23-oktabr kuni Lyuksemburgda “Yevropa Ittifoqi — Markaziy Osiyo” formatida vazirlar uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel “Gazeta.uz” muxbirining mintaqa davlatlari bilan hamkorlik, Afg‘oniston bilan aloqalari va Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi bo‘yicha pozitsiyasi haqidagi savollariga javob berdi.

— Joriy yilning iyul oyida Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. To‘liq formatdagi birinchi sammit (Yevropa komissiyasi raisi, Yevrokengash prezidenti va YeIning tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili ishtirokida) kelasi yili O‘zbekistonda o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Bunga qanday tayyorgarlik ko‘rilayotganini aytsangiz.

— Sammit Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida yanada mustahkam aloqalar o‘rnatish hamda hamkorlikni mustahkamlash borasidagi o‘zaro qat’iyatimiz haqida muhim siyosiy signal bo‘ladi. Tayyorgarlik davom etmoqda va shu dushanba kuni Lyuksemburgda Markaziy Osiyo tashqi ishlar vazirlari bilan uchrashuvimiz kelasi yilgi sammitga zamin tayyorlashda muhim qadamdir. Boshqa narsalar qatori, tashqi ishlar vazirlari sammit oldidan birgalikdagi harakatlarimizni belgilab oluvchi “Yevropa Ittifoqi — Markaziy Osiyo” qo‘shma yo‘l xaritasini tasdiqlashi kutilmoqda.

— Dunyo bo‘ylab geosiyosiy notinchlik sharoitida Afg‘onistondagi hozirgi vaziyatdan kelib chiqib, Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun xavf tug‘dirish ehtimoli bormi?

— Markaziy Osiyo davlatlarining barqarorligi va xavfsizligi umumiy manfaatimiz bo‘lib, biz hamkorligimiz orqali mintaqa barqarorligini mustahkamlashga hissa qo‘shishni istaymiz.

“Tolibon” hukmronligi ostidagi Afg‘oniston beqarorlikning potensial manbai bo‘lib qolmoqda. Mamlakat dunyodagi eng og‘ir iqtisodiy va gumanitar inqirozlardan birini boshdan kechirmoqda. Bu barchamizni jiddiy tashvishga solmoqda.

Shu nuqtai nazardan, biz Markaziy Osiyodagi hamkorlarimiz ushbu muammoni hal qilish hamda mintaqaviy barqarorlikni rag‘batlantirishda Yevropa Ittifoqi va boshqa mintaqaviy sheriklar bilan hamkorlikda o‘ynagan konstruktiv roldan minnatdormiz. Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo har yili yuqori darajadagi siyosiy va xavfsizlik bo‘yicha muloqotni o‘tkazadi, unda biz xavfsizlikka potensial tahdidlarni, jumladan, Afg‘onistondagi vaziyat bilan bog‘liq tahdidlarni muhokama qilamiz. Oxirgi shunday uchrashuv 13-iyun kuni Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan.

— Markaziy Osiyo TIV rahbarlari bilan Lyuksemburgdagi uchrashuvingizda Yevropa Ittifoqi va Afg‘onistonning amaldagi rasmiylari o‘rtasida muloqot o‘tkazish imkoniyati muhokama qilinadimi?

— Lyuksemburgdagi vazirlar uchrashuvida Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyodagi hamkorlarimiz keng ko‘lamli masalalarni, jumladan, mintaqaviy va xavfsizlik masalalari muhokama qilinadi. Afg‘onistondagi vaziyat, albatta, ulardan biri bo‘ladi.

Yevropa Ittifoqining Afg‘oniston bo‘yicha pozitsiyasi aniq: Afg‘onistonda uzoq muddatli barqarorlikka faqat turli siyosiy, etnik va diniy guruhlar o‘rtasida tinch, inklyuziv siyosiy jarayon orqali erishishi mumkin.

Yevropa Ittifoqi “Tolibon” rejimining bilvosita yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri xalqaro tan olinishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan har qanday harakatlardan ehtiyot bo‘lib qoladi, chunki bu boshqa mamlakatlarda hokimiyatni zo‘ravonlik yo‘li bilan egallab olgan ekstremistik harakatlarni tan olish uchun baxtsiz pretsedent bo‘ladi. Bizning ishtirokimiz 2021-yil sentabr va 2023-yil mart oylarida Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar tomonidan kelishilgan yo‘riqnomalar bilan belgilanishi davom etmoqda.

— oktabr oyi boshida Yevroparlament O‘zbekistonni Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishini xalqaro standartlarga muvofiq qoralashga chaqirdi. Markaziy Osiyo TIV rahbarlari bilan uchrashuvda bu masala muhokama qilinadimi va YeIning tashqi aloqalar boshqarmasi ham Markaziy Osiyoning boshqa davlatlaridan kelgan hamkasblaridan Moskva bilan iqtisodiy va siyosiy aloqalarini hisobga olgan holda Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishini ochiqdan-ochiq qoralashni talab qiladimi?

— Biz mintaqaviy va xalqaro muammolarni, jumladan, Rossiyaning Ukrainaga noqonuniy tajovuzini muhokama qilamiz. Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyo davlatlarining Rossiya bilan yaqin iqtisodiy va tarixiy aloqalarini, shuningdek, markaziy osiyolik sheriklarning betaraflik pozitsiyasini tushunadi va hurmat qiladi.

Ayni vaqtda, YeI Markaziy Osiyodagi hamkorlarini xalqaro qonun ustuvorligi hamda BMT Nizomi va YeXHT tamoyillariga hurmatni ta’minlash tarafdori bo‘lishda davom etishga undaydi. Rossiyaning Ukrainada qilayotgan ishlari noqonuniy bo‘lib, xalqaro huquq va BMT Nizomini buzadi.

— YeI nima uchun aynan urush boshlanganidan bir yarim yil o‘tib qoralash pozitsiyasini talab qildi?

— Yevroparlamentning yaqinda tutgan pozitsiyasi shu oyda qabul qilingan O‘zbekiston bo‘yicha ma’ruzasi kontekstida tasdiqlandi. YeIning pozitsiyasi mojaroning boshidanoq izchil va aniq edi: Rossiyaning Ukrainaga qarshi sababsiz va asossiz bosqinchilik urushi xalqaro huquqni, shu jumladan BMT Nizomini qo‘pol ravishda buzadi, Yevropa va global xavfsizlik hamda barqarorlikka putur yetkazadi.

Biz bu urushni boshidanoq maksimal darajada qoralashga chaqirdik. Rossiyaning Ukrainaga qarshi noqonuniy tajovuzkorligi Yevropa, shuningdek, Rossiyaga qo‘shni davlatlar xavfsizligiga ham tahdid soladi. Biz BMT Nizomi va YeXHT tamoyillarini birgalikda himoya qilishimiz kerak.