Toshkent viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Ulug‘bek Abdug‘aniyev tibbiyot xodimlariga hasharga chiqish bo‘yicha topshiriq berdi, deya xabar qilmoqda Kun.uz.

Ijtimoiy tarmoqlarda uning hasharga jalb etish bo‘yicha 2 ta audioxabari tarqalgan.

“Assalomu alaykum, hurmatli rahbarlar. Mana, bugungi hashar yakunlanyapti. Rasmlardan iborat hisobotlarga qaraydigan bo‘lsak, barcha tibbiyot muassasalarida aksariyat hasharda ishtirok etgan xodimlar o‘rta, kichik tibbiyot xodimlari va boshqa xo‘jalik bo‘limlaridagi xodimlarimizdan iboratligini ko‘rib turibmiz”, — deydi u.

Abdug‘aniyev qo‘l ostidagi rahbarlarning har biriga erkak shifokorlarni olib chiqib, hasharda ishlarni tashkil qilishni topshirgan.

“Bu erkak shifokorlarga na bir tartib bor, na bir talab bor. Bilgan ishini qilib yuribdi. Shuning uchun ataylab ovozli xabar [yuboryapman]. O‘zini erkakman degan har bir shifokorga, kerak bo‘lsa, yetib borsin. Va ertalab erkak shifokorlar qatnashishi shart. Qo‘lingizda ro‘yxati bo‘lsin. Kadrni biriktirib qo‘ying. Keldimi, nima ish qildi, qo‘lida nima asbobi bilan — ketmon, grabel, qaychi, arra va hokazo. To‘liq nazoratga olinglar”, — deyiladi audioxabarda.

Ikkinchi xabarnomada esa tuman, shahar va viloyat tibbiyot muassasalari rahbarlariga murojaat yo‘llangan. Ulug‘bek Abdug‘aniyev viloyat rahbarlari hududlarda aylanib, ishchi guruhlari reydlar o‘tkazayotgani, shuning uchun uyaltirib qo‘ymaslik kerakligini ta’kidlagan.

“Xabaringiz bor, bugun Toshkent viloyatida katta hashar e’lon qilingan. Bugun-ertaga har bitta tibbiyot birlashmasi, muassasasi o‘z hududida xodimlari bilan hashar tashkil qilib, barglar bo‘ladimi, musor bo‘ladimi, ortiqcha narsalardan tozalab, territoriyangizni obodonlashtirish ishlarini tashkil qilishni so‘rayman… Bugun obeddan keyin boshlab, ish vaqtidan keyin va ertaga ertalab — umumhashar”, — deydi SSB boshlig‘i.

Kun.uz Ulug‘bek Abdug‘aniyev bilan bog‘lanib, holat yuzasidan izoh oldi. Abdug‘aniyevga ko‘ra, sog‘liqni saqlash xodimlarini hasharga jalb qilish majburiy mehnat emas.

“Har bir hududda kuz-qishga tayyorgarlik, shanbalik, axlatdan tozalash, ko‘chat ekish va boshqa ishlarni amalga oshirsin, deb topshiriq berganman. Uni qanday talqin qilishayotganidan esa xabarim yo‘q. Yo‘q, bu majburiy mehnatga kirmaydi. Muhtaram prezidentimizning o‘zlari aytdilar. Maktab, shifoxona hududida tozalash ishlarini olib borish qanday qilib majburiy mehnatga kiradi? Hech kim ularga ko‘chaga chiqib ishla deyayotgani yo‘q-ku”, — deydi Abdug‘aniyev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu ishlar ham xodimlarning jamoa shartnomasida ko‘rsatilgan.

“Bunday ishlar hamshira va o‘qituvchilarning kasbiy vazifasiga kirmaydi, ammo xodimlarning jamoa shartnomasida ularning jamoaviy, ommaviy tadbirlarda qatnashishi kerakligi Kasaba uyushmalari va boshqalar tomonidan ko‘rsatiladi. Xodimlar ko‘cha tozalashga jalb qilinayotgani yo‘q-ku. Har bir tashkilot hududida bo‘limlar obodonlashtiradigan, qarab turadigan hududlari bor, o‘sha joylarga mas’ul qilib belgilab qo‘yilgan”, — deya ta’kidladi SSB boshlig‘i.

Ulug‘bek Abdug‘aniyev 2023-yil may oyidan beri viloyat SSBni boshqarib kelmoqda.

“Gazeta.uz” bir kun avval “O‘zbekiston 24” lavhasida o‘qituvchilar maktabni tozalamagani uchun tanqid qilingani, ammo pedagoglarni mehnatga majburlash qonunga zid ekani haqida yozgandi.