O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 25-oktabr kuni Qarshida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda qishloq xo‘jaligida yondashuvlarni o‘zgartirish vaqti kelganini ko‘rsatib o‘tdi, deya xabar qildi uning matbuot kotibi Sherzod Asadov.

Prezident bu yilgi mavsumdan to‘g‘ri saboqlar chiqarish kerakligini ta’kidladi. Davlat rahbari, shuningdek, hozirda kelgusi yildan boshlab fermerlarga klasterlarni ixtiyoriy tanlash hamda hosilning shartnomadan ortiqcha qismini erkin sotish imkoniyatini berish masalasi muhokama qilinayotganini bildirdi.

Ayni paytda fermerlar bir klasterga biriktirilgani sababli paxta yoki boshqa ekinlarning xarid narxini belgilashda chorasiz ahvolda. O‘tgan yili eng kam xarid narxi 10 ming so‘m etib belgilangan bo‘lsa, joriy yilda Qishloq xo‘jaligi vazirligi endi narx bozor, ya’ni xaridorlar (klasterlar) va sotuvchilar (fermerlar) tomonidan tartibga solinishi haqida ma’lum qilgan edi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan joriy mavsum uchun tavsiya etilgan minimal narx 8000 so‘mni tashkil etadi. Klasterlar esa asosan birinchi paxta terimini 6500 so‘mdan sotib oldi (ikkinchi va keyingi terimlar uchun narx yanada past). Buni qisman fermerlarning o‘z dalalaridagi paxta terib olish istagi yo‘qligi bilan izohlash mumkin, shu boisdan prezident maslahatchisi Shuhrat G‘aniyev klasterlarga fermerlarga qarab o‘tirmasdan paxtasini terib olishga ruxsat berdi.

Qayd etish joizki, O‘zbekiston Tojikiston bilan birga qishloq xo‘jaligi yerlarini xususiylashtirish imkoniyati hali ham mavjud bo‘lmagan dunyodagi kam sonli davlatlardan biri bo‘lib qolmoqda.

To‘qimachilik, yerlar degradatsiyasi va yaylovlar

Qashqadaryo respublikada eng ko‘p don va paxta yetkazib beradi. Lekin viloyatda ish o‘rnini ko‘p yaratadigan mato to‘qish 30 foizdan oshmaydi, matoni bo‘yash yo‘lga qo‘yilmagan. Vaholanki, buni hisobidan qo‘shimcha 60 ming yoshlar va ayollarni band qilib, 500 mlrd so‘m tushumni ta’minlash mumkin, deya ma’lum qildi davlat rahbari.

Shu bois kelgusi yil davomida viloyatda 370 mln dollarlik 33 ta yirik loyiha ishga tushiriladi. Bu orqali tayyor trikotaj mahsulot ishlab chiqarish 1,6 barobar, mato ishlab chiqarish 3,1 barobar oshib, 8 mingta ish o‘rni yaratiladi.

Viloyatda To‘qimachilik texnoparkini tashkil qilish va u yerga Yevropaning taniqli brendlarini olib kelish topshirildi.

Kelgusi yilda Qashqadaryoda ekin maydonlarining agrokimyoviy tuproq tahlilini o‘tkazadigan 10 ta mobil laboratoriya tashkil qilinadigan bo‘ldi.

Viloyatda 1,4 mln gektar yaylov bor. Bu — 7 mln bosh qoramol va quy-echki uchun tabiiy ozuqa bazasi.

Lekin, Mirishkor, Muborak va Nishonda 20 foiz yaylov degradatsiyaga uchragan, yana 25 foizida yashil qoplama yo‘q. Shu bois, kelgusi yilda 100 ming gektar yaylovni yashil ekinlar bilan qoplash dasturini amalga oshirish vazifasi qo‘yildi.

Bunda qurg‘oqchilik, issiq va cho‘llanishga qarshi urug‘chilik xo‘jaliklari tashkil qilinadi, meva-sabzavot va dorivor o‘simliklar ekiladi, ko‘p yillik daraxtzorlar barpo qilinadi, suv tejovchi texnologiyalar joriy etiladi hamda quyosh energiyasida ishlaydigan nasoslar o‘rnatilib, yomg‘irlatib sug‘orish pilot loyihasi ishga tushiriladi.

Bundan tashqari, Chorva mollari genetik tadqiqoti laboratoriyasi tashkil qilinib, Ispaniyaning “Assaf” qo‘ylaridan yangi milliy zotlar ko‘paytiriladi. Mutasaddilarga 1,4 mln gektar yaylovning elektron xaritasini yaratish va 100 ming aholini band qilish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

2022-yil iyul oyida Samarqand viloyati fermerlari hokimliklarning o‘z faoliyatiga kamroq aralashuvini istashlarini, yerga bo‘lgan huquqlarga uzoq muddatli kafolatlar berishni so‘rab, sug‘urta tizimi va bank tizimidan noroziliklarini bildirishgan edi.