Yandex Go xizmati vakillari O‘zbekistonda soliq rezidenti bo‘lish bo‘yicha ishlar qanday ketayotgani haqida gapirib berdi. “Gazeta.uz” muxbiri 24−27-oktabr kunlari Toshkentda Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari haftaligi doirasida bo‘lib o‘tayotgan ICTExpo ko‘rgazmasidagi Yandex stendiga bordi.

“Biz respublika qonunchiligi asosida ish olib boramiz. Allaqachon O‘zbekistonda yuridik shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tdik. 1-dekabrgacha Yandex Go axborot xizmatini mamlakatda mahalliylashtirishimizni tasdiqlaymiz. Bu xizmatning amaldagi soliqlarni to‘lovchi mahalliy kompaniya tomonidan ko‘rsatilishini anglatadi. Hozirda jarayonlarni takomillashtiryapmiz”, — dedi Yandex Go kompaniyasining MDH bo‘yicha rahbari Kirill Svinsov.

Kirill Svinsov. Foto: Yevgeniy Sorochin / “Gazeta.uz”Kirill Svinsov. Foto: Yevgeniy Sorochin / “Gazeta.uz”

Bundan tashqari, Kirill Svinsovning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya Soliq qo‘mitasi bilan yo‘lovchi tashishni fiskallashtirish masalasida ham muloqot olib bormoqda.

“Biz mamlakatda ushbu sohada qo‘mita bilan hamkorlikni boshlagan birinchi platformamiz. Bu bozor uchun yangi jarayon va bu vazifani belgilangan vaqtda birgalikda amalga oshiramiz, deb hisoblaymiz”, — dedi u.

Eslatib o‘tamiz, sentabr oyida O‘zbekiston Soliq qo‘mitasi Niderlandiyada ro‘yxatdan o‘tgan, Yandex Go xizmatlarini taqdim etuvchi Ridetech International kompaniyasidan O‘zbekiston soliq rezidenti bo‘lishini talab qilgandi. Bundan tashqari, kompaniya soliq organlarining axborot tizimi bilan integratsiyani ta’minlashi va mijozlarga avtomatik tarzda shakllantiriladigan fiskal kvitansiyani taqdim etishi kerak edi. Talablar bajarilmasa, platforma bloklanishi haqida ogohlantirilgan.

Soliq qo‘mitasining ushbu bayonoti e’lon qilingan kuniyoq Yandex Go kompaniya O‘zbekistonning soliq rezidenti bo‘lishini va 1-dekabrdan keyin faoliyatini davom ettirishini e’lon qilgan.

Ko‘rgazma chog‘ida Yandex O‘zbekistonda 2023-yilda xizmatlarni rivojlantirish natijalari bilan ham o‘rtoqlashdi. Kompaniya mamlakatni Yandex Go va Yandex Eats ilovalarida taksi buyurtma qilish, yetkazib berish va oziq-ovqat xizmatlari uchun asosiy bozorlardan biri deb hisoblaydi.

Xizmat O‘zbekistonda kompaniyaning asosiy yo‘nalishlaridan biriga aylangan xavfsizlik texnologiyalariga 350 ming dollardan ortiq sarmoya kiritdi. Bu vaqt ichida amalga oshirilgan tashabbuslar qatorida buyurtmalarni bajarishda tezlik va avtomobilni boshqarish uslubini nazorat qilishning avtomatik tizimi mavjud bo‘lib, bu baxtsiz hodisalarning oldini olishga yordam beradi.

Shuningdek, Yandex Go O‘zbekistonda birinchi bo‘lib haydovchilar va ularning yo‘lovchilariga buyurtma paytida har bir kishi uchun 100 million so‘mdan ortiq sug‘urta qoplamasini taqdim etadi. Bu haydovchi va yo‘lovchi xavfsizligini ta’minlaydi.

Xizmat maktab o‘quvchilari uchun STEM ta’limni qulay qilish va O‘zbekistonda IT industriyasini ommalashtirishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida ta’lim sohasini rivojlantirishga 100 ming dollar sarmoya sarfladi. Toshkent shahridagi IT-Park negizida 8−10-sinf o‘quvchilari uchun bepul Dasturlash maktabining ishga tushirilishi ta’limga oid loyihalardan biri bo‘ldi. Bir yil davomida maktabning har bir o‘quvchisi Python dasturlash tilida 500 ga yaqin topshiriqlarni bajara olish ko‘nikmasiga ega bo‘ldi.

yandex go

2023-yilda O‘zbekistondagi Yandex Go kompaniyasi qizlar o‘rtasidagi texnologiya tanlovining hududiy bosqichi — Technovation Girls`ga homiylik qildi. Ushbu musobaqaning Kremniy vodiysida (AQSh) o‘tkazilgan xalqaro final bosqichi yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston terma jamoasi ilk bor sovrinni qo‘lga kiritdi.

2023-yil mart oyidan boshlab O‘zbekistonda restoranlardan tayyor taomlarga buyurtma berish va oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha Yandex Eats xizmati ish boshladi. Bugungi kunda u Toshkent va Samarqandda mavjud, unga 800 dan ortiq mahalliy va tarmoq hamkorlari bor.

Yandex Go oziq-ovqat yetkazib berish bozoriga yangi agregatorlar kirib kelishi natijasida oziq-ovqat texnologiyalari sanoati 2,5 barobar o‘sganini ta’kidladi.