O‘zbekiston transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev Verona Yevroosiyo iqtisodiy forumida yaqinda Silk Avia aviakompaniyasining Uzbekistan Airports tarkibidan Uzbekistan Airways milliy aviatashuvchisi tuzilmasiga o‘tgani bo‘yicha Spot nashriga izoh berdi.

“Avvaldan Uzbekistan Airports aviatsiya bilan shug‘ullanmasligi kerak edi. Biz buni aytganmiz, barcha ekspertlar buni ta’kidlashdi, ogohlantirishdi”, — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Silk Avia boshidanoq muammolarga duch kelgan, chunki ishlab chiqaruvchilar yoki lizing beruvchilarni jalb qilish va ular bilan ishlashishning an’anaviy usullari aviakompaniyalarga qaratilgan.

“Birinchidan, Uzbekistan Airports aviakompaniya emas. Yangi aviakompaniya paydo bo‘lganda, uning reputatsiyasi, tarixi, moliyaviy ma’lumotlari bo‘lmaydi, shuning uchun ham aviakompaniyaning ochilishi va samolyotlarni tezda qabul qilishiga umid beruvchi so‘zlar bir afsona, ertakdir”, — degan vazir o‘rinbosari.

Shuningdek, Jasurbek Choriyev sodir bo‘lishi mumkin bo‘lmagan faktlarga ochiq ko‘z bilan qarash kerakligini ta’kidlab, “shuning uchun biz hukumat tomoni bilan bu jarayonni tezlashtirish uchun Silk Avia kompaniyasiga yordam berishga majbur bo‘ldik”, deya xulosa qildi.

Vazir o‘rinbosari Silk Avia`ni xususiylashtirish masalasi ochiqligicha qolayotganini ham ta’kidladi. Biroq transport vazirligi tegishli arizalar kelib tushgan taqdirda mintaqaviy aviakompaniyani sotish masalasini ko‘rib chiqishga tayyor.

Mamlakatning birinchi mintaqaviy aviakompaniyasi hisoblangan Silk Avia Uzbekistan Airports tomonidan 2021-yil noyabr oyida tashkil etilgan. Uni rivojlantirish strategiyasi Dubayning HAS Aviation GT kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan. Aytilgan maqsad O‘zbekiston hududlari o‘rtasida aviaqatnovlar yo‘qligi muammosini hal qilish edi. Kompaniya 2023-yilning 25-aprelida ilk muntazam reyslarini amalga oshira boshlagan. O‘shanda Uzbekistan Airports boshqaruv raisi Ra’no Jo‘rayeva kompaniyani “aviamashrutka”ga o‘xshatgandi. Silk Avia kompaniyasini tashkil etish vaqtida aviakompaniya oyoqqa turishi bilan xususiy sektorga berilishini ma’lum qilgandi.

O‘shanda transport vaziri o‘rinbosari Jasur Choriyev afsus bilan “barcha yo‘nalishlarda muntazam avtobus va temir yo‘l qatnovi mavjud emas”ligini tan olgandi. Bundan tashqari, tez-tez turli transportlar uchun chiptalar yetishmovchiligini ham kuzatish mumkinligi aytilgandi.

“Yangi aviakompaniyani jamoat transporti deb tasniflash mumkin. U hududlar o‘rtasidagi transport qatnovidagi bo‘shliqlarni yopishi kerak. Bu uzoq kutilgan loyiha. Prezidentimiz bir necha bor havo harakatini rivojlantirish, ichki reyslar va biz juda muhtoj bo‘lgan dolzarb yo‘nalishlarni zudlik bilan to‘ldirish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan”, — degandi vazir o‘rinbosari.

Oradan bir necha oy o‘tib, avgust oyida Uzbekistan Airports rahbari Ra’no Jo‘rayeva 2,5 yillik faoliyatidan so‘ng ishdan bo‘shatilgani ma’lum bo‘ldi. Kompaniya kuzatuv kengashi a’zosi Aziza Umarova uning xizmatlarini ta’kidlab, “Jo‘rayeva olti oy ichida boshqalar 30 yil davomida yarata olmagan kichik aviatsiyani barpo etdi”, — dedi.

Aviakompaniya 2025-yilgacha 10 ta samolyot sotib olishni rejalashtirmoqda. Ulardan beshtasi to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlab chiqaruvchidan ATR samolyotlari sotib olinadi. Tashuvchi Britaniyaning Jetcraft Commercial kompaniyasi orqali Bangkok Airways`dan yana uchta samolyot oldi.