasterning Qishloq xo‘jaligi jamg‘armasi oldida qarzdorligi bor, 27 ta klaster esa fermerlarga 2022-yil paxta hosilidan tegishli mablag‘larni to‘lab bermagan. Shu kabi, fermerlarning ham klasterlar oldida qarzdorligi bor.

Yig‘ilishda shu munosabat bilan klasterlarni tashkil etish, ular bilan fermerlar o‘rtasidagi munosabatlar bo‘yicha yangi tizim joriy qilinishi belgilandi. Har bir viloyatda yangi klasterlarga moliyaviy ko‘rsatkichlari, ishlab chiqarish quvvatlari va texnika ta’minoti bo‘yicha talablar qo‘yiladi. Ular kamida ikki bosqichli qayta ishlashni yo‘lga qo‘ygan bo‘lishi shart bo‘ladi.

Bundan tashqari, fermerlar bir viloyat ichidagi xohlagan klasteri bilan fyuchers shartnomasi tuzishi mumkin bo‘ladi. Ular fyuchers shartnomasidan ortgan hosilni birja orqali sotishiga ham imkoniyat yaratiladi.

Shuningdek, kelgusi yil hosili uchun paxta yetishtirishga 60 foiz avans ko‘rinishidagi imtiyozli kreditlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri fermerlarga ajratiladi. Mutasaddilarga klaster va fermerlarni moliyalashtirishni yangi tartibini yo‘lga qo‘yish topshirildi.

Prezident oktabr oxirida fermerlarga qisman erkinlik berish rejalari haqida e’lon qilgan edi. Ayni paytda fermerlar bir klasterga biriktirilgani sababli paxta yoki boshqa ekinlarning xarid narxini belgilashda chorasiz ahvolda. O‘tgan yili eng kam xarid narxi 10 ming so‘m etib belgilangan bo‘lsa, joriy yilda Qishloq xo‘jaligi vazirligi endi narx bozor, ya’ni xaridorlar (klasterlar) va sotuvchilar (fermerlar) tomonidan tartibga solinishi haqida ma’lum qilgan edi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan joriy mavsum uchun tavsiya etilgan minimal narx 8000 so‘mni tashkil etadi. Klasterlar esa asosan birinchi paxta terimini 6500 so‘mdan sotib oldi (ikkinchi va keyingi terimlar uchun narx yanada past). Buni qisman fermerlarning o‘z dalalaridagi paxta terib olish istagi yo‘qligi bilan izohlash mumkin, shu boisdan prezident maslahatchisi Shuhrat G‘aniyev klasterlarga fermerlarga qarab o‘tirmasdan paxtasini terib olishga ruxsat berdi.

Qayd etish joizki, O‘zbekiston Tojikiston bilan bir qatorda qishloq xo‘jaligi yerlarini xususiylashtirish imkoniyati hali ham mavjud bo‘lmagan dunyodagi kam sonli davlatlardan biri bo‘lib qolmoqda.