O‘zbekiston Markaziy banki “Poytaxt bank” sotilayotgani sabab uning faoliyatiga ustav kapitali yetarli emasligi yuzasidan cheklovlar kiritmadi. Bu haqda 26-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Toshkent hokimligiga qarashli bank sotuvga qo‘yilgan va hozirda “ayrim strategik investorlar” bilan muzokaralar olib borilmoqda.

“Biz uni ertaga sotib yuboradigan bo‘lsak, shahar hokimligi u yerga 100 mlrd dan kamroq mablag‘ kiritishidan nima ma’no? Shu pozitsiyadan kelib chiqib, biz bu bankka nisbatan mazkur talabni (1-sentabrdan boshlab banklarning ustav kapitali kamida 200 mlrd so‘m bo‘lishi kerak — tahr.) kiritmadik”, — deya tushuntirdi Nurmuratov.

Markaziy bank rahbari 1-oktabr holatiga ko‘ra “Poytaxt bank”, Hayot Bank, Yangi Bank va AVO Bank (sobiq “O‘zagroeksportbank”) ustav kapitali minimal talablarga javob bermasligini tasdiqladi.

“Bu uch bankda („Poytaxt bank“, Hayot Bank, Yangi Bank) ma’lum muammolar bor edi. Ular oktabr oyining birinchi o‘n kunligida aksiyadorlardan [ustav kapitaliga] qo‘shimcha investitsiyalar kelishi haqida majburiyat olganini yozma shaklda tasdiqladi, shuning uchun ular normal faoliyat olib borishni boshladi”, — dedi u.

Regulyator avvalroq ustav kapitalini talab qilingan darajaga — 200 mlrd so‘mga yetkazmagani uchun AVO Bank`ga kreditlash va boshqa xarajatlarni moliyalashtirish hamda depozit operatsiyalarini amalga oshirishni taqiqlab qo‘ygandi. Chunki bank ustav kapitalini kerakli darajaga yetkazishga “kafolat bermagan”. “Shuning uchun ushbu bankning barcha aktiv va passiv operatsiyalari haligacha yopiq”, — dedi Mamarizo Nurmuratov.

“Poytaxt bank” 2018-yil oxiridan o‘z faoliyatini boshlagan. Uning asosiy vazifalari aholi va yuridik shaxslarning uy-joyga bo‘lgan ehtiyojini qondirishda ipoteka krediti va bank xizmatlarini ko‘rsatish, shuningdek, arzon ko‘p qavatli uylar qurayotgan pudratchilarga kreditlar berishdan iborat.

Bank 2021-yilning may oyida sotuvga qo‘yilgan. Rossiyaning “Ekspobank”i “Poytaxt bank”ni xususiylashtirishni rejalashtirilayotgani xabar qilingandi.