2023-yilning yanvar oyida Buxoro viloyati markazida sayyohlik markazi qurilishi uchun 32,6 gektar yer maydoni ajratilishi ko‘zda tutilgandi. “Gazeta.uz”da bu aks etgan O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov tomonidan imzolagan 26-dekabrdagi hukumat majlisi bayonnomasi nusxasi mavjud.

Hujjatda 29 ta davlat obyekti, jumladan, Buxoro viloyati va Buxoro shahar hokimliklari, viloyat prokuraturasi, Majburiy ijro byurosi, 2-maktab, Buxoro davlat tibbiyot kolleji, madaniyat kolleji, “Buxoro Arena” stadioni, FHDYO va boshqa binolarni boshqa joyga ko‘chirish ko‘zda tutilgandi.

Yer loyihani “jalb qilingan mablag‘lar” hisobidan amalga oshirishni rejalashtirayotgan Enter Engineering kompaniyasiga ajratiladi.

Markaz qurilishiga qarshi bo‘lgan viloyat aholisi prezident Shavkat Mirziyoyevga videomurojaat yo‘llagandi. Noroziliklar ortidan qurilishni boshlashga “boshqa maqbul yer maydonlari tanlanishi” aytildi, turistik markaz loyihasi to‘xtatildi.

Kun.uz nashrining yozishicha, bu masala yana kun tartibiga qaytgan. Bir necha kun ilgari Buxoro shahar hokimligi Cho‘lpon ko‘chasidagi baydarka va kanoeda eshkak eshish sport majmuasiga ko‘chirilgan.

Keltirilishicha, tahririyat muxbiri hokimlik binosida bo‘lib, bino bo‘shatilgani, faqat yig‘ilishlar uchun majlislar zali ishlab turganiga guvoh bo‘lgan. Ammo bu haqda hokimlikning rasmiy sahifalarida ma’lumot berilmagan.

“Hokimlik vakilining aytishicha, bino kapital ta’mirlanayotgani sababli hokimiyat vaqtincha boshqa joyga ko‘chgan. U markaz buzilayotgani uchun hokimiyat ko‘chirilganini rad etdi. Mahalliy jurnalistlardan biri esa ko‘chish sababi „snos“ bilan bog‘liqligini aytmoqda”, — deya yozmoqda Kun.uz.

Mahalliy jurnalist tahririyatga buzish boshlanmagani, tayyorgarlik ko‘rilayotganini ma’lum qilgan. “Bu aniq edi. Turizm shaharchasi baribir shu yerdan quriladi. Ammo hozircha jimjitlik. Buzish boshlanmagan, tayyorgarlik ko‘rilyapti”, — deydi buxorolik jurnalist.

Hududdagi Buxoro ixtisoslashtirilgan san’at maktabi ham tez kunda ko‘chirilishi mumkin. Bu haqda maktab xodimlari ma’lum qildi. Lekin maktab aynan qachon va qayerga ko‘chirilishi hozircha aniq emas.

Kun.uz yozishicha, Buxoro markazini buzish uchun dastlab 80 mlrd so‘m mablag‘ ajratilishi kerak bo‘lgan. Lekin bu masala birinchi marta ko‘tarilganda mulk egalari kompensatsiya miqdorini arzimas deb baholab, “snos”ga qarshi bo‘lgan.

buхоро, snos, turistik markaz

Buxoro markaziy stadioni / Foto: “Buxoro” FK.

“Bu safar shovqin chiqarmaslik uchun boshqacha yo‘l qilinyapti: hammani bir joyga yig‘ib, binolarni bo‘shatishga majburlashmayapti, balki har bir mulkdorga kattaroq kompensatsiya taklif qilinyapti. Deylik, A binoni mulkdor 10 mlrd so‘mga sota oladi, shu 10 mlrd so‘mdan ko‘proq pul taklif qilinyapti. O‘tgan yil narxni past baholashgani uchun hamma norozi bo‘lgan va shovqin chiqib ketgan. Noroziliklarning sababini tushunib yetishdi va endi bu safar hammani bir joyga yig‘ib, majlis qilishdek xatoni takrorlashmayapti”, — deyiladi xabarda.

Manbaning ta’kidlashicha, yangi rejada stadionni saqlab qolish ko‘zda tutilgan, shu bilan noroziliklarni pasaytirishga harakat ketyapti.

“Bu masala birinchi marta ko‘tarilganda stadion buzilishiga qarshi chiqqanlarning ovozi balandroq eshitildi, e’tirozlar kutubxona, maktab, davlat idoralarini buzish atrofida bo‘lmagan. Davlat rahbarining oldiga ham odamlar stadion buzilishidan noroziligi haqidagi argumentni olib kirishgan. Shu sababli bu safar shovqin chiqmasligi uchun stadionni o‘rnida qoldirishyapti, mulk egalarining ham og‘zi yopilyapti. Lekin haqli savol tug‘iladi: o‘zi qiynalib yotgan davlat budjeti buncha katta summadagi „snos“ uchun qayerdan pul topib beradi? Men buzish yana soliq to‘lovchilarning zimmasiga, davlat budjetiga tushishini eslatmoqchiman”, — deydi manba.

Shu bilan birga, bu yerdagi ikkita bankdan biri o‘ziga yangi binoni tayyorlab bo‘lgani, investor banklar bilan kompensatsiya masalasini kelishgani aytilmoqda. Turistik shaharchaga oid yangi rejalar hozircha ochiqlanmadi.

Ma’lumot uchun, turistik markaz qurilishi uchun tanlangan dastlabki yer maydoni Buxoroning tarixiy markazining bufer hududida joylashgan, shu bois YUNESKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi ushbu loyihani qo‘llab-quvvatlamagandi. Madaniy meros agentligining hukumatga eslatishicha, ushbu sohadagi har qanday loyiha agentlik va YUNESKO bilan kelishilishi kerak.

Qolaversa, Alerte Heritage madaniy meros observatoriyasi Buxoro shahri va Buxoro viloyati hokimliklari binolari taqdiri yuzasidan xavotir bildirdi. Observatoriya vakillarining ta’kidlashicha, ushbu binolar “yaltiroq-alyukobond qoplamali yoki o‘ziga o‘zi soxta tarixiy parodiya bo‘lib qolish xavfi ostida” qolgan.

obyektlar kimning hisobiga buzilishi aytilgandi?

buхоро, snos, turistik markaz

Internet foydalanuvchilarining eslatishicha, ikki hokimlik binosi orasiga, jumladan, Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining 50 ming dollar miqdoridagi granti hisobidan YeTTB xodimi, asli o‘zbekistonlik Kamola Mahmudovaning shaxsiy tashabbusi bilan daraxtlar ekilgan.

O‘zbekistonning 2023-yilgi Davlat budjetida qabul qilingan dasturlar, prezident va hukumat topshiriqlari asosida jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararni (shu jumladan, ko‘chmas mulkni buzish uchun) qoplash uchun 516,6 mlrd so‘m (2022-yilda — 500 mlrd so‘m) belgilangan.

Moliyachi Otabek Bakirov Buxoro viloyatining 2023-yilgi budjetida buzilgan obyektlarning o‘rnini qoplash uchun mablag‘ kiritilmaganiga e’tibor qaratdi, shu bois bu mablag‘larni davlat budjeti hisobidan to‘lash mumkinligini tahmin qildi.

Enter Engineering haqida

Kompaniya 2012-yilda tashkil etilgan bo‘lib, turli darajadagi murakkablikdagi neft-gaz, sanoat va fuqarolik obyektlarini loyihalash, yetkazib berish, qurish va foydalanishga topshirish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatadi.

Enter Engineering kompaniyasi Samarqand mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarish kimyo majmuasi, Humo Arena muz majmuasi, UzGTL sintetik yoqilg‘i zavodi, to‘liq texnologik ishlab chiqarishga ega 3-sonli misni qayta ishlash zavodi majmuasi, Samarqand xalqaro aeroportining yangi terminali kabi loyihalarni qurgan yoki amalga oshirishda ishtirok etgan.

Enter Engineering kompaniyasining asosiy aksiyadori Baxtiyor Fazilov hisoblanadi. Shuningdek, u Samarkand Touristic Centre, ya’ni Samarqanddagi turistik markazning 60 foiz ulushiga (qolgan 40 foizi NBU Samarkand Invest`ga tegishli) va boshqa bir qator korxonalarga egalik qiladi.