2023-yilda O‘zbekiston davlat budjetidan gaz, elektr, issiqlik ta’minoti, jamoat transporti va boshqa sohalarga subsidiyalar uchun 31,06 trln so‘mdan (2,53 mlrd dollar) ortiq mablag‘ ajratish rejalashtirilgan. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan muhokama uchun e’lon qilingan, 2024−2026-yillarga mo‘ljallangan budjetnomada ma’lumot berilgan.

2023-yilda davlat budjeti xarajatlari 282,1 trln so‘mni tashkil etishi kutilmoqda, bu esa hukumat tomonidan yil boshida belgilanganidan 24,4 trln so‘mga ko‘p hisoblanadi.

Xarajatlar, jumladan, gaz sotib olish (bozor narxlarida) va tabiiy gazni ichki bozorda sotishning (tartibga solinadigan tariflar bo‘yicha) o‘rtacha narxidagi farqni qoplash uchun qo‘shimcha kompensatsiya to‘lovlari hisobiga keskin oshgan. Agar yil boshida 14,2 trln so‘m ajratilishi kutilgan bo‘lsa, bu miqdor 4,6 trln so‘mga oshib, 18,8 trln so‘mni (yalpi ichki mahsulotga nisbatan 1,8 foiz) tashkil etdi. Bu miqdor elektr energiyasi bo‘yicha kompensatsiyani ham o‘z ichiga oladi.

Subsidiyalar quyidagilarga ajratiladi:

  • gaz va elektr energiyasi — 18,8 trln so‘m;
  • issiqlik ta’minoti — 1,8 trln so‘m;
  • davlat-xususiy sheriklik doirasida bolalar bog‘chalari qurilishi — 2,77 trln so‘m;
  • jamoat transporti (shahar avtobuslari) — 705 mlrd so‘m;
  • aholi tomonidan ipoteka dasturi bo‘yicha uy-joy sotib olishda dastlabki to‘lov va foizlarning bir qismini qoplash uchun — 1,17 trln so‘m.

Kelgusi yilda subsidiyalar hajmini 28,39 trln so‘mgacha qisqartirish rejalashtirilgan:

  • gaz — 9,5 trln so‘m;
  • elektr energiyasi — 2,5 trln so‘m (hozirda gaz xarajatlari tarkibida qoplanadi, 2024-yil 1-iyuldan esa markazlashgan tartibda elektr energiyasini sotib olish va sotish funksiyalarini bajaradigan “O‘zenergosotish” kompaniyasi paydo bo‘ladi);
  • jamoat transporti — 1,5 trln so‘m;
  • bolalar bog‘chalari — 3,04 trln so‘m;
  • issiqlik ta’minoti — 4,5 trln so‘m;
  • ipoteka dasturi bo‘yicha — 1,5 trln.

Issiqlik ta’minoti va jamoat transportiga to‘lanadigan kompensatsiyalar miqdorining keskin oshishini 1-oktabrdan boshlab gaz va elektr energiyasi narxi oshgani, shu sababli IES va avtobuslar yonilg‘ini oshgan narxlarda xarid qilayotgani bilan izohlash mumkin.

Umumiy hisobda 2024-yilda energetika sohasida subsidiyalarni 20,6 trln so‘mdan 16,5 trln so‘mgacha qisqartirish rejalashtirilmoqda. Shu bilan birga, boshqa subsidiyalar va dasturlar bo‘yicha xarajatlar 31,8 trln so‘mdan 33,3 trln so‘mgacha oshadi.

Taqqoslash uchun: 2023-yilda budjetdan nafaqalar, moddiy yordam va kompensatsiyalar uchun 19,1 trln so‘m, ilm-fanga 1,7 trln so‘m, sportga 2,3 trln so‘m, madaniyatga 2,4 trln so‘m ajratish rejalashtirilgan. Ya’ni umumiy hisobda subsidiyalar uchun ushbu sohalarga qaraganda ko‘proq mablag‘ ajratiladi.

Kelgusi yilda chorvachilik, parrandachilik va baliqchilik xo‘jaliklarida ishlab chiqarilgan va realizatsiya qilinadigan mahsulotlarga (mol go‘shti, tovuq, baliq tannarxining bir qismini kompensatsiya qilish) subsidiyalarni 2,6 barobarga — 529,8 mlrd so‘mdan 200 mlrd so‘mgacha qisqartirish rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, Toshkent metropoliteni yo‘qotishlari uchun kompensatsiya ham kamaytiriladi — 451,4 mlrd so‘mdan 324,2 mlrd so‘mgacha. Aholi tomorqalarini sug‘orish uchun yerosti quduqlarini burg‘ulash uchun kompensatsiyalar ham 100 mlrd so‘mdan 50 mlrd so‘mgacha kamaytiriladi.

Shu bilan birga, fermer xo‘jaliklari tomonidan sotib olingan elektr energiyasi qiymatining bir qismini qoplash uchun (100 mlrd so‘mdan 150 mlrd so‘mgacha), yangi mehmonxonalar qurish uchun (1,9 mlrd so‘mdan 150 mlrd so‘mgacha), talabalarning TTJlarda yashash xarajatlarini qoplash uchun (187,2 mlrd so‘mdan 200,3 mlrd so‘mgacha), talabalar turar joylarini qurish uchun (74,2 mlrd so‘mdan 100 mlrd so‘mgacha) davlat budjetidan ko‘proq subsidiyalar ajratish rejalashtirilmoqda.

Bundan tashqari, gumusli o‘g‘itni qo‘llash (88,2 mlrd so‘m), kartoshka, piyoz va poliz ekinlari hosilini sug‘urtalash xarajatlarining bir qismini qoplash (61,5 mlrd so‘m), pillani qayta ishlash va pilla qurti urug‘ini ishlab chiqaruvchi korxonalarga ular tomonidan bevosita pilla boquvchilarga yetkazib berilgan har bir quti ipak qurti urug‘i uchun subsidiya ajratish taklif etilmoqda.

2019-yilning mart oyida iqtisodchi Behzod Hoshimov “Gazeta.uz” uchun yozgan maqolasida O‘zbekiston energetika sohasidagi narx siyosati qanday qilib kambag‘allar yanada kambag‘allashishiga, boylar esa yanada boyishiga olib kelayotganini tushuntirgandi.

Joriy yilning sentabr oyida Energetika vazirligi O‘zbekistonda 1 kVt soat elektr energiyasi tannarxi 970 so‘m (2022-yil mayiga nisbatan +21,2 foiz), gazning bir kub metri tannarxi esa 1890 so‘m (+35 foiz) ekanini ma’lum qilgan. Bundan bir necha kun avval esa energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov 1 kVt soat elektr energiyasi narxi 800 so‘mdan oshishini ta’kidlagandi. Ekspert narxlarning shakllanish zanjirini ochiqlashga chaqirgan.

Germaniyada ishlayotgan energetika sohasi eksperti Ravshan Xo‘janov Kun.uz muxbiriga bergan intervyusida iste’molchilar yakuniy narx qanday shakllanayotgani va davlat kompaniyalari ishlab chiqarish va yetkazib berishda qanday ustama qo‘yishini ko‘rishlari uchun energiya resurslarining butun tannarx zanjirini ochiqlashga chaqirgandi. Ma’lumotlar yashirin va noaniq bo‘lsa, jamoatchilik bunga shubha bilan qaraydi, degandi u.