23−24-oktabr kunlari AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) ma’muri Samanta Pauer O‘zbekistonda bo‘ladi, deya xabar bermoqda agentlik matbuot xizmati.

U Mintaqaviy aloqalar bo‘yicha S5+1 formatidagi (AQSh + Markaziy Osiyo mamlakatlari) birinchi vazirlar konferensiyasini o‘tkazadi hamda “AQSh hukumatining mintaqa davlatlarining mustaqilligi, suvereniteti va farovonligiga sodiqligini tasdiqlaydi”.

2015-yildan buyon “S5+1” muloqoti AQSh hukumatining Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston bilan o‘zaro hamkorlik qilish uchun asosiy diplomatik platformasi bo‘lib kelmoqda, deyiladi xabarda.

“Taraqqiyot masalalari bo‘yicha vazirlar uchrashuvi mintaqaviy o‘zaro aloqalar, savdo, iqtisodiy o‘sish va tadbirkorlik, iqlimiy va energetik yechimlar, shuningdek, yoshlar uchun imkoniyatlarga urg‘u qaratgan holda Markaziy Osiyoda inklyuziv, barqaror iqtisodiy taraqqiyotni rag‘batlantirish bo‘yicha aniq choralar ko‘rish uchun [mintaqadagi] barcha beshta davlat vazirlarini to‘plagan ushbu platformani mustahkamlaydi”, — deyiladi USAID xabarida.

USAID oktabr oyida Markaziy Osiyo aloqalari bo‘yicha S5+1 mintaqaviy vazirlar anjumanini chaqirishi sentabr oyida Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan AQSh va mintaqa prezidentlarining birinchi S5+1 sammitida e’lon qilingandi.

Samanta Pauer 2021-yil sentabr oyida Vashingtonda O‘zbekiston mustaqilligining 30 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda nutq so‘zlab, O‘zbekistonga yana tashrif buyurishni rejalashtirayotgani haqida ma’lum qilgan edi.

Bungacha USAID rahbari 22 yil avval O‘zbekistonga tashrif buyurgan edi. Endryu Natsios 2001-yilning noyabr oyida AQShning Afg‘onistondagi gumanitar operatsiyalarini muhokama qilish uchun Markaziy Osiyoning barcha besh davlatiga safari doirasida Toshkent va Termizda bo‘lgan.

Samanta Pauer 2021-yil may oyida USAID rahbari etib tayinlandi. Tayinlovga qadar u AQShning BMTdagi doimiy vakili (2013−2017), prezident Barak Obamaning maxsus yordamchisi, Milliy xavfsizlik kengashining ko‘p tomonlama ishlar va inson huquqlari bo‘yicha katta direktori (2009−2013) bo‘lgan. U o‘z faoliyatini urush muxbiri sifatida boshlagan, bir nechta kitoblar muallifi va Pulitser mukofoti sovrindori. Time jurnali uni 100 ta eng nufuzli insonlar ro‘yxatiga, Forbes esa uni sayyoradagi 100 ta eng nufuzli ayol qatoriga kiritgan.

2020-yil oktabr oyida O‘zbekistonda mamlakatdagi iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy islohotlar dasturini qo‘llab-quvvatlash maqsadida USAIDning to‘laqonli vakolatxonasi ochildi. Avvallari agentlik ofisi USAIDning Markaziy Osiyodagi missiyasi tarkibida bo‘lgan