Markaziy Osiyo mamlakatlari va AQSh o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlash Qo‘shma Shtatlar tomonidan mintaqa xalqlari uchun “yangi umid va imkoniyatlar dunyosi” sifatida qaralmoqda. Bu haqda seshanba kuni Samarqandda bo‘lib o‘tgan “C5+1” formatidagi mintaqaviy hamkorlik bo‘yicha birinchi vazirlar yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida AQSh Xalqaro hamkorlik agentligi (USAID) administratori Samanta Pauer ma’lum qildi.

“Gazeta.uz” muxbirining xabar berishicha, USAID rahbari Markaziy Osiyo davlatlari va AQSh o‘rtasidagi hamkorlik tarixi 1991-yil dekabrida — Vashington mintaqa davlatlarining mustaqilligini birinchilardan bo‘lib tan olgan paytda boshlanganini eslatdi.

“Prezident Jorj Bush ushbu yangi davlatlarning mustaqilligini rasman tan olib, shunday degan: “Bugun biz yangi umid va imkoniyatlar dunyosiga duch kelyapmiz… Endi biz bu yangi davlatlarni tinchlikni saqlash va yanada farovon kelajak qurishga jalb qilish muammosi oldida turibmiz”, — deb esladi Samanta Pauer.

“32 yil davomida biz tinchlik va farovon kelajakka erishish uchun birga ishladik. Tadbirkorlik va demokratiyani bo‘g‘ib qo‘ygan Sovet ittifoqidan Markaziy Osiyo xalqlari paydo bo‘lar ekan, zamonaviy davlatlarning faoliyat yuritishi uchun zarur bo‘lgan mustaqil institutlarning rivojlanishini qo‘llab-quvvatladik. Mamlakatlar o‘z iqtisodlarini ochar ekan, biz Markaziy Osiyo tadbirkorlari o‘z bizneslarini rivojlantirish uchun zarur bo‘lgan kapitalni olishlarini ta’minlash uchun investorlarni jalb qilishga yordam berdik. Markaziy osiyoliklar esa o‘z turmush darajasini yaxshilashga intilishar ekan, biz ular bilan sog‘liqni saqlash, ta’lim va turmush sharoitini yaxshilash ustida ishladik”, — dedi USAID rahbari.

usaid, ақш, марказий осиё, с5+1, саманта паuэр

Uning ta’kidlashicha, prezident Jo Bayden sentabrda Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan “C5+1” sammitida mintaqa davlatlari va Qo‘shma Shtatlar o‘rtasidagi munosabatlarning mustahkamlanishini “tarixiy lahza” deb atagan.

“Biz bu lahzani — prezident Bushning so‘zlarini o‘z ichiga olgan holda, Markaziy Osiyo xalqlari uchun yana bir „yangi umid va imkoniyatlar dunyosi“ deb bilamiz. Va men prezident Baydenning iltimosiga ko‘ra, bu sur’atni davom ettirish va ushbu muhim mintaqa mamlakatlari va xalqlari bilan sherikligimizni chuqurlashtirish uchun keldim”, — dedi u.

Samanta Pauer, shuningdek, mintaqa davlatlarining o‘zlari o‘rtasida hamkorlik mustahkamlanib borayotgani va ular hokimiyati tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlarni alohida ta’kidladi.

“Biz butun mintaqa bo‘ylab hamkorlikning rivojlanishini, islohot dasturlarini katta ishtiyoq bilan kuzatmoqdamiz, garchi ularning aksariyati hali dastlabki bosqichda bo‘lsa-da, ko‘plab joylarda ildiz otmoqda, shuningdek, fuqarolik jamiyati tashkilotlari tomonidan erishilgan muhim yutuqlar, masalan, mehnatni muhofaza qilishni kuchaytirish va gender zo‘ravonligiga qarshi kurashni keltirish mumkin”, — dedi Samanta Pauer.

U Markaziy Osiyo xalqlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashda mintaqa mamlakatlari yoshlarining o‘rni muhim ekanini ta’kidladi.

“Bilamanki, mintaqa aholisining yarmidan ko‘pi 30 yoshdan kichik. Bir-biriga va dunyoga har qachongidan ham ko‘proq bog‘langan yangi avlod o‘z iste’dodi, kuch-g‘ayrati va g‘oyalarini o‘z mamlakatlari kelajagi uchun sarmoya qilishga tayyor. Kecha men Toshkentdagi maktablardan birining taxminan 16−17 yoshli o‘n birinchi sinf o‘quvchilari bilan suhbatlashish imkoniga ega bo‘ldim, ular kelajakda nimaga erishmoqchiligi, o‘z maktablarida qanday iz qoldirmoqchi ekanliklari haqida gapirdi”, — dedi Samanta Pauer.

Avvalroq “Gazeta.uz” Samanta Pauer ham savdodagi to‘siqlarni bartaraf etish, “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish va dezinformatsiyaga qarshi kurashish uchun Markaziy Osiyo mamlakatlariga 14,3 million dollar ajratilishini ma’lum qilgani haqida xabar bergandi.

Bir kun avval Toshkentda u O‘zbekistonga sog‘liqni saqlash, iqtisodiy o‘sish, mahalliy boshqaruv va inklyuziv ta’limni qo‘llab-quvvatlash uchun salkam 19 million dollar ajratilishini e’lon qilgandi. USAID rahbari prezident Shavkat Mirziyoyev bilan ham uchrashgan.

19-sentabr kuni BMTning Nyu-Yorkdagi shtab-kvartirasida Markaziy Osiyo davlatlari va AQSh rahbarlarining “S5+1” formatidagi birinchi sammiti bo‘lib o‘tgan. Muzokaralarda terrorizmga qarshi kurashni kuchaytirish, mintaqaviy iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash va energiya xavfsizligini ta’minlash masalalari muhokama qilingan. Sammitda “barcha davlatlarning suvereniteti va hududiy yaxlitligini hurmat qilish zarurati” hamda “boshqaruv va qonun ustuvorligini takomillashtirish bo‘yicha olib borilayotgan islohotlar” muhokama qilingan.