Oybek Nematovich Hamrayev Samarqand viloyati hokimining o‘rinbosari — viloyat investitsiyalar, sanoat va tashqi savdo boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi, deya xabar bermoqda viloyat hokimligi matbuot xizmati.

Oybek Hamrayev 1984-yilda Buxoro tumanida tug‘ilgan. 2006-yilda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti (bakalavr) va 2012-yilda Yaponiya Siyosiy tadqiqotlar instituti (magistratura)ni tamomlagan.

Mehnat faoliyatini 2006−2008-yillarda Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi Hududiy tashqi iqtisodiy faoliyatni rivojlantirish boshqarmasi Respublika hududlariga chet el investitsiyalarini jalb qilish bo‘limi yetakchi mutaxassisi sifatida boshlagan.

U, shuningdek, Belgiyadagi elchixonada savdo-iqtisodiy masalalar bo‘yicha maslahatchi, Investitsiyalar bo‘yicha Davlat qo‘mitasi hamda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida qator lavozimlarda ishlagan.

Ushbu tayinlovga qadar Oybek Hamrayev 2023-yilning fevralidan investitsiyalar, sanoat va savdo vazirining o‘rinbosari bo‘lib ishlayotgandi.

Eslatib o‘tamiz, oktabr oyi boshida investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari lavozimida ishlagan Olimxon Rustamov Qashqadaryo viloyati hokimining o‘rinbosari bo‘lgandi.

Fevral oyidan iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari, 2018-yil sentabridan esa sobiq Moliya vazirligi rahbari o‘rinbosari va G‘aznachilik boshqarmasi boshlig‘i lavozimlarida ishlagan Dilshod Sultonov Toshkent viloyati Yangiyo‘l shahri hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan.

Shuningdek, iqtisodiyot va moliya vazirining yana bir o‘rinbosari Erkin Rustamov ham Toshkent viloyati Zangiota tumani hokimi vazifasini bajaruvchi bo‘lgan. 2022-yilning avgust oyida iqtisodiy taraqqiyot vazirining birinchi o‘rinbosari va Markaziy bank raisi o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan Saidqahhor Xolxo‘jayev poytaxtning Chilonzor tumani hokimi lavozimiga tayinlangan.