Shavkat Mirziyoyev 3-noyabr kuni Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlar Davlat rahbarlari kengashi yig‘ilishida so‘zga chiqib, Isroil va Falastin o‘rtasidagi mojaro masalasiga to‘xtaldi.

“Bugungi kunda jahon miqyosida ishonch inqirozi tobora avj olmoqda. Global xavfsizlikni ta’minlashda yangi muammolar yuzaga kelmoqda va xalqaro huquq me’yorlaridan chekinish holatlari kuchaymoqda. Ayniqsa, Yaqin Sharqda uzoq vaqtdan buyon davom etayotgan Isroil-Falastin muammosining nihoyatda xavfli tus olgani barchamizni jiddiy xavotirga solmoqda”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

O‘zbekiston prezidenti qurolli to‘qnashuvlar oqibatida tinch aholi, ayniqsa, keksalar, ayollar va bolalar o‘rtasida halok bo‘lish va jarohatlanganlar soni keskin oshganini ta’kidladi.

“Shu munosabat bilan biz tomonlarni jangovar harakatlarni va o‘t ochishni zudlik bilan to‘xtatishga va sulh tuzishga chaqiramiz. Mazkur muammoning yagona va eng adolatli yechimi nizoni „ikki xalq uchun ikki davlat“ tamoyili asosida hal etishdir. Falastin xalqi, BMT rezolyutsiyalarida belgilanganidek, mustaqil davlat barpo huquqiga ega”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

O‘zbekiston rahbarining qo‘shimcha qilishicha, tashkilot doirasida ishtirokchi davlatlar rahbarlari “bu masala bo‘yicha yakdil va qat’iy pozitsiya”ni butun dunyoga e’lon qilishi kerak.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston 28-oktabr kuni BMT Bosh assambleyasining G‘azo sektorida “zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish” to‘g‘risidagi rezolyutsiyasini 120 ta davlat qatorida qo‘llab-quvvatlagandi.

Avvalroq O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi mojaro tomonlarini qurolli qarama-qarshilikni to‘xtatish va inqirozni siyosiy-diplomatik yo‘llar bilan hal qilishga chaqirgan.

Yaqinda Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston G‘azo sektori aholisiga yordam ko‘rsatish uchun BMTning Yaqin Sharq agentligiga 1,5 million dollar ajratganini ma’lum qilgandi.