Yevropa Komissiyasi Yevropa Ittifoqi kengashiga Ukraina va Moldova bilan ittifoqga qo‘shilish bo‘yicha qator shartlar asosida muzokaralarni boshlashni tavsiya qildi. Bu haqda Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen o‘zining X tarmog‘idagi sahifasida xabar berdi.

Yevrokomissiya, shuningdek, kengashga “mamlakat hukumati islohotlar yo‘lida muhim qadamlar qo‘ygan taqdirda”, Gruziyaga Yevropa Ittifoqiga kirish uchun nomzod maqomini berishni tavsiya etdi.

Bundan tashqari, Bosniya va Gersegovina bilan Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish bo‘yicha muzokaralarni “lozim darajada muvofiqlikka erishilgandan so‘ng” boshlash ko‘rsatmasi berildi.

Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel Ukraina bo‘yicha tavsiyaga izoh berar ekan, “Ukraina YeIga tomon yana bir muhim qadam tashlamoqda”, — dedi. Borrel, shuningdek, Moldova xalqini tabrikladi. Gruziyani YeIga kirish yo‘lida qo‘llab-quvvatlashga va’da berdi.

Ukraina Rossiya qo‘shinlarining keng ko‘lamli bostirib kirishi boshlanganidan so‘ng darhol Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish uchun ariza bergan. Yevrokomissiya rahbari Lyayen bunga to‘xtalib, “Ukraina YeIga a’zo bo‘lishi kerak, biz uni Yevropa oilasida ko‘rishni istaymiz”, — deya bayonot bergan o‘shanda.

2022-yil iyun oyida YeI yetakchilarining sammitida Ukraina va Moldova (Gruziya bundan mustasno) uchun Yevropa Ittifoqiga nomzodlik maqomini berish masalasi kelishib olingandi. Turli hisob-kitoblarga ko‘ra, Ukrainaga Yevropa integratsiyasini yakunlash uchun 10 yildan 20 yilgacha vaqt kerak bo‘lishi mumkin.