O‘zbekiston Markaziy banki O‘zbekistonda valyuta operatsiyalarini amalga oshirish qoidalariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish loyihasini muhokama uchun e’lon qildi.

Tuzatishlarda tadbirkorlik subyektlari tomonidan chet el valyutasini xarid qilish ustidan nazoratni kuchaytirish taklif etilmoqda. Valyuta sotib olish uchun ariza topshirilganda, ilova qilinishi kerak bo‘lgan qo‘shimcha tasdiqlovchi hujjatlar ro‘yxati kengaytirilishi mumkin. Jumladan:

  • valyuta operatsiyasini amalga oshirish uchun tuzilgan shartnoma (shartnoma, bitim, schyot-faktura);
  • lizing va xorijiy valyutadagi kreditlarga xizmat ko‘rsatishda — asosiy qarz va foizlar to‘lovlarini qaytarish jadvali;
  • xorijiy investorlarning foydalari, dividendlari va boshqa daromadlari repatriatsiya qilinganda — foyda taqsimoti, dividendlar to‘langanligi to‘g‘risidagi hujjat, auditorlik tashkiloti yoki soliq organining xulosasi, shuningdek soliq organining daromad solig‘i to‘langani to‘g‘risidagi tasdiqnomasi.

Ayrim hollarda bank milliy valyutadagi mablag‘larning kelib chiqishi qonuniyligini tasdiqlovchi hujjatlarni ham talab qilishi mumkin bo‘ladi. Xususan, norezidentlar xorijdagi hisob raqamlariga yoki ular tomonidan tashkil etilgan xorijiy korxonalarga mablag‘ o‘tkazishsa.

Loyihaga ko‘ra, so‘m mablag‘larini xorijiy valyutaga konvertatsiya qilishda, banklar tomonidan O‘zbekiston banklaridan olingan xorijiy valyutadagi kreditlar (lizing) bo‘yicha muddati o‘tgan qarzdorlikni undirish uchun mijozning hisobvarag‘idan mablag‘larni akseptsiz hisobdan chiqarishda mijozning arizasi talab qilinmaydi.

Xorijiy valyutani xarid qilish bo‘yicha arizalar shu kuniyoq dastlabki tekshirish uchun bank filialiga yuborilishi kutilmoqda. Qoidalarning amaldagi tahririda ariza bankning alohida tarkibiy bo‘linmasi tomonidan ko‘rib chiqilishi belgilangan.

Loyihaga ko‘ra, agar dastlabki tekshirish vaqtida ariza tegishli tartibda to‘ldirilmagani yoki tasdiqlovchi hujjatlar yo‘qligi aniqlansa, bank filiali kamchiliklarni bartaraf etish uchun arizani mijozga qaytaradi. Agar xatolar bo‘lmasa, ariza ko‘rib chiqish uchun bosh bankning tarkibiy bo‘linmasiga yuboriladi.

Ya’ni, endilikda valyuta sotib olish bo‘yicha arizalar bank filiallarida ma’qullansa, o‘zgartirishlar kiritilgan taqdirda yakuniy qaror bosh bank tomonidan qabul qilinadi.

Norezidentlar O‘zbekiston banklarida ochilgan milliy valyutadagi hisobvaraqlariga qonuniy yo‘l bilan topilgan mablag‘lari tegishli tasdiqlovchi xujjatlar asosida kiritiladi

Norezident jismoniy shaxslar bilan valyuta ayirboshlash operatsiyalari, agar mablag‘larning qonuniy kelib chiqishi to‘g‘risida dalillar mavjud bo‘lsa, amalga oshirilishi taklif etiladi. Banklar tomonidan deklaratsiyani talab qilmaydigan miqdorda import qilingan xorijiy valyutani sotib olish bundan mustasno. Hozircha bu summa 70 mln so‘m ekvivalentini tashkil etadi (6-dekabrdan — 100 mln so‘m).

Bundan tashqari, norezidentlar tomonidan bir qator bank operatsiyalarini amalga oshirishda hujjatlarni — bojxona deklaratsiyasi yoki o‘tkazma to‘g‘risidagi hisobvaraqdan ko‘chirmani taqdim etish bo‘yicha istisnolarni bekor qilish taklif etilmoqda. Shu bilan birga, muayyan hisob-kitoblar uchun (bank xizmatlarini ko‘rsatish, yuridik shaxsning hisob raqamiga ustav kapitalini kiritish, xayriya) boshqa hujjatlardan foydalanish mumkin, deb yozmoqda Spot.

Loyiha muhokamasi 19-noyabrgacha davom etadi.

Eslatib o‘tamiz, sentabr oyi o‘rtalarida Markaziy bank O‘zbekistonda banklar va tadbirkorlik subyektlari uchun valyuta operatsiyalariga ayrim cheklovlar joriy etishni rejalashtirgan edi, biroq jamoatchilik e’tirozidan so‘ng bu qaror bekor qilindi. Markaziy bank rahbari Mamarizo Nurmuratov mazkur hujjat Markaziy bankning Bank nazorati qo‘mitasi qarori bo‘lib, unda banklarga mijozlarni nazorat qilish va sanksiya tavakkalchiliklarini kamaytirish choralarini ko‘rish topshirilganini ta’kidlagandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda mijozlarni yetarli darajada tekshirish o‘tkazilmagani uchun xorijiy banklar to‘lovlarni ma’qullamagan.

Shuningdek, u import qilinadigan tovarlar uchun ikkilamchi bank hisobvaraqlari orqali chet el valyutasi noqonuniy ravishda olib qo‘yilishi mumkinligidan xavotir bildirdi.