UzAuto Motors kompaniyasi O‘zbekistonda Chevrolet avtomobillari uchun shartnoma tuzish bilan bog‘liq oid bir qancha “tasdiqlanmagan va provokatsion materiallar” tarqatilganini ma’lum qildi.

3-noyabr kuni ertalab avtomobil ishlab chiqaruvchisi yana avtomobillar sotib olish uchun shartnomalar berishni boshladi. Xaridorlarga avtosalonlarda navbatda turmaslik uchun onlayn buyurtma berish tavsiya qilindi. Oradan bir soat o‘tib, qator blogerlar va OAV ilova va Telegram boti bilan bog‘liq muammolar kuzatilayotgani, dilerlik markazlarida katta navbatlar paydo bo‘lgani haqida xabar berishdi.

Xuddi shu kuni Internetda bir xaridor bilan bir nechta shartnomalar tuzilgani haqidagi xabarlar paydo bo‘ldi. E’lon qilingan fotosuratdan ma’lum bo‘lishicha, xaridor D.K. go‘yoki kamida 10 ta mashinaga, shu jumladan to‘rtta turli komplektatsiyadagi Lacetti avtomobiliga buyurtma bergan. Vaholanki bu model shartnoma tuzish uchun mavjud bo‘lgan avtomobillar ro‘yxatida ko‘rsatilmagan.

UzAuto Motors 3-noyabr kuni ushbu xaridor bilan Chevrolet avtomobilini sotib olish bo‘yicha birorta ham shartnoma tuzilmaganini ta’kidladi. Bundan tashqari, kompaniyaning qo‘shimcha qilishicha, Lacetti avtomobilining faqatgina bitta — L-Stile AT Plus modeli uchun shartnomalar mavjud bo‘lgan.

Kompaniya, shuningdek, xodimlar yopiq eshiklar ortida avtomobil sotib olish bo‘yicha 50 ta shartnoma tuzgan dilerlik do‘koni haqidagi ma’lumot yuzasidan izoh berdi. Avtomobil ishlab chiqaruvchisining xabar berishicha, bu hodisa noyabr oyida sodir bo‘lmagan. Videoda keltirilgan dilerlik korxonasi kontrakt tizimidan uzilgan va dilerlik korxonasi rahbariyatiga nisbatan intizomiy choralar ko‘rilgan, deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, o‘tgan oy oxirida ayrim Telegram kanallarida shartnomalar 30-oktabrdan tiklangani haqidagi xabarlar tarqalgani, bu esa aholining Chevrolet dilerlik markazlarida shartnoma ochilmasdan avval sababsiz to‘planishiga olib kelgani qayd etildi.

Avtomobil ishlab chiqaruvchisining fikricha, bu kabi ma’lumotlar aholi o‘rtasida avtomobil uchun shartnomalar tuzish bilan bog‘liq shov-shuvlarni ko‘tarish maqsadida tarqatilmoqda.

Avgust oyida UzAuto Motors Lacetti, Cobalt, Damas va Labo uchun shartnomalarni qayta tikladi va kuniga 51 mingdan ortiq shartnoma tuzildi. sentabr oyida bir necha soat ichida yana 28 ming avtomobilga shartnomalar tarqatildi. Navbatlar 30-oktabr kuni ham yuzaga keldi, o‘shanda avtomobil yetkazib berish qayta boshlangani haqida mish-mishlar paydo bo‘lgandi.

oktabr oyi o‘rtalarida kompaniya o‘zining Chevrolet Lacetti, Cobalt, Damas va Labo avtomobillari narxini oshirdi. Narx o‘rtacha 5,1% ga ko‘tarildi.