Akademik F.N. Rusanov nomidagi Toshkent botanika bog‘i 2400 dan ortiq turdagi o‘simliklarning noyob kolleksiyasiga ega O‘zbekistondagi yagona ilmiy obyekt hisoblanadi. Markaziy Osiyo mintaqasida eng qadimgi hisoblanuvchi ushbu tabiiy hududga 1943-yilda asos solingan. 10 yildan ortiq vaqt davomida u alohida muhofaza etiladigan tabiiy hudud maqomiga ega bo‘lgan 88 gektarlik maydonda ilmiy-tadqiqot instituti sifatida faoliyat yuritgan. Biroq, 2005-yilda tirik botanika kolleksiyasi — tabiiy hisoblanmaydi, degan bahona bilan u muhofaza qilinadigan obyektlar ro‘yxatidan chiqarilgan.

So‘nggi yillarda tabiatning ushbu yodgorligi og‘ir kunlarni boshdan kechirmoqda — unga muntazam ravishda “egallab olish” tahdidi xavf solib turadi. 66 gektarlik “yog‘likkina” hudud tijorat maqsadlarida foydalanish uchun ko‘rib chiqilmoqda. 2021-yilning fevralida Toshkent hokimligi bog‘ hududida restoranlar, sport va bolalar maydonchalari, sarguzashtlar maydoni, velosiped ijarasi punktlarini joylashtirish orqali uni “obodonlashtirish"ni taklif qilgan edi.

2023-yil oktabri boshida mazkur muassasa madaniyat va istirohat bog‘iga aylantirish maqsadida shahar hokimligi tasarrufiga o‘tkazilishi haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Bog‘ xodimlari, Fanlar akademiyasi, Ekologiya vazirligi, Ekologik partiya, shuningdek, bir qator boshqa davlat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati vakillari shahar “o‘pkalari” taqdiridan o‘z xavotirlarini bildirdi. Ko‘p o‘tmay Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Toshkent Botanika bog‘i hokimliklar huzurida tashkil etilishi ko‘zda tutilgan “istirohat bog‘larini boshqarish direksiyalari” bo‘ysunuviga o‘tkazilmasligini ma’lum qildi.

Biroq, botanika bog‘lari aslida nima uchun kerak, ular foyda keltira oladimi va ularda qanday ko‘ngilochar tadbirlarga yo‘l qo‘yilishi mumkin? Bu haqda “Gazeta.uz” Toshkent botanika bog‘i sobiq dendrologi Abdusalom Normatov va Samarqandda o‘zining botanika bog‘ini yaratish ustida ishlayotgan Lavenderfarm nomli lavanda fermer xo‘jaligi egasi Server Osmanov bilan suhbatlashdi.

Toshkent botanika bog‘i qanday tashkil etilgan va tashkil etilganidan buyon qanday faoliyat bilan shug‘ullangan?

Abdusalom Normatov: Toshkent Botanika bog‘ida ilk daraxt va butalar 1950-yilda ekila boshlangan. Tabiiy hududning maydoni 88 gektarni tashkil etgan. U yerga juda ko‘p sonli manzarali, mevali, dorivor va o‘rmon o‘simliklari, jumladan, noyob va Qizil kitobga kiritilgan turlar olib kelingan. Butun boshli tabiiy hudud geografik jihatdan beshta hududga bo‘lingan, bog‘dagi o‘simliklar namunalarning aksariyati esa bevosita ularning vatani hisoblangan mamlakatlardan keltirilgan. Kolleksiya akademik Fyodor Nikolayevich Rusanov boshchiligidagi olimlar jamoasi tomonidan shakllantirilgan.

abdusalom normatov, ilm-fan, intervyu, server osmanov, toshkent botanika bog‘i

Botanika bog‘i tashkil etilganidan boshlab o‘zining butun faoliyati davomida asosan introduksiya qilish (o‘simliklarni “mahalliylashtirish” — tahr.) bilan shug‘ullangan — xodimlar dengizorti mamlakatlardan keltirilgan daraxtlarni O‘zbekistonning qurg‘oqchil iqlimi keskin sharoitlariga “o‘rgatishgan”. Tajriba sifatida yangi navlar mahalliy muhitga olib kiriladi, yashab qolish, o‘sish va boshqa ko‘rsatkichlari natijalari o‘rganiladi. Agar o‘simlik yashab ketsa va yangi sharoitda o‘zini yaxshi his qilsa, u xo‘jalik maqsadlarida foydalanish uchun yuboriladi, aks holda floraning ushbu vakili faqat bog‘ kolleksiyasidan joy oladi.

Olimlar, shuningdek, tizimlashtirish (o‘simliklarni umumiy xususiyatlariga ko‘ra, masalan, kelib chiqish joylariga ko‘ra ajratish va tasniflash), o‘simliklarni o‘stirish va yetishtirish ustida faol ish olib borgan. Boy botanika kolleksiyasi sharofati bilan daraxt va butalarning ko‘plab navlarini shahar hududi iqlimiga moslashtirish va joriy etish imkoni tug‘ildi. Toshkentning ilk ko‘kalamzorlashtirilgan ko‘rinishi — Botanika bog‘i botanik olimlarining xizmatlaridir. O‘simliklarni nafaqat poytaxtda, balki butun respublika bo‘ylab tarqatish va mahalliy dendrofloraning xilma-xilligini ta’minlashga erishildi.

Dunyoda botanika bog‘larining maqsad va vazifalari nimalardan iborat?

Abdusalom Normatov: Bugungi kunda dunyoda turli-tuman botanika bog‘lari faoliyat yuritadi. Ularda asosiy diqqat-e'tibor ilmiy tadqiqot va madaniy-ma'rifiy ishlarga qaratiladi. Aksariyatining faoliyati bizning Botanika bog‘imiznikiga o‘xshash, biroq alohida maqsadlarga mo‘ljallangan tabiiy obyektlar mavjud. Masalan, Angliyadagi Alnwick Poison botanika bog‘ida zaharli va giyohvandlik xususiyatiga ega o‘simliklar o‘stiriladi. Bu dunyodagi eng xavfli bog‘ hisoblanadi hamda u yerga gidsiz va himoya kostyumisiz kirish qat’iyan taqiqlangan.

abdusalom normatov, ilm-fan, intervyu, server osmanov, toshkent botanika bog‘i

Foto: Great Big Story / Youtube.

Botanika bog‘lari o‘z turiga ko‘ra o‘simliklarni o‘rganish, kolleksiya qilish, introduksiya qilish, ko‘paytirish, seleksiya qilish, ommalashtirish, hujjatlashtirish, muhofaza qilish, shuningdek, ekologiya bo‘yicha ta’lim va aholini mahalliy flora bilan tanishtirish bilan shug‘ullanishi mumkin. Klassik muassasalar barcha maqsad va vazifalarni qamrab oladi hamda ularga davlat tomonidan homiylik qilinadi. Dekorativ, tarixiy, tematik va boshqa turdagi bog‘lar muayyan funksiyalarni bajaradi, masalan, dorivor o‘simliklarga ixtisoslashadi yoki faqat o‘z mintaqasi florasini ko‘paytiradi. Ular mahalliy hokimiyat tasarrufidagi yoki xususiy obyektlar bo‘lishi mumkin.

Klassik turdagi bog‘larga misol — Kyu Qirollik Botanika bog‘lari. Bu nafaqat botanika bog‘lari, oranjereyalar va issiqxonalar majmuasi, balki muhim ilmiy-tadqiqot markazi hamdir. 120 gektardan ortiq maydonni egallagan Kyu bog‘larida dunyodagi eng yirik botanika kolleksiyasini me’moriy tuzilmalar va diqqatga sazovor joylar o‘rab turadi.

abdusalom normatov, ilm-fan, intervyu, server osmanov, toshkent botanika bog‘i

Kyu Qirollik botanika bog‘lari. Foto: kewgardens / Instagram.

Bog‘ning ilmiy xodimlari jamoasi 250 nafardan ortiq, uning kolleksiyasi esa 30 ming navdan iborat. Bog‘ning florasi har yili yangilanadi va yangi turlar bilan to‘ldiriladi. Bog‘ olimlari necha yillardan buyon bizning cho‘llarimizda uchratish mumkin bo‘lgan saksovulni yetishtirishga urinib keladi.

abdusalom normatov, ilm-fan, intervyu, server osmanov, toshkent botanika bog‘i

Rio-de-Janeyro botanika bog‘i. Foto: Instituto de Pesquisas Jardim Botânico do Rio de Janeir / Flickr.

Go‘zallik va soflik borasida Rio-de-Janeyrodagi botanika bog‘i alohida o‘rin tutadi. 140 gektarlik yashil maydonda mustahkam me’moriy shakllar tabiatning yovvoyiligi, rang-barang gullar mozaikasi, shuningdek, oddiy shakldagi daraxt va butalar bilan kontrast hosil qiladi. Bog‘ kolleksiyasidan yetti mingga yaqin o‘simlik o‘rin olgan bo‘lib, faqat palma daraxtining o‘zidan 900 dan ortiq tur mavjud. Ichkarida nafaqat flora vakillarini, balki ekzotik hayvonlarni ham uchratish mumkin. Rio-de-Janeyro botanika bog‘i YUNESKO tomonidan biosfera qo‘riqxonasi sifatida tan olingan.

abdusalom normatov, ilm-fan, intervyu, server osmanov, toshkent botanika bog‘i

Singapur Milliy orxideya bog‘idagi turnalar favvorasi. Foto: Singapore Botanic Gardens / Instagram.

Singapur botanika bog‘i — ilmiy obyekt zamonaviy voqelikda qanday ko‘rinishga ega bo‘lishi mumkinligiga misol bo‘la oladi. Ushbu noyob tabiiy majmua hududida orxideyalarning dunyodagi eng katta kolleksiyasi joylashgan Milliy orxideya bog‘i tashkil etilgan. Uch gektargina bo‘lgan maydonda 60 mingdan ortiq tur o‘sadi. Futuristik uslubda bezatilgan ushbu ekzotik oazis 150 yildan ortiq vaqt davomida faoliyat yuritib keladi va o‘zining botanik xilma-xilligi bilan tashrif buyuruvchilarning vaqtini chog‘ qiladi.

Botanika bog‘lari qanday mablag‘lar evaziga faoliyat yuritadi va ularning faoliyatini tijoratlashtirish imkoni bormi?

Server Osmanov: Dunyodagi deyarli barcha botanika bog‘lari, xususiy muassasalar bundan mustasno, davlat budjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi. Moliyalashtirish 50 foiz dan 100 foizgacha bo‘lgan miqdorda ajratilishi mumkin. Masalan, Missuri botanika bog‘ining yillik budjeti 500 mingdan 10 million dollargacha bo‘lgan summani tashkil etadi. Qolgan summa kirish chiptalaridan tushgan tushum, homiylik va grant mablag‘lari hisobidan qoplanadi. Bundan tashqari, botanika bog‘lari o‘simliklarni sotish, guruh ekskursiyalari o‘tkazish, fotosessiyalar va mavzulashtirilgan tadbirlarni tashkil etish orqali daromad qilishlari mumkin.

abdusalom normatov, ilm-fan, intervyu, server osmanov, toshkent botanika bog‘i

Missuri botanika bog‘i. Foto: Missouri Botanical Garden / Instagram.

Biroq, shuni tushunish kerakki, botanika bog‘i — bu ishlab chiqarish tashkiloti emas va, buning ustiga, tijoriy maqsadlarni ko‘zlamaydi. Unda biologik xilma-xillikni saqlash, yangi bilimlarni yaratish, yosh avlodni ekologik va estetik tarbiyalash kabi jamiyat uchun strategik hisoblanuvchi masalalar hal etiladi. Botanika bog‘lari faoliyat yuritish uchun daromad qilishga majbur emas.

abdusalom normatov, ilm-fan, intervyu, server osmanov, toshkent botanika bog‘i

Missuri botanika bog‘i. Foto: Missouri Botanical Garden / Instagram.

2004-yilda Toshkent botanika bog‘i alohida muhofaza etiladigan tabiiy hudud maqomidan mahrum etildi. Ushbu maqom nimani anglatadi va u ilmiy obyektni qay darajada himoya qiladi?

Abdusalom Normatov: Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar — bu yerlar va suv kengliklarining ustuvor ekologik, ilmiy, madaniy, estetik, sanitariya-sog‘lomlashtirish ahamiyatiga molik qismlaridir. Uning vazifalariga nafaqat hududni maqsad-muddaosiga zid bo‘lgan faoliyatdan himoya qilish, balki tabiatni muhofaza qilishga qaratilgan dasturlar uchun qo‘shimcha mablag‘larni jalb qilish ham kiradi. Alohida maqom tabiiy obyektlarga bioxilma-xillikni saqlash, ekologik muvozanatni ta’minlash va shikastlangan tabiiy majmualarni tiklash maqsadlarida beriladi. Aksariyat hollarda ular davlat mulki hisoblanib, davlat tomonidan saqlanadi va muhofaza qilinadi. Ularni haqli ravishda mamlakat boyligi deb atash mumkin.

“Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar to‘g‘risida"gi qonunga muvofiq, ularga quyidagi tabiiy obyektlar kiradi:

  • qo‘riqxonalar;
  • milliy tabiat bog‘lari;
  • buyurtma qo‘riqxonalari;
  • tabiat yodgorliklari;
  • suvni muhofaza qilish va rekreatsiya hududlari;
  • nodir va qimmatli foydali qazilmalar konlari;
  • dendrologik bog‘lar va botanika bog‘lari;
  • hayvonot bog‘lari va baliqchilik hududlari;
  • kurort tabiiy hududlari va boshqalar.

Men xorijda bo‘lgan deyarli barcha botanika bog‘lari alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar maqomiga ega, chunki ularning hududida noyob yoki yo‘qolib ketish xavfi ostidagi turlar o‘stiriladi. Biroq, maqomi bo‘lmagan taqdirda ham ilmiy obyektlar tahdid ostida qolmaydi — u xoh davlat mulki bo‘lsin, xoh xususiy — hurmat qilinadi va unga tegilmaydi. Odamlar ularning ahamiyatini tushunadi va nafaqat o‘z mamlakatlarida, balki butun dunyoda atrof-muhitni rivojlantirish uchun to‘liq mas’uliyatni anglaydi. Shu tariqa, botanika bog‘lari o‘zini “himoyalangan” his qiladi.

Bizda esa, Toshkent botanika bog‘i haqida gap ketganda, “alohida muhofaza etiladigan” so‘zi shunchaki qog‘ozdan iborat. Bog‘ning maqomini tiklash va Botanika bog‘larining xalqaro tashkilotlariga a’zo bo‘lish ham vaziyatni o‘zgartirmaydi.

Boshqa mamlakatlardagi botanika bog‘lariga tashrif buyurish tartibi va qoidalari qanday?

Abdusalom Normatov: 1950-yillarning o‘rtalaridan boshlab Toshkent Botanika bog‘i faqat ilmiy xususiyatga ega bo‘lib, butunlay yopiq muassasa aylangan. Mashinalarning bog‘ hududiga kirishi taqiqlangan, hech kim uchun istisno qilinmagan. Tashrif buyuruvchilar tabiiy hududga faqat gid hamrohligida kirishlariga ruxsat etilgan.

1990-yillarda Botanika bog‘i moliyaviy jihatdan o‘z-o‘zini ta’minlashga o‘tdi, bu esa uni saqlash va xodimlarning ish haqini to‘lash bilan bog‘liq qiyinchiliklarni keltirib chiqardi. Ilmiy muassasa tashrif buyuruvchilar uchun o‘z darvozalarini ochishga majbur bo‘ldi. Kirish joyida tashrif buyurish qoidalari yozilgan belgi osib qo‘yildi, biroq ko‘pchilik bugungi kunga qadar ularga e’tibor bermaydi.

abdusalom normatov, ilm-fan, intervyu, server osmanov, toshkent botanika bog‘i

Batumi botanika bog‘i.

Tashrif buyuruvchilar ko‘pincha chiqindi uyumlarini qoldirib ketadi, bog‘ xodimlari esa ularni tozalashiga to‘g‘ri keladi. Nazorat mavjud emasligi tufayli odamlar gullar yoki mevalarni uzib, terib oladi va ko‘rgazmali o‘simliklardan gerbariylar yasaydilar, o‘zlari bilan olib ketish uchun novdalarni kesib yoki sindirib oladi, daraxtlarning tanasiga o‘z ismlari bosh harflarini o‘yib, zarar yetkazadi, yo‘laklarni oyoqosti qiladi va yerdagi belgilarni yirtib yuboradi. Bunday xulq-atvor botanika kolleksiyalari uchun sezilarli xavf tug‘diradi, chunki odamlar ko‘pincha bitta o‘simlikni o‘stirish uchun qancha vaqt talab etilishini tushunmaydi.

Gidlardan biri tepalikdagi pista daraxtlari tilaklarni amalga oshiradi, degan gap tarqatibdi. O‘shandan beri ularning shoxlariga tasma bog‘lash an’anasi paydo bo‘ldi. Aslida tepalikning o‘zi bog‘ landshaftini shakllantirish jarayonida yuzaga kelgan. Qazib olingan tuproqni nima qilishni bilishmagan va bir joyga yig‘ib, uyib qo‘yishgan. Tepalik tashqi ko‘rinishidan landshaftga juda mos tushdi, unga tog‘ yonbag‘irlari va etaklarida o‘sadigan pista daraxtlari ekildi. Ular tilaklarni amalga oshirmaydi, baxt va muhabbat olib kelmaydi. Biroq, an’ananing o‘zi o‘simliklarda moddalar almashinuviga putur yetkazmoqda.

Men Rossiya, Ozarbayjon va Turkiyadagi bir nechta botanika bog‘larida bo‘lganman. Tashrif buyuruvchilar ular uchun belgilangan qoidalarga qat’iy rioya qiladi, chiqindi tashlamaydi yoki o‘simliklarga shikast yetkazmaydi. Ekskursiyalar cheklangan miqdordagi odamlar ishtirokida tashkil etiladi. Qoidabuzarlar jarimaga tortiladi yoki hududni tark etishlari so‘raladi. Botanika bog‘larida velosiped yoki samokatlarda harakatlanishmaydi. Maydoni katta bo‘lishiga qaramay, barcha tashrif buyuruvchilar bog‘ bo‘ylab piyoda yurishadi. Kafelar va do‘konlar ham kam uchraydi, mavjud bo‘lgan taqdirda ham, ular qimmatbaho o‘simliklar o‘stiriladigan hududdan tashqarida joylashgan.

abdusalom normatov, ilm-fan, intervyu, server osmanov, toshkent botanika bog‘i

Server Osmanov: Botanika bog‘lari kolleksiyasini saqlashning eng muhim jihatlaridan biri — tashrif buyurish qoidalaridir. Ular bilan muassasa hududi yoki internet sahifasida tanishish mumkin. Ular barcha mamlakatlarda taxminan bir xil:

  • Tashrif buyuruvchilar tomonidan o‘simlik resurslariga zarar yetkazish, kesish yoki yo‘q qilish qat’iyan man etiladi va qat’iy nazorat qilinadi;
  • O‘simlik dunyosi tinchini buzadigan har qanday faoliyat taqiqlanadi, ya’ni tadbirlar, bayramlar, turistik uchrashuvlar va, ayniqsa, kirish imtihonlari o‘tkazilishiga yo‘l qo‘yilmaydi;
  • Bog‘ hududida uy hayvonlari bilan va spirtli ichimliklar/giyohvand moddalar ta’sirida sayr qilish qat’iyan man etiladi;
  • Shuningdek, botanika bog‘idagi suv havzalarida cho‘milish, chiqindi tashlash, ochiq olovdan foydalanish, transport vositalarini haydash va yuvish taqiqlanadi.

Qoidalarga rioya qilmaslik o‘simliklarning kasallanishi yoki hatto nobud bo‘lishiga olib kelishi mumkin.

Keyingi yillarda Toshkent Botanika bog‘i bayram va boshqa ko‘ngilochar tadbirlar o‘tkaziladigan maskanga aylandi. Ommaviy sayrlar ilmiy obyektning flora va faunasiga qanday ta’sir qilmoqda?

Abdusalom Normatov: Botanika bog‘i tartib-qoidalari va me’yorlariga mos kelmaydigan barcha tadbirlar taqiqlanishi lozim. Ular bog‘ning infratuzilmasiga katta zarar yetkazadi. Masalan, bog‘ning markazida sahna qurilishidan oldin, u yerda drenaj ko‘li bo‘lgan. O‘simliklarni sug‘orish vaqtida yer osti suvlari ko‘tariladi, ular yig‘ilib, ana shu chuqurni to‘ldiradi va shu bilan tuproqdagi suv muvozanati saqlanadi.

abdusalom normatov, ilm-fan, intervyu, server osmanov, toshkent botanika bog‘i

Shahar hokimiyati bog‘da ko‘p sonli odamlar ishtirokidagi bayram tadbirlarini tobora ko‘proq o‘tkazmoqda. Buning uchun u yerga qandaydir bezaklar, texnikalar, mebellar olib kelinadi yoki butun boshli konstruksiyalar joylashtiriladi. Tashish paytida o‘simliklarga shikast yetkazilishi mumkin, bu dekoratsiyalar esa ularning tabiiy yashash joylariga putur yetkazadi.

Tashrif buyuruvchilar ko‘p sonli bo‘lgani uchun ularning har birini nazorat qilish imkonsiz. Natijada, ular maysalarni oyoqosti qiladi, shoxlarni sindiradi va o‘ylab o‘tirmasdan gullarni uzib oladi. Odamlarning katta oqimi va baland tovushlar qushlarni cho‘chitib yuboradi. Mintaqamiz uchun odatiy bo‘lmagan qushlar hududni tark etib, in qurish va qishlash uchun boshqa joy qidirmoqda. Ularning yo‘qligi bog‘ ekotizimiga salbiy ta’sir qiladi, chunki ular hasharotlarga qarshi kurashish va o‘simlik urug‘larini tarqatishda muhim rol o‘ynaydi.

abdusalom normatov, ilm-fan, intervyu, server osmanov, toshkent botanika bog‘i

Bog‘da yirik oqimdagi odamlar tashrifiga mo‘ljallangan tegishli infratuzilma paydo bo‘lgandagina, ommaviy tashrif haqida o‘ylash mumkin bo‘ladi. Tashrif buyuruvchilar xodimlar tomonidan ko‘p yillar davomida ehtiyotkorlik va mashaqqat bilan yetishtirilgan o‘simliklarga zarar yetkazishlariga yo‘l qo‘yib bermaslik kerak.

Botanika bog‘larida o‘simliklarga zarar yetkazmagan holda qanday tadbirlar o‘tkazish mumkin?

Server Osmanov: Shubhasiz, botanika bog‘iga odamlar — ular xoh tashrif buyuruvchi, xoh talaba, xoh amaliyotchilar bo‘lsin — kerak. Bog‘larda, ilmiy obyekt qonunlariga zid bo‘lmagan taqdirda, tijoriy faoliyat ham istisno qilinmaydi. Xorijda hududdan qanday qilib infratuzilmaga zarar yetkazmagan holda foydalanish mumkinligiga oid yaqqol misollar mavjud. Tver davlat universitetining botanika bog‘ida yoga mashg‘ulotlari, bolalar uchun mahorat darslari, kitobxonlik klublari, she’riyat kechalari, choy marosimlari, bahorda gullar ko‘rgazmalari va kuzda xazonrezgi-bali o‘tkaziladi.

abdusalom normatov, ilm-fan, intervyu, server osmanov, toshkent botanika bog‘i

Nyu-York botanika bog‘ida Xelloun bayrami arafasidagi mahorat darsi. Foto: New York Botanical Garden / Instagram.

Qimmatbaho biologik obyektlar va landshaft kompozitsiyalarining shikastlanishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan tijoriy va ko‘ngilochar infratuzilmani rivojlantirish faoliyatini cheklash muhim ahamiyatga ega. Barcha tadbirlar qat’iyan botanika bog‘ining asosiy maqsad-vazifalariga — ilmiy, o‘quv, ma’rifiy faoliyatga muvofiq amalga oshirilishi lozim. Xordiq chiqarish, qoida tariqasida, muassasa faoliyatidan kelib chiqqan holda tashkil etilishi va faqat xodimlarning ruxsati bilan amalga oshirilishi zarur.

abdusalom normatov, ilm-fan, intervyu, server osmanov, toshkent botanika bog‘i

Pxuket botanika bog‘idagi kaktuslar, Tailand.

2021-yilda Toshkent Botanika bog‘i Xalqaro botanika bog‘lari assotsiatsiyasining a’zosiga aylandi. Ushbu tashkilot nima bilan shug‘ullanadi va ilmiy obyektni rivojlantirishda qanday yordam berishi mumkin?

Server Osmanov: Bu botanika bog‘lari, dendrariylar va shunga o‘xshash muassasalar o‘rtasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiluvchi butunjahon tashkiloti bo‘lib, ularning maqsadi — tirik o‘simliklarni saqlash. Assotsiatsiya o‘simliklar dunyosi va ularning yashash muhitlarini o‘rganish, saqlash va introduksiya qilishda faol ishtirok etadi. Tashkilotga 3000 dan ortiq botanika bog‘lari a’zo bo‘lib, tajriba almashadi hamda o‘z mintaqasida o‘simliklarni introduksiya qilish va tarqatish bo‘yicha texnologiyalarni ishlab chiqadi.

abdusalom normatov, ilm-fan, intervyu, server osmanov, toshkent botanika bog‘i

Batumi botanika bog‘i.

Tashkilotga a’zo bo‘lish uchun botanika kolleksiyasini hujjatlashtirish, xalqaro urug‘lik almashinuvlarida doimiy ravishda ishtirok etish va o‘simliklarni saqlash bo‘yicha global strategiyani qo‘llab-quvvatlash talab etiladi. Buning evaziga siz barcha ma’lumotlar bazalariga kirish huquqiga, boshqa muassasalar bilan ma’lumot va o‘simliklarni almashish imkoniyatiga ega bo‘lasiz, axborot-muvofiqlashtirish bo‘yicha ko‘mak olasiz. Assotsiatsiya har yili olimlarga global tadqiqotlar o‘tkazish uchun grantlar ajratadi.

Toshkent botanika bog‘ining Assotsiatsiya kengashiga a’zoligi uning ilmiy salohiyatini rivojlantirish va oshirishga turtki beradi.

Toshkent botanika bog‘ining bugungi holatini qanday baholaysiz?

Abdusalom Normatov: Men botanika bog‘iga so‘nggi marta shu yil may oyining oxirida bordim va boshqa u yerga qaytishni xohlamayman. Uning holatini 10 ballik shkalada uchga baholagan bo‘lardim. Tabiiy obyekt asta-sekinlik bilan eskirmoqda.

Rusanov davrida bog‘ gullab-yashnagan va dunyodagi eng yaxshi botanika bog‘lari o‘ntaligidan joy olgan. Rahbariyat xorijdagi boshqa ilmiy tashkilotlar va botanika bog‘lari bilan hamkorlik qilgan, natijada olimlar o‘zaro tajriba va urug‘ almashgan. Xodimlar ilmiy ishlar yozgan va amaliyotchilar bilan ma’rifiy ishlar olib borgan. Toshkent botanika bog‘i har yili xorijlik hamkorlarga 10 mingdan ortiq urug‘lik yetkazib bergan.

abdusalom normatov, ilm-fan, intervyu, server osmanov, toshkent botanika bog‘i

1990-yillarda tabiat obyekti tanazzulga yuz tuta boshladi, mustaqillik yillarida u ko‘p jihatdan o‘zining ilmiy ahamiyatini yo‘qotdi. Bu 1995-yilda birinchi prezident farmoni bilan hududning katta qismi hayvonot bog‘i uchun bog‘dan ajratib olinib, 66 gektar qolganidan boshlandi. Bu jarayonda ko‘p sonli daraxtlar kesildi, yaqin atrofdagi o‘simliklar shikastlandi. Hududdagi binolar tobora ta’mirtalab bo‘lib bordi. Xodimlar birgalikda ter to‘kib, bog‘dagi oranjereyalar, issiqxonalar, laboratoriyalar va boshqa ilmiy obyektlarni butladi. Masalan, isitishdagi uzilishlar tufayli ko‘plab turlar sovuqdan nobud bo‘ldi.

Hozirgi vaqtda o‘simliklar miqdori dastlabki kolleksiyaga nisbatan sezilarli darajada qisqargan. Ilgari kolleksiyaning asosiy qismini yog‘ochli turlar tashkil etgan bo‘lsa, endilikda katta qismi — o‘tsimon o‘simliklar. Xodimlar kolleksiyani nazorat qilishga jismonan ulgurmaganliklari sabab o‘simliklar geografiyasi aralashib ketgan va tajovuzkor turlar qimmatli turlarni siqib chiqara boshlagan. Zich tojlar soyasida past bo‘yli daraxtlar va butalar o‘sishdan to‘xtab qolgan. Ko‘plab turlarni uzum shoxlari va yovvoyi uzum o‘rab olgan. Parvarish yetishmasligidan noyob o‘simliklar kolleksiyasi o‘stiriladigan maydon yo‘qotilgan.

abdusalom normatov, ilm-fan, intervyu, server osmanov, toshkent botanika bog‘i

Rahbariyat uzoq vaqtdan beri namunalar hisobi va inventarizatsiyasini o‘tkazmagan, oxirgi inventarizatsiyada esa bog‘dagi kolleksiya to‘g‘risidagi ma’lumotlar noto‘g‘ri edi, chunki ayrim o‘simliklar ikki marta hisoblangan yoki ularning turlari noto‘g‘ri ko‘rsatilgan.

Toshkent botanika bog‘ini obodonlashtirish qanday bo‘lishi mumkin va umuman bunga zarurat bormi?

Server Osmanov: Zarur parvarish va mablag‘ yo‘qligiga qaramay, Toshkent botanika bog‘ini tashlandiq deb bo‘lmaydi. Bu o‘simlik dunyosi o‘zining tabiiy shaklida o‘sadigan yovvoyi muhit. Biroq, amaldorlarimizning bog‘dagi daraxt va butalarni shahardagi ko‘plab o‘simliklar singari kesish va ularga “chiroyli” shakl berish uchun “qo‘llari qichishadi”. Bunday kesishdan keyin o‘simlik odatda o‘sish va rivojlanishdan to‘xtaydi. Yaxshiyamki, noyob va qimmatbaho namunalar hali ham bog‘da saqlanib qolgan, biroq endi bu yerda ilm-fan yo‘q.

Mamlakat uchun noyob hisoblanuvchi kolleksiyaga ega yagona ilmiy muassasani shahar hokimligiga topshirish katta xato. Bu sodir bo‘lgan taqdirda, davlat o‘z kelajagidan mahrum bo‘ladi. Bog‘ni har qanday yo‘qotish evaziga pul ishlash va bu yerdan foyda siqib chiqarish istagidagi emas, balki yoniq qalbli odam boshqarishi kerak. Amaldorlarimizni bolaligida botanika bog‘iga olib borib, bir daraxtning insonga va butun boshli ekotizimga keltiradigan foydasini tushuntirishganida edi, bugun odamlar uni hokimiyatdan qaytarib olishlariga to‘g‘ri kelmagan bo‘lardi.

abdusalom normatov, ilm-fan, intervyu, server osmanov, toshkent botanika bog‘i

Abdusalom Normatov: Botanika bog‘i, birinchi navbatda, ilmiy ahamiyatga ega. Bu noyob va yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan o‘simlik turlari genofondining laboratoriyasi va ombori. U aholining dam olishi va o‘yin-kulgi qilishi uchun mo‘ljallanmagan. Shaharda aholining qiziqish va talablariga javob beradigan istirohat bog‘lari va o‘yin markazlari talaygina.

Aholini jalb qilish imkoniyatlari haqida gap ketgan taqdirda, bog‘ga yetarli miqdordagi odamlar tashrif buyuradi. Ayniqsa, bahor, yoz va kuz fasllarida uni “yovvoyi” tabiat bilan aloqa qilish imkoniyati uchun sevadigan va qadrlaydigan tashrif buyuruvchilar juda ko‘p bo‘ladi. Har kuni bog‘ hududi bo‘ylab ekskursiyalar o‘tkaziladi. Bog‘da sayr qilish va botanika kolleksiyasini tomosha qilishni hech kim taqiqlamaydi. Biroq, men tashrif buyuruvchilardan chiqindi tashlamaslikni va o‘simliklarga zarar yetkazmaslikni iltimos qilgan bo‘lardim!

Toshkent Botanika bog‘ini obodonlashtirishga sira hojat yo‘q. Uni qayta tiklash kerak. Uning avvalgi muhtashamligini qaytarish uchun unda o‘sayotgan daraxt va butalarga g‘amxo‘rlik qilish, kolleksiyani yangi turlar bilan to‘ldirish, ilmiy izlanishlar uchun mutaxassislarni jalb qilish, eng asosiysi, ishlash strategiyasi va rahbariyatning tabiiy obyektga bo‘lgan munosabatini qayta ko‘rib chiqish zarur. Botanika bog‘iga uning biologik xilma-xilligini himoya qila oladigan va asrab-avaylaydigan mehribon qo‘llar har qachongidan ham ko‘proq zarur!