2024-yilda O‘zbekiston davlat budjetining ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar, shuningdek, ayrim xizmatlar bo‘yicha tariflarni oshirish bilan bog‘liq xarajatlari 9,55 trln so‘mni tashkil etadi. Bu Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan e’lon qilingan 2024−2026-yillarga mo‘ljallangan budjetnomada nazarda tutilgan.

Joriy yilda ish haqi va pensiyalarni oshirishga 3,8 trln so‘m yo‘naltirish rejalashtirilgandi, lekin ularni indeksatsiya qilish uchun qo‘shimcha 2,6 trln so‘m (jami — 6,4 trln so‘m) yo‘naltirildi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, ish haqini 1 foizga qo‘shimcha oshirish uchun yiliga qariyb 1,3 trln so‘m, pensiyalarni 1 foizga oshirish uchun esa yiliga 600 mlrd so‘m mablag‘ talab etiladi.

Hujjatga ko‘ra, agar 2024-yil oxirigacha inflyatsiya darajasi ish haqi va pensiyalar o‘sishi darajasidan oshsa, 2025-yil yanvaridan boshlab ish haqi va pensiyalarni shu foizlar darajasida oshirish orqali kompensatsiya qilish tartibi joriy etiladi.

Ish haqi uchun davlat budjetidan qancha mablag‘ ajratiladi?

Kelgusi yilda mazkur to‘lovlar bo‘yicha davlat budjetining jami xarajatlari 20,5 foizga yoki 26,94 trln so‘mga — 130,6 trln so‘mdan 157,57 trln so‘mgacha oshishi kutilmoqda. Bu davlat budjeti barcha xarajatlarining 50 foizdan ortig‘ini tashkil etadi.

Pensiya to‘lash xarajatlari 9,28 trln so‘mga (+17,2 foiz) — 63,13 trln so‘mgacha oshadi.

Kelgusi yilda xarajatlarning oshishi 2023-yilda ish haqi va pensiyalarning oshishi hamda 2024-yilda kutilayotgan indeksatsiya, budjet tashkilotlari xodimlari sonining o‘zgarishi va boshqa omillar bilan bog‘liq.

davlat budjeti-2023, ish haqi, pensiya, стипендия

Xabar berishlaricha, joriy yilda ish haqi va pensiyalarni indeksatsiya qilish uchun qo‘shimcha 2,6 trln so‘m ajratilgan.

Eslatib o‘tamiz, 1-apreldan o‘rtacha 7 foizga pensiya va nafaqalar, 1-maydan esa budjet sohasi xodimlarining maoshlari oshdi.

1-sentabrdan ish haqi, pensiya va nafaqalarni yana 10 foizga oshirish (qo‘shimcha 5,6 trillion so‘m ajratish) rejalashtirilgandi, biroq budjetning katta taqchilligi fonida bu qaror keyinga qoldirildi.

Shu bilan birga, Markaziy bank yil oxirigacha inflyatsiya 8,5−9,5 foiz oralig‘ida bo‘lishini prognoz qilmoqda (xorijiy institutlar bundan yuqoriroq ko‘rsatkichni qayd etilishini kutmoqda).